Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ko`ngil mulki
Ko'zimning nuri, ko'nglim huzuri
11.03.2011 21:21

Yaqinda O'zbek  davlat drama teatrida yozuvchi Erkin A`zam asari asosida rejissyor Sayfiddin Meyliyev sahnalashtirgan "Jiydaliklar" spektaklini tomosha qilgandim. Mazkur spektakldagi personajlardan birini O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Shohida Uzoqova maromiga yetkazib,  ishonarli tarzda ijro etgan. Oradan  biroz vaqt o'tib, o'sha spektakldagi ijro turtki bo'ldimi  Shohida Uzoqova bilan uchrashdim.

O'ynagan rollarim - farzandlarimdir

Shohida Uzoqova 28 yildan buyon san`at olamida faol ijod qilib  kelayapti. U "Maysaraning ishi", "Otello", "Tog'a-jiyanlar", "Otasining qizi", "Yetti go'zal", "Yetakchi", "Jiydaliklar" va yana boshqa ko'plab spektakllarda  ijro etgan rang-barang rollari bilan muxlislar ko'nglidan chuqur o'rin olgan. Ammo u yaratgan obrazlarini bir-biridan kam ko'rmaydi, hammasi uning uchun aziz va qadrli.

- Teatrmi, kinomi, qat`i nazar, aktyor uchun o'ynagan rollari farzandiday bo'ladi, - deydi Shohida opa. - Shu bois, ijro etgan rollarimning barchasi men  uchun jonim qadar aziz, shoir lutf etganidek, ko'zimning nuri, ko'ngil huzuri.  

Qahramonim zamonlar silsilasida  teatr san`atida shakllanib kelgan urf-odatlarni hurmat qiladi. Boshqalarni ham ana shunday munosabatga chorlaydi.

- Ilgari teatr san`ati kishilari sal boshqacha, sirli bo'lishgan, - deydi  u. - Sahna va aktyor odobiga ko'ra spektakl  tugagach, tomoshabinlarga  egilib, ta`zimda bo'lish kerak. Bu ne-ne san`atkorlar tomonidan qabul qilingan, biroq yozilmagan odob-axloq mezonidir. Bugun  yosh aktyorlarga  nasihat orqali tushuntirish, bilmaganlarini  to'g'rilik  bilan  o'rgatish bizning vazifamizdir. Sahnada kinoda yo'q imkoniyatlar bor. Jumladan, kinoda rolni bir marta o'ynaysiz. Qanday o'ynasangiz - shunday chiqadi, tamom, boshqa  istasangiz-istamasangiz, uni o'zgartirolmaysiz. Teatrda esa bugun bir spektaklda kamchilikka yo'l qo'ysangiz, ertaga uni yanayam mukammal ijro etishingiz mumkin. Shu bois, teatrdan  chiqqan aktyorlar pishib yetilgan - tayyor bo'ladi.

Muvaffaqiyat kaliti kimning qo'lida?  

Sahna asarimi yo kino asarmi - uning nechog'lik muvaffaqiyatli chiqishi ko'pchilikning mehnatiga bog'liq masala. Ammo muvaffaqiyat kaliti ko'proq kimning qo'lida?

- Ko'p narsa rejissyorga bog'liq, rejissyor o'z ishining ustasi bo'lsa, ko'nglingizdagidek ish tutsa, asar hammabop bo'ladi deyavering, - deydi Shohida Uzoqova. - Hozirgi kunda teatrimizda ish boshlagan rejissyor Sayfiddin Meyliyev yosh, iqtidorli, aktyorlarning fikr-mulohazalari bilan ham hisoblashadigan ijodkor. Ana shunday muhitda ijod qilish aktyorga zavq bag'ishlaydi. Ustozlarimizning bir gapi bor: "Aktyor rolni baliq suvda suzganday  erkin o'ynashi kerak ...".

Shohida Uzoqova  talqin etgan obrazlar nafaqat teatrda, balki kino va videofilmlarda ham jonli, hayajonli chiqadi. Jumladan, "Jannat o'zi qaydadir" filmida Roza, "Zebuzar" filmida Zebuzarning onasi - Cho'lponoy yoki "Tutash taqdirlar", "O'zi uylanmagan sovchi" seriallaridagi mahorat bilan ijro etilgan obrazlar e`tiroflarga sazavor bo'ldi. Buning sababi faqat mahoratdami?

- Mahoratning o'zi kamlik qiladi, - deydi san`atkor. - Ijro etayotgan rolingiz ishonarli chiqishi uchun yurakdan yondashish kerak, aniqrog'i, bunda his-hayajon va ehtirosning o'rni katta. Yana ko'p va xo'p mehnat qilish kerak. Mehnat faqat monologu dialoglarni yod olish emas, hayotni, odamlarni kuzatish degani hamdir. O'zimga kelsak, "Tutash taqdirlar"dagi Sanobar obrazini talqin etishda bir dugonamning qisman fe`l-atvoridan kelib chiqqanman. "O'zi uylanmagan sovchi"dagi ona obrazini talqin etishda esa onamning yurish-turishlari ko'z oldimda bo'lgan.

Mutolaaga berilgan aktyor...

"Meni iste`dodli deyishadi. Ammo o'z vaqtida mutolaaga  berilmaganimda, mendan durustroq aktyor chiqmasdi..."

Bu - bir ulug' aktyorning gapi. Nafsilamrini aytganda ham shunday emasmi? Ammo bugungi kunda nafaqat kino yo teatr, umuman san`at sohasida ijod qilayotgan yoshlarimiz orasida mutolaaga bo'yni yor bermaydiganlari ham ko'pchilikni tashkil etadi.

- Ana shuning uchun ham maza-matrasiz, bir martalik qo'shiqlar "urchib" ketayapti. Yaratilayotgan  ba`zi  bir  kinolar qahramonlarining yuz-ko'zida ifoda, ma`no yo'q. Nima uchun? Menimcha, kitob o'qimagan, mutolaadan eringan odamning ijoddan nari yurgani ma`qul. Bu bor gap. Ustozlarim meni ana shu ruhda tarbiyalagan. Qolaversa, beshinchi sinfligimdan tinimsiz kitob o'qiyman.

Bahor - ilhom fasli

- Bayram yaqin! Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ko'nglingizdan nimalar kechayapti?

-     Istiqlol tufayli ayollarga katta e`tibor qaratilayapti. Har jabhada ularning jamiyatdagi o'rni namoyon bo'layapti. Mana, qarang, bahorning ilk kunidanoq qorlar erib, atrofga ko'klamiy is-iforlar taraldi. To'g'ri, hali izg'irin bor. Lekin butun mamlakatimizda bayramona kayfiyat, o'zgacha shukuh. Bu kunlar yurak uyg'onadi, mitti giyoh yerdan ko'tarilayapti. Hademay dov-daraxtlar kurtak yozadi. Ko'nglimda esa, yangicha kayfiyat, yangicha ruh... Sizga bir sirni ochaman. Hamisha bahor oylarida o'ynagan rollarim, yaratgan obrazlarim tabiiy chiqadi. Muxlislarimga yoqadi, o'zimga ham ma`qul keladi. Qisqasi jo'shqin ijod og'ushidaman. Yuragimda tanish tuyg'ular, sohir navolar yangrayapti...

Ilhom KAROMOV,

"Jamiyat" muxbiri

 

108 marta o`qilgan