Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ko`ngil mulki
Adabiyot abadiy yashaydi
27.05.2011 13:54

Ma`naviy olamni boyitishda badiiy             adabiyotning o'rni beqiyos. Binobarin, u odamzot ruhiyatiga ta`sir etib, tafakkur dunyosini kengaytiradi, go'zal his-tuyg'ular, tizginsiz xayolotga oshno etadi. Ha, chinakam adabiyot tubsiz dengizga o'xshaydi.

Davlatimiz rahbarining "Adabiyotga e`tibor - ma`naviyatga, kelajakka e`tibor" asarida adabiyotning, soha vakillarining jamiyatimizdagi o'rni va ta`siriga yuksak baho berilgan. Xususan, milliy adabiyotimizni rivojlantirish bo'yicha yozuvchi-shoirlar, adabiy jamoatchilik oldida turgan dolzarb vazifalar xususida diqqatga molik fikr-mulohazalar bitilgan.

"Barchamizga ayonki, XXI asr intellektual salohiyat, tafakkur va ma`naviyat asri sifatida insoniyat oldida yangi-yangi ufqlar ochish bilan birga, biz ilgari ko'rmagan, duch kelmagan keskin muammolarni ham keltirib chiqarmoqda.  Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatning ertangi kunini o'ylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bag'rikenglikka da`vat etishga qaratilgan haroratli so'zi har qachongidan ham muhim ahamiyatga ega", - deyiladi davlatimiz rahbarining mazkur asarida.

Darhaqiqat, xalqimiz ma`naviyatini yuksaltirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda badiiy adabiyotning o'rni, ta`siri va ahamiyati beqiyosdir.

"Sharq yulduzi" jurnali bosh muharriri o'rinbosari, taniqli shoir Ikrom OTAMUROD bilan suhbatimiz ayni shu mavzuda bo'ldi.

- Ta`kidlash joizki, mustaqillik yillarida yurtimizda xalqimiz ma`naviyatini yanada yuksaltirish, milliy o'zlikni anglash, yoshlarni har tomonlama komil insonlar etib tarbiyalash jarayonida milliy adabiyotimizni izchil ravnaq toptirishga alohida e`tibor qaratilmoqda, - deydi u. -Xususan, shoir va yozuvchilarimizning zahmatli mehnatini qadrlash va munosib rag'batlantirish bo'yicha keng ko'lamdagi amaliy ishlar qilinmoqda. Davlatimiz rahbarining 2010 yil 26 fevralda qabul qilingan "O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi huzurida "Ijod" fondini tashkil etish to'g'risida"gi Qarori ana shunday e`tibor va g'amxo'rlikning yorqin namunasi bo'ldi. Ayni paytda mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda "Ijod" fondi tomonidan adabiyotimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shgan ustoz ijodkorlarga g'amxo'rlik ko'rsatish, ijodiy ko'rik-tanlovlar tashkil etish, iqtidorli yosh ijodkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning ijodini yangicha, yanada yuksak mezonlar asosida tashkil etishga ko'maklashish borasida qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasi o'laroq, 20 nafar yosh iste`dodli yigit-qizning ilk kitobi ko'pming nusxada nashr etildi. Bundan tashqari, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasiga binoan yana bir guruh iste`dod egalarining "Oltin ko'prik" deb nomlangan to'plami dunyo yuzini ko'rdi.   

Shularga guvoh bo'larkansiz, istiqlol yillarida milliy ma`naviyatimizning o'q ildizi hisoblanmish adabiyotga berilayotgan e`tibordan ko'ngil tog'day ko'tariladi.

- Badiiyatda fuqarolik pozitsiyasi deganda nimani anglaysiz?

 

Bu dunyoda o'zgarmas Vatan

Quyosh yuz ko'rsatar har kun boshqacha,

Kunu tun o'zgarar: qisqa yo uzun.

Hatto sukut bosib yotgan toshgacha

Tuslanar yeylanib, eylanib, to'zib.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan.

Havoning avzoyi turlanar damda,

Lahzada o'zgarib boradi iqlim.

Yog'in ado, yog'in paydo qadamda,

Daryolar goh qayrang, goh suvga lim-lim.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan.

Tog'lar balandlaydi, tog'lar pasayar,

Suyanch-qoyalarin qurbi mo'rt tortib.

Oy nuri to'lg'in, oy nuri susayar,

Ko'k zebi-yulduzlar jilvasi yorti.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan.

Rostlar yolg'onlarga yon bosar gohi,

Gohida yolg'on ham rostday chog'lanar.

Vaqt arqog'in yo'rib, yigirib eh-he,

Quvonchga bog'lanar, g'amga bog'lanar.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan.

Bo'yiga, eniga mahliyo, saxtli,

Ne qal`a, qo'rg'onlar munkayar nurab.

Davronlar, boyliklar chang, g'ubor taxlit

Shamollar izmida uchar chirpirab.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan.

Manzillar, makonlar haddini yo'nib,

Betoqat yugurar qo'nimsiz yo'llar.

Ortda qolaverar armonga do'nib,

Umr kosasidan to'kilgan yillar.

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan.

O'zgarar ixloslar, qarashlar pay-pay,

Uzilar metinday rishtalar... Faqat...

Mo'g'jalari bo'lo'g' sobit daraxtday

Ruhda tomir otgan ulug' Haqiqat -

Vujud ila joni abadiy bir tan,

Bu dunyoda faqat o'zgarmas Vatan.

Ikrom OTAMUROD

 

 

- Ayrim xorijiy davlatlarda adabiyotga bir yoqlama munosabatda bo'lishadi. Ya`ni: "yozuvchi, shoir ijodini qilsin, boshqa narsa bilan ishi bo'lmasin..." qabilida. Bu noto'g'ri, bizga munosib bo'lmagan qarash. Axir, tug'ilib o'sgan yurtiga  nisbatan munosib a`moli bo'lmagan  shoir yo yozuvchi qanday qilib  insoniy muhabbatni kuylasin? Yuragida yurt ishqi yashamagan, xalqi, uning o'tmishi va buguni hamda  boqiy qadriyatlarini qadrlamagan, tilida ham, dilida ham uni zikr etmagan inson qanday ijodkor bo'lishi mumkin? Shu ma`noda, o'zbek adabiyoti vakillarining go'zal asarlar yaratish bilan birga, shu yurt farzandi sifatida jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etayotgani, ijod kishisi sifatida fuqarolik pozitsiyasini namoyon etayotgani quvonarlidir.

She`r, umuman badiiy ijod namunasi ko'ngil aksi, uning yorqin ifodasi. Ba`zida ko'nglingdan o'zga yaqining yo'qdek tuyuladi kishiga. Goho o'zingga o'zingdan-da yaqinroq kishini istab qolasan. Bu ruhiyat tebranishlari, his-tuyg'ular va ehtiroslarning o'ziga xos ko'rinishlari bo'lsa, ajab emas. Lekin ijodkor faqat o'z qobig'ida qolib ketishi, ta`bir joiz bo'lsa, bu xudbinlikdir.

She`riyatning, badiiy adabiyotning vazifasi inson manfaatlariga  xizmat qilishdir. Binobarin, adabiyot ta`lim-tarbiya vositasidir. U kishilar ko'ngliga yorug'lik va eng pokiza tuyg'ular baxsh etishi zarur.

- Keyingi yillarda chop etilgan kitoblaringiz she`riyat muxlislari tomonidan yaxshi kutib olindi. Agar sir bo'lmasa, muxlislaringizga yana qanday tuhfa hozirlagansiz?

- Dunyoni bilish, uni anglash uchun bir inson umri kamlik qiladi. Shoir sifatida o'zimga o'zim she`riyatning men bilmagan sir-asrorlari hali ko'p deyman. Keyingi yillarda asosan hazrat Navoiyga murojaat etayapman. Benazir mutafakkir ijodini anglab, tushunib mutolaa qilishga harakat qilayapman. Bularning mahsuli bo'lib yangi shakl, turli yo'sinda she`rlar tug'ilyapti. O'ylaymanki, ular muxlislarim  uchun yangilik bo'ladi. Shu ma`noda, siz nazarda tutgan "tuhfa" hozircha sir bo'la qolsin...

- Shu yurt farzandi sifatida diyorimizda har kuni, har qadamda ko'zga tashlanayotgan bunyodkorliklar, yangilanishlar jarayonida ko'nglingizdan nimalar kechayapti?

-       Yigirma yil ichidagi har bir o'zgarish bir dostonga arzirli voqeadir. Ularni hisob-kitob qilib adog'iga yetib bo'lmaydi. Mening omadi gapim shu. Ayniqsa, bunyodkorliklardan ko'nglim sururga, g'ururga to'ladi. Birgina poytaxtda ko'z ochib yumguncha kechadigan o'zgarishlar odamni hayratga soladi. Bu yangiliklarning tag-zamirida albatta katta ma`no-mazmun mujassam. Ya`ni bu jamiki yangiliklar, hayotbaxsh islohotlar yurt ravnaqi, baayni inson manfaatlari uchun amalga oshirilayotir. Hozirgi paytda eng olijanob hikmatga aylangan "Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan!" shiori yurtdoshlarimizni jo'shqin hayot uchun, shu zamin uchun yonib yashashga ruhlantirayapti, olamshumul bunyodkorliklarga ilhomlantirayapti. Shunday ekan, biz ijodkorlar ham shu hayotbaxsh kunlar ruhini aks ettiradigan go'zal asarlar yaratib, xalqimizga tortiq qilishimiz kerak.

Ilhom KAROMOV,

"Jamiyat" muxbiri

100 marta o`qilgan