![]() |
![]() |
![]() |
Ko`ngil mulki
Ijod zavqi va mashaqqati
21.10.2011 01:54
«Bu dargohda insonlar turli taqdirlar bilan yuzma-yuz kelib, ularning quvonchu shodliklariga sherik, g\'am tashvishlariga hamroh bo\'ladi. Sahnadagi taqdirlar talqini har bir kishining ruhiyati, ma`naviyatiga ta`sir etib, uni o\'z hayotining kecha va buguni, ertasi haqida mushohada qilishga, xulosa chiqarishga undaydi. Shuning uchun teatrni ma`rifatparvar Mahmudxo\'ja Behbudiy ta`rifi bilan aytganda «Ibratxona» deb atash mumkin». Ushbu fikrlar muallifi, O\'zbekistonda xizmat ko\'rsatgan artist Hoshim Arslonov qariyb o\'ttiz yildan buyon hayot quvonch va tashvishlarini ana shu ibratxonaning mashaqqati va mas`uliyati bilan bog\'lab kelmoqda. Ehtimol, bolalikdagi qiziqishi tufayli u sportchi bo\'lib yetishishi ham mumkin edi. Biroq havas va ishtiyoqning iste`dod va mahorat bilan uyg\'unligi baribir o\'z so\'zini aytdi. Qolaversa, oiladagi san`atga bo\'lgan muhabbat uni aktyorlik sari yetakladi. - Institutni tamomlayotganimizda guruhimizdagi bir necha iqtidorli talabalarni O\'zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov O\'zbek drama teatrida ishlashga taklif etdi, - deydi Hoshim Arslonov. - Bu inson rejissyorligida «Chandiq» nomli spektaklda teatrdagi ilk obrazimni yaratdim. O\'shanda spektaklni taqdim etishga bir hafta qolganda bosh qahramon rolini ijro etadigan do\'stimiz harbiy xizmatga chaqirildi. Shunda Baxtiyor aka bu rolni menga ishonib topshirdi. Bu dargohda Ubaydulla Baqoyev, Po\'lat Fayziyev, Bahodir Yo\'ldoshev kabi ustozlar sabog\'i san`atda o\'z yo\'limni topishimda juda katta rol o\'ynadi.
«...Teatr - ibratxonadur»
Taniqli rejissiyor O\'zbekiston xalq artisti Bahodir Yo\'ldoshevning: «Ko\'pchilik aktyorlar faqat bir xil yo\'nalishda ijod qilishga o\'rganib qoladi, aslida haqiqiy aktyor komediyada ham, dramada ham o\'z mahoratini to\'la namoyish eta olishi kerak», degan ibratli o\'gitini ijodiy faoliyatiga tatbiq etib kelayotgan Hoshim Arslonov shu kunga qadar turli janrlardagi teatr va kino asarlarida 400 dan ortiq rang-barang obrazlar yaratishga erishdi. Ayniqsa, «Maysaraning ishi», «Qora kamar», «Saddi Iskandariy» kabi spektakllar uning ijodiy mahoratini yuzaga chiqarib, san`atsevar xalqimiz ko\'ngliga yanada yaqinlashtirdi. - Tajribamdan kelib chiqqan holda shuni aytishim mumkinki, teatr aktyorni nafaqat ijodiy mahorat, balki vaqt bilan hisoblashish, tartib-intizomli bo\'lish borasida ham tarbiyalaydi, - deydi u. - Masalan, bizning jamoada har bir aktyor spektaklga tayyorgarlik ko\'rish paytiga o\'z vaqtida yetib kelishi qat`iy tartibga aylangan. Bunday tartib spektakl namoyish etilayotgan vaqtda ayniqsa, nihoyatda muhim. Agar aktyor roli ishonarli chiqmasa yoki biror xatoga yo\'l qo\'ysa, o\'sha jarayonni qaytadan ijro etishning teatrda iloji yo\'q. Aktyor o\'z rolini qay darajada ijro etayotganini tomoshabinning yuz ifodasi, kayfiyati, kuzatuviga qarab bilib olishi mumkin. Ba`zan bir spektaklni tayyor holga keltirish uchun kamida ikki-uch oy vaqt sarflanadi. Shuning uchun aktyordan sabr-toqat, muhimi, fidoyilik talab etiladi. Odatda aktyor yaratadigan obraz uning ijro mahorati, qobiliyatidan kelib chiqqan holda rejissyor tomonidan tanlanadi. Lekin bu masalaga aktyorning o\'zi ham ichki imkoniyatlarini hisobga olgan holda yondashgani ma`qul. Pushkinning «Motsart va Salyeri» asari talqinidagi Motsart obrazidan o\'zimning ko\'nglim to\'lmagan. Shukur Xolmirzayevning «Qora kamar» asaridagi Abdulla Nabiyev obrazi esa har tomonlama ijodiy faoliyatimda alohida o\'rin tutadi. Turli sabablar bilan tilidan judo qilingan bu qahramonning dardi, iztiroblarini so\'z bilan emas, faqat xatti-harakat va yuz-ko\'z ifodasi bilan tomoshabinga yetkazib berish oson kechmagandi o\'shanda.
Har kasbning O\'z egasi bor
Bugun yurtimiz teatrlari repertuarlarini janr va mavzu jihatidan rang-barang asarlar bilan boyitish borasida o\'ziga xos ijodiy izlanishlar olib borilmoqda. Biroq negadir har doim ham teatrda zallarni to\'ldirib turadigan tomoshabinni uchratmaymiz. - Ustozlarimizdan qolgan shunday gap bor: «Teatr tomoshabin ortidan emas, tomoshabin teatr ortidan ergashishi kerak». Nazarimda, bugun teatrda buning aks holatiga yo\'l berib qo\'ydik, - deydi suhbatdoshimiz. - Teatr repertuarlari asosan yengil-elpi komediyalardan iborat bo\'lib qolayapti. To\'g\'ri, tomoshabin bunday spektaklni kayfiyati chog\' holda ko\'rishi mumkin. Lekin bu asarni qayta tomosha qilish uchun u yana teatrga kelarmikan?! Chunki haqiqiy san`at asari qayta va qayta ko\'rilganda ham o\'z jozibasini yo\'qotmaydi. Eng muhimi, teatr kishilarga estetik zavq, ma`naviy ozuqa berishi bilan ahamiyatli ekanini unutmasligimiz kerak. Biz ayni paytda professionalizm borasida oqsayapmiz. Shuning uchun bugun teatr rejissyorlari va aktyorlarini tayyorlashga bo\'lgan e`tiborni yanada kuchaytirishimiz kerak. Bu jihat, bugungi kinemotografiyamizga ham tegishli. Bugun kino sohasiga san`atga aloqasi bo\'lmagan insonlarning kirib kelayotgani eng og\'riqli nuqtalarimizdan biri deb hisoblayman. Aktyor sifatida bu holat meni qattiq tashvishga soladi. Rol ijro etish uchun qiziqish va havas, salgina iqtidoru, chiroyli qiyofa yetarli emas, unga aktyorlik bilimi va mahorati zarur. Bu borada chumchuq so\'ysa ham qassob so\'ysin degan naqlga rioya qilsak maqsadga muvofiq bo\'lardi. Chunki har bir kasb-hunarning o\'z egasi bor. Davlatimiz rahbari «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida ta`kidlaganidek: «Ayni paytda teatr san`atimizda ham bugungi hayotimizni zamonamiz qahramonlari qiyofasini har tomonlama chuqur ochib beradigan, tomoshabinni o\'ziga tortadigan, ham dramaturgiya, ham rejissura nuqtai nazaridan badiiy yuksak asarlar, afsuski, kam ekanini tan olishimiz lozim». - Haqiqatdan ham, bugun teatr va kinoda zamonaviy qahramon qiyofasini yaratish ijodkorlar oldidagi eng muhim vazifalardan biri bo\'lib qolmoqda, - deydi Hoshim Arslonov. - O\'z kasb-kori, hunarini sevgan, hayoti, qalb qo\'rini o\'z mahoratini yuksaltirishga, odamlarga yaxshilik qilishga, bir so\'z bilan aytganda, jamiyat taraqqiyotiga sidqidildan hormay-tolmay xizmat qilishga safarbar etayotgan fidoiy, jonkuyar inson zamonamiz qahramoni bo\'lishga munosibdir. Mehnatsevar, olijanob xalqimiz orasida esa bunday insonlar oz emas. Bugun, mamlakatimiz teatrlarida xususan, O\'zbek Davlat drama teatrida zamonamiz qahramoni qiyofasini ochib beradigan sahna asarlari yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Yaqinda tomoshabinlar e`tiboriga havola etilgan dramaturg Shuhrat Rizoning «Ezgulik yo\'li», Ulug\'bek Hamdamning «Muvozanat» asarlari spektakllari bu yo\'ldagi muhim qadamlardan biri bo\'ldi. Serqirra ijodkor Hoshim Arslonov bugungi kunda nafaqat teatr va kinoda, balki dublyaj sohasida ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Aytish joizki, dublyaj insondan kuchli e`tibor, ziyraklik, qunt va sabr-toqat talab qiluvchi murakkab sohalardan biri sanaladi. Suhbatdoshimiz e`tirof etishicha, bir-ikki daqiqalik kadrga ovoz yozish uchun ham ancha vaqt va mehnat talab etiladi. - Dublyaj sohasiga O\'zbekiston xalq artisti Mukambar Rahimova takliflari bilan kirib kelganman, - deydi suhbatdoshimiz. - Bu soha aktyor uchun shunisi bilan muhimki, u tilni charxlaydi, nutqni ravon qiladi. Hajm jihatidan kattagina matnlarni xotiramda saqlab, sahnada tutilmay so\'zlashim, rol ijro etishimda aynan dublyaj sohasida faoliyat yuritayotganim juda qo\'l keladi. Ayniqsa, Hamza Umarov, Hojiakbar Nurmatov, Elyor Nosirov, Oybarchin Bakirova, Dilbar Ismoilova, Afzal Rafiqov kabi ustozlar mahorat maktabidan o\'rgangan saboqlarim ijodiy faoliyatimda asqotmoqda. Muxlislar bilan ijodiy uchrashuvlarda nega bugun ekranlarimizda koreya filmlari, ayniqsa, tarixiy seriallari ko\'p namoyish etilayapti, o\'zimizda ham tarixiy filmlar yaratish uchun yetarlicha manbalarimiz bor-ku, degan savolni ko\'p berishadi. To\'g\'ri, bizning boy o\'tmishimiz, buyuk ajdodlarimiz haqida har qancha film yaratsak kam. Bu borada o\'ziga xos maktab ham mavjud. Lekin teleseriallar yaratish masalasiga kelsak, bu yo\'nalish biz uchun hali yangi. Shunga qaramay, san`atsevar xalqimiz ko\'nglidan o\'rin oladigan seriallar yaratishga ham erishdik. Ishonmanki, bu boradagi ijodiy izlanishlar kelajakda milliy, tarixiy seriallar yaratilishiga munosib zamin hozirlaydi.
MaHalladoshlar davrasida
Bugun poytaxtimizning Chorsu mavzesi Zarqaynar ko\'chasida istiqomat qiluvchi kishilar mahalladoshlari bo\'lmish Hoshim Arslonovni yuksak iste`dod va mahorat bilan yaratgan bir-biridan ajoyib obrazlari uchungina emas, eng avvalo, samimiy, kamtarin, odamoxun inson sifatida ham alohida hurmat qilishadi. Mahalladagi to\'yu hasham, turli marosim va tadbirlarda doimo xizmatga shay bo\'lgan taniqli aktyor mahalladoshlari bilan uchrashib turishni kanda qilmaydi. Bir so\'z bilan aytganda, ijodda turli-tuman qahramonlar quvonch va iztiroblarini talqin etib kelayotgan Hoshim Arslonov o\'z hayot yo\'lida ezgu ishlar, ibratli tadbirlarga doimo kamarbastadir. Feruza MIRZAKOMILOVA, «Jamiyat» muxbiri
64 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|