Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ko`ngil mulki
Dildagi zarif yog'dular
03.01.2012 16:57

... O'sha kuni san`atsevar bu yigitga omad kulib boqdi. 1988 yilning mart oyi, chekka bir qishloqda o'tayotgan tantana bois uning orzusi ushaldi. Aniqrog'i, shu kuni u bu yerga qo'shiq ijro etish uchun taklif etilgandi. Yuragida ajib bir  hayajon bilan bo'lajak  hofiz qo'shiq boshladi:

Panjaradan moyil-moyil boqqan yor,

Yor qaro ko'zlaring na tilar mandan.

Shirin jonim ishq o'tina yoqqan yor,

Yor qaro ko'zlaring na  tilar mandan...

Betakror ovoz sohibi, ustoz san`atkor Komiljon Otaniyozovning ushbu mash­hur qo'shig'i notanish xonanda tomonidan nafsilamrini aytganda, chin dildan, yoniq ehtiros bilan ijro etildi. Ichki tug'yon bilan aytilgan qo'shiq ta`siri odamlar, ayniqsa, yigit va qizlarning yuz-ko'zida yolqindek aks etdi. Qarsaklar, tinimsiz olqishlar Zarifboyni hayajonga soldi. Bu e`tirof uni jiddiy izlanishlar sari yetakladi. Shu zaylda tinimsiz ijod etgan xonandaning bugungi kunda 200 dan ortiq  qo'shig'i muxlislar hukmiga havola etilgan. Qaysi sohada bo'lmasin, chinakamiga qilingan mehnat samarasiz qolmaydi. Shu ma`noda, Zarifboy Azizov 2004 yili «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist» faxriy unvoniga sazovor bo'ldi.

Intilish

Bizning izoh: Zarifboy Azizov Samarqand viloyati, Samarqand tumanida tug'ilgan. Yoshligidan o'zbek mumtoz qo'shiqlarini, shuningdek, qo'shiqchilik san`atining zabardast avlod vakillariga mansub iste`dodli hofiz, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Rahmatjon Qurbonov chiqishlarini jonu dili bilan kuzatadi, tinglaydi, o'rganadi. Magnit tasmalar orqali ustozlar sevib kuylagan qo'shiqlarni qayta-qayta tinglab, ularga o'xshatib aytishga harakat qiladi. Oradan yillar o'tadi. Kunlarning birida qo'shni Urgut tumanidagi bir to'yga Rahmatjon Qurbonov kelganini eshitib, darrov yo'lga tushadi. Biroq baxt­ga qarshi u to'yga yetib borganda Rahmatjon aka allaqachon Toshkentga qaytgan edi. Zarifboyning bundan hafsalasi pir bo'lmadi, baribir ustoz san`atkorni izlab topishni ko'ngliga tugib qo'ydi. Keyinchalik bo'lajak ustozining yashash manzilini so'rab-surishtirib, nihoyat uyiga izlab bordi.

  - Yaxshigina, shirali ovozingiz bor ekan,- deydi ustoz Zarifboyning qo'shiqlarini tinglab turib. - Endilikda uni asrab-avaylab, o'z ustingizda tinimsiz ishlashingiz lozim.

Ustoz pand-nasihatlari va maslahatlarini ko'ngliga jo etgan maqolamiz qahramoni ijod olamida o'z yo'lini topish uchun sabot bilan izlandi, rostakamiga mehnat qildi. Shuning samarasi o'laroq, 1993 yili «Lazgi» ansambliga ishga keldi. 1997 yilning bahor oylari. Odatdagidek mashg'ulot vaqtida Rahmatjon aka shogirdiga shunday deydi:

- Bir-ikki oydan so'ng Xorazmda  Yosh ijrochilarning Komiljon Otaniyozov  nomidagi  respublika ko'rik-tanlovi o'tkaziladi. Ushbu tanlovda ishtirok etsangiz, foydadan xoli bo'lmasdi...

Mazkur ko'rik-tanlov shartlari bilan tanishgan Zarifboy Azizov unga tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Tinimsiz izlandi. Shunga  qaramay baribir o'z ijrosidan ko'ngli to'lmas: «Xorazm buyuk ustazoda san`atkorlar yurti bo'lsa, Komiljon Otaniyozov nomidagi tanlovda o'rin olish, e`tirof etilish erishib bo'lmas orzu...» degan xayollar iskanjasidan qutilolmasdi. Ana shunday paytlarda Zarifboyga ustozi bergan tasalli chinakamiga madad bo'ldi. U tanlovga Komiljon Otaniyozov musiqasi bilan  aytiladigan qo'shig'i bilan qatnashdi.

Momaqaldiroq yanglig' jaranglab ijro etilgan qo'shiq nihoyasida qarsaklar zarbi binoni titratib yuborgandek bo'ldi. Bu hol O'lmas Saidjonov, Abduhoshim Ismoilov, Normurod Narzullayev, Ashurali Jo'rayev kabi san`at va adabiyot namoyandalari  ishtirokidagi tanlov hay`atiga g'olibni aniqlab olishga yordam berdi: Zarifboy Azizov birinchi o'ringa loyiq deb topildi.

Ushbu qarordan to'lqinlanib ketgan Xorazm eli oqsoqollaridan biri: «Bilmas ekanmiz, Komiljon og'aning shogirdlari Samarqandda ham bor ekan-da, bu esa tanlovning xolis o'tganiga yana bir misol bo'ldi», degan edi o'shanda.

Hayotiy haqiqat

Asrlar mobaynida ardoqlanib, ne-ne zamon evrilishlaridan  bus-butun kelayotgan mumtoz ohanglar san`atimiz dar­g'alari tomonidan  ardoqlanib kelmoqda. Ayniqsa, mustaqillik yillarida shaxsan davlatimiz rahbarining musiqa san`atiga qaratayotgan yuksak e`tiboridan so'ng amalga oshirilgan yangilanishlar haqida qahramonimiz shunday deydi:

- 1999 hamda 2007 yillarda xorijiy mamlakatlarda gastrolda bo'ldim. Gollandiya va Belgiyada maqom qo'shiqlarining mohir ijrochisi Munojat Yo'lchiyeva hamda betakror sozanda, ustoz Turg'un Alimatovning disklari sotilayotganini o'z ko'zim bilan ko'rib, faxrlanib ketdim.

Buni ko'proq musiqa san`atiga oshufta farzandlarimizga ibrat tariqasida so'ylab berishimiz kerak. Unib-o'sib kelayotgan yangi avlod jamiyat tayanchi. Mamlakat ravnaqi ko'p jihatdan yoshlarning intellektual salohiyati, intilishlari va sa`y-harakatiga bog'liq, albatta. 2008 yilning 7 yanvarida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bolalar musiqa va san`at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo'yicha 2009-2014 yillarga mo'ljallangan davlat dasturini tayyorlash chora-tadbirlari to'g'risida»gi Farmoyishi e`lon qilingan edi. Bundan ko'zlangan maqsad - mamlakatimizda o'sib kelayotgan yosh avlodning ma`naviy olami va saviyasini yuksaltirish, yoshlarimizning milliy va jahon musiqa madaniyatining yuksak namunalaridan keng bahramand bo'lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish edi.

Bugun ozod va obod diyorimiz yoshlarining jahon sport maydonlari, xalqaro fan olimpiadalari, madaniyat, san`at olamida erishayotgan katta yutuqlari bilan haqli ravishda faxr­lanamiz. Bolalarimizni har tomonlama yetuk va barkamol shaxs, zamonaviy insonlar etib tarbiyalash uchun ularning iste`dodini ro'yobga chiqarish, shu jumladan, musiqiy didini - musiqa yaratish, ijro etish va tinglash madaniyatini tarbiyalashimiz, san`at dunyosiga oshno etishimiz zarur ekanini yaxshi anglaymiz. Bu hayotiy haqiqat.    

Oila mustahkamligi - buyuk qadriyat

Bizning izoh: Zarif Azizovning ota-onasi qishloq xo'jaligi ishlarida mehnati singgan zahmatkash insonlar. Besh o'g'il, ikki qizni oq yuvib, oq taragan, yurtga qo'shgan, ilmli qilgan Said aka o'g'lining qiziqishini rag'batlantirib turdi. Ota-ona  farzandlari  ilmli bo'lishi tarafdori edi. Shu ma`noda, Zarif ham avvalo O'zbekiston davlat konservatoriyasida, so'ngra esa Toshkent davlat madaniyat institutida tahsil oldi.

 - Uch farzandim bor - ikki qiz, bir o'g'il. Katta farzandim Muhabbat tibbiyot kollejida tahsil olayapti. Hamshira bo'lmoqchi, - deydi Zarifboy Azizov. - Feruzbek Glier nomidagi respublika ixtisoslashgan musiqa litseyida, kenjatoyimiz Sevara  ham ana shu litseyda o'qimoqda. Kim qaysi kasb egasi bo'lishidan qat`i nazar men farzandlarimga kitobni qo'ldan qo'ymasliklarini bot-bot uqtiraman. Chunki baxt-saodat  kaliti ilmdadir. 

Farzandlar tarbiyasiga jiddiy e`tibor qaratilayotgan joyda ezgulik, ezgu fazilatlar  barqaror bo'ladi. Ayniqsa, hozir dunyoda ma`naviy tanazzul, begonalashuv tuyg'ulari borgan sari ildiz otib, ota-onaning boladan, bolalarning ota-onadan yiroqlashib borayotganligi kishida katta tashvish uyg'otadi.

Konstitutsiyamizning 19 yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbirda Prezidentimiz oila mus­tahkamligi xususida juda kerakli gaplarni aytdilar. Darhaqiqat, oila mustahkam bo'lsa, jamiyat mustahkam, davlatimiz barqaror bo'ladi. Sha`n va g'ururni  dunyodagi hech bir millat biz kabi bu tariqa asrab-avaylamasa kerak. Men oilasi mustahkam insonni qadriyatlarini asrab-avaylayotgan insonlarga meng­zayman. Yangi yilimiz barchamizga muborak bo'lsin!

Ilhom KAROMOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

 

72 marta o`qilgan