![]() |
![]() |
![]() |
Ko`ngil mulki
Hayrat tavajjuhlari
24.11.2011 22:50
Talabalik paytlarimizda saboqdoshlarimizning ko'pchiligi taniqli adabiyotshunos olim va dramaturg Shuhrat Rizayevning chiqishlarini kuzatib borishardi. Olimning o'zbek adabiyoti va san`atiga doir tadqiqotlari — risola, darslik, qo'llanma, majmualari, tafakkur va hayratlari mahsuli bo'lgan maqolalari, esse va bitiklari allaqachon ko'pchilikning ko'ngil mulkiga aylangan. Ayniqsa, bu ijodkorning yozish uslubining ravonligi tahsinga loyiq. Biror maqolasini o'qishga kirishdingizmi, kiprik qoqmay so'nggi nuqtasiga yetib qolganingizni bilmaysiz. Yaqinda olimning «Ma`naviyat manzillari» kitobiga ko'zim tushdi. Uni xarid qildim. Mutolaa qilar ekanman kitobning nomi uning mazmun-mohiyatining ifodasi ekaniga amin bo'ldim. Ijodkor o'zining ma`naviy kamoloti uchun manzil bo'lgan insonlar haqida ko'rgan-bilganlarini bayon qiladi. Kitobdan muallifning «Iskandar», «Ona», «Diskoteka» pyesalari, qalb va tafakkurni yolqinlantirgan adabiyot olamidagi hodisalar, ilmga, izlanishga rag'bat bergan ustozlar haqidagi adabiy-tanqidiy maqolalari, xotiralari, o'zbek teatri va kino dunyosida ro'y berayotgan ijodiy jarayonlar, yangiliklar tahliliga bag'ishlangan kuzatishlari, yetuk rejissyorlar hayoti va faoliyatiga chizgilari o'rin olgan. Har bir inson har bir inson uchun ko'zgu, ibrat va saboqdir! Har bir insonni ko'zgu, ibrat va saboq deb bilish uchun esa uni qadrlay bilmoq, uni asrab-avaylamoq, unga hurmat ehtirom ko'rsata bilmoq, unga ishonmoq kerak. Insonparvarlikning avvali — fikrparvarlikda. Muallif ham o'z qahramonlarining ichki dunyosini, ijod olami, orzu va armonlari xususida yozar ekan, ularni hayajon va hayrat bilan o'qiysiz. To'plamda ijodkorning yana bir olijanob fazilati — kamtarinligi ham sezilib turadi. Buni muallifning kitob muqovasidagi dil so'zlari ham tasdiqlaydi: «Mazkur kitobga ko'nglim epkinlari bo'lgan mashqlarni, adabiyot olamidagi ayrim hodisalar, ilmga, izlanishga rag'bat bergan ustozlar haqidagi adabiy-tanqidiy bitik va xotiralarni, tashakkur va tavajjuhlarimni jamlamoqqa jur`at qildim. Andishamki, xayolimda, ko'nglimda kechganlari kimgadir asqotar. Mabodo asqotmasa-da, bu dunyoda yana bir yo'lovchi, ko'ngil da`vosidagi yana bir muhib yurgan ekan-da, deb qo'yarsiz. Shu-da kifoya!...». Nurali ShODIEV 36 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|