Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ko`ngil mulki
Hayrat ulashayotgan shoir
24.12.2011 14:01

Inson ruhi hayratlar bilan tirik! U hayratlardan oziqlanib, gurkirab o'sadi! Afsuski, bunday inja ne`matni «supermarket» peshtoqlaridan izlab topib bo'lmaydi. Uni maxsus buyurtma qilib xorijdan ham keltirish qiyin. Va bunga aslo hojat ham yo'q. Hayrat... har soniya, har qadamda uchraydi.

Tuproq isi - hayrat! Oqarib kelayotgan tong - hayrat! Qushlar chug'uri, yaproqdagi shabnam - hayrat! Zilol suv, osudalik, go'dak kulgusi, sog'inch ta`mi... bularni sanaganing sari ko'zing, so'zing hayratga to'lib boraveradi.

Iqtidorli shoir Amirqul Karimning «Yangi asr avlodi» nashriyoti tomonidan chop etilgan «Shabnam terayotgan quyosh» nomli she`rlar to'plamini varaqlar ekansiz, xayolingizdan shunday o'ylar kechadi. Negaki, Amirqul Karim o'quvchiga kitob emas, bir hovuch hayrat tutishga shaylanibdi!             

Yo'q, hali muhabbat o'lmagan,

Hali jon jarohat izmida.

Umrga barobar lahza bor,

Aytolsang, go'zal yor ismida...

...Bulutlarga yurt bergan Hisor,

Vatan berar menga ham balkim.

Tashvishlarin ishonib yelkam

Uzra qo'yar g'ururim-xalqim...

Amirqul Karimning ushbu majmuasidan joy olgan shunday she`riy satrlarni o'qib zavqlanasiz. Ko'nglingizning qay bir chekkasida mudrab turgan tuyg'ular ko'zlarini ishqalab uyg'ona boshlaydi. Tirikchilikning mayda-chuyda tashvishlari bir zum xayolingizdan chekinadi. She`riyatning sohir olamiga asta-sekin ko'chib o'ta boshlaysiz.

Mening nazarimda, «Shabnam terayotgan quyosh» o'z vaqtida chiqqan kitob! Muhtaram Perezidentimizning «Adabiyotga e`tibor - ma`naviyatga, kelajakka e`tibor» risolasida so'z san`ati haqida, ma`naviy boylik haqida aytgan fikrlariga, qolaversa, bu sohada ko'rsatilayotgan g'amxo'r­likka, e`zoz-e`tiborga o'ziga xos javobdir. Davlatimiz rahbari mazkur asarda ta`kidlaganidek, «... yozuvchilik - bu oddiy kasb emas, xudo bergan iste`doddir. Bu -  qismat, peshonaga yozilgan taqdir. Bu kasbga hech qayerda o'qitib, o'rgatib bo'lmaydi. Yozuvchilikning maktabi ham, dorilfunini ham bitta. U ham bo'lsa, bir umr hayotning ichida bo'lish, o'z xal­qi bilan hamdardu hamnafas bo'lib yashash, haqiqat va adolatga sadoqat bilan xizmat qilishdir». Shu ma`noda, shoir zamondoshimiz his-tuyg'ularini, mustaqillik ne`matidan hayot, tiriklik mohiyatini anglagan inson sururini satrlarda aks­lantiradi.

Olamning eng shirin ne`mati,

Bag'rida unadi gul-shuur,

U bir soz erurki, jo'rida

Umrlar qo'shig'i aytilur.

Idroku yurakning ko'kidan,

Sen ona zaminga bo'ylagin.

Tinchlik, bu - munavvar hayotning

O'ziga yarashgan ko'ylagi.

Amirqul Karimning lirik qahramoni o'z kechinmalariga o'zi izoh izlanayotgan, bezovta qalb egasi. U, shoir ta`riflagandek, savol bo'lib dunyo kezadi, qarigan ruhini yetaklab ko'chalarga olib chiqadi, oxir-oqibat, kafti bilan g'amni sidirib, o'zi sevgan qo'shiqlarni aytadi. Shu barobarida lirik qahramon oliy insoniy mezonlarga sodiq, Vatan tuyg'usi, halollik hissi uni aslo tark etmaydi.

Haqiqat yagona, qo'ygil, azizim,

Bermasman sen uchun qalqonlar yo'nib.

Bilsang, men uxlayman bolishga emas,

Faqat vijdonimga boshimni qo'yib.

Amirqul Karim o'tgan asrning 80-90 yillarida adabiyot ostonasida bo'y ko'rsatgan ijodkorlardan. Ma`lumki, o'sha paytlar she`riyatimizda bir qadar publitsistik ruh, nazm san`atiga anchayin soya tashlaydigan yalong'och hayqiriqlar bot-bot uchrar edi. Lekin Amirqul Karim bunday oson va jo'n yo'ldan yurmadi. U she`riyatning asl jozibasi ko'ngil manzaralarini so'zda, tashbeh va obrazlar orqali ifodalashda deb bildi. Va shu aqidaga butun ijodi davomida amal qilib kelmoqda. Shoirning «Shabnam terayotgan quyosh» to'plamiga kiritilgan she`rlarini kuzatar ekanmiz, mana shu holni yakqol his etamiz.         

Boshim qo'ysam olis shimolning

Siynasidek oppoq bolishga.

Seni izlar mungli xayolim,

Qani, bu kech kirsayding tushga.

Mazkur mo'`jaz to'plamga kiritilgan tarjima asarlar ham Amirqul Karimning nozikta`b, mezonlari baland ijodkor ekanidan darak berib turibdi. Jumladan,  Vladimir Visotskiy qalamiga mansub go'zal she`rlar fikrimizni tasdiqlaydi. Tarjimon  bu hassos rus shoirining barcha o'ziga xos jihatlarni saqlagan holda uning bitiklarini mahorat bilan o'zbekchaga o'girgan.  

«Shabnam terayotgan quyosh» - taniqli shoir Amirqul Karimning talabchan o'quvchilar oldidagi  o'ziga xos hisoboti, desak ham bo'laveradi. Chunki unga ijodkorning turli davrlarda yozgan asarlaridan namunalar kiritilgan. Ammo har bir so'z, har bir satr ortida shoirning go'zallikka tashna, ezgulikka xayrixoh qalbi aks etib turibdi. Bu qalb­dan silqib chiqqan sohir so'zlar kishilarga hayrat ulashishga shaylangan. Keling, biz ham unga peshvoz chiqaylik.

Luqmon BO'RIXON

 

29 marta o`qilgan