![]() |
![]() |
![]() |
Ko`ngil mulki
Ohanglarda mehr yashar, muhabbat yashar
14.10.2011 09:56
Yaqinda bir davrada zamonaviy qo'shiqchilik xususida gap ketganda bir kishi shunday deb qoldi: – Mustaqillik yillarida chin ma`noda Vatan haqidagi qo'shiqlar ko'paydi. E`tirof etish joizki, mamlakatimizda ushbu mavzuda kuy-qo'shiq yaratish borasida o'ziga xos maktab yaratildi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, iste`dodli bastakor Musoxon Nurmatov aytgan bu so'zlar meni u kishi bilan suhbatga undadi.ALLA SEHRI — ONA MEHRI
Musoxon qudratli so'z va ohang ta`sirida ulg'aygan. Otasi Hamidjon Nurmatov oddiy temiryo'lchi, onasi Tursunoy aya uy bekasi edi. Onaxon mutolaaga o'ch, uncha-muncha kitoblarni ko'z ochib yumguncha o'qib chiqardi. Allani berilib xirgoyi qilardi. Shu bois alla vositasidagi so'z va ohang ta`siri qahramonimiz ruhiyatiga chuqur singigan bo'lsa, ne ajab? — Barcha onalar kabi mening onam ham tuni bilan alla aytib chiqqanlar, — deya so'z boshlaydi Musoxon Nurmatov. — Kechagidek esimda, u payt men va besh akam, bir opam katta bo'lib qolganmiz. Beshikda ukam Mansurxon, onam allani kanda qilmasdilar. Barchaga tanish ushbu so'zlar: «Alla bolam, alla-yo, asal bolam, alla-yo...». Keyingi satrlarini o'zlari to'qib ketaverardilar: «Yuragim to'lib qumg'on bo'ldi-yo, alla, ko'z yoshlarim ummon bo'ldi-yo, alla...». Shu tariqa alla to'qilib-to'qilib davom etaverardi. Keyinchalik bilsam, alla onalarning yurak nolasi ekan. Yurak nolasini esa hech bir ohangga qiyos etib bo'lmaskan. Alla ta`sirini haligacha tuzukroq talqin eta olmayman. Beqiyos ohanrabo, mehr bor edi unda. Ukam-ku mayli, esini tanigan biz — katta farzandlar ham uni eshitib, orom olardik. Onam rivoyatlar, ertaklar so'ylab berardilar, Lutfiy, Jomiy va Navoiy g'azallarini ifodali o'qirdilar. Berilib eshitardik. Xullas, bolaligim juda sermazmun kechgan desam, yanglishmayman.
Temiryo'lchilikdan — bastakorlikkacha
— Shu bois men onam tufayli she`ru g'azallar ta`sirida yashaganman, — deydi Musoxon aka so'zini davom ettirib. — Shuning uchun bo'lsa kerak, o'zim ham uncha-muncha she`rlar mashq qildim. Ha, dastavval shoir bo'lishni niyat qilardim. Sobir Abdullaning nabirasi Mansur Abdulladan adabiy saboqlar olganman. Keyin yozganlarimni boshqalarniki bilan qiyoslab, solishtirib ko'rdim. Yuragimda kuy-qo'shiqqa bo'lgan mehr she`riyatdan baland keldi. Ancha vaqtgacha u yer-bu yerda qo'shiq kuylab yurdim. Bo'lmadi. Ishlamoqchi bo'ldim. «Ota kasbni qilaman» deb temiryo'lchilikka ishga kirganman. U yerda chilangarlik qilib, temir yo'l relslarini, poyezd vagonlarini ta`mirladim. Qo'shiq aytishimni oldindan bilgan ayrim odamlar Temiryo'lchilar madaniyat saroyidagi badiiy havaskorlik jamoasiga chorlashdi. Taqdir ekan, yana ijodga qaytdim. Turli tanlovlarda yaxshi natijalarga erishib yurgan kezlarim qo'qonlik hofiz Siddiqjon Mahmudov bilan uchrashib qoldim. Shu tariqa u kishiga shogird tushdim. Ko'p narsa o'rgandim. Muxtorjon Murtazoyevdek hassos san`atkor ta`lim-tarbiyasidan ham benasib qolmadim. Shuningdek, O'zbekiston davlat konservatoriyasida ustozlar saboqlaridan bahramand bo'ldim. Hozirgacha Abduhoshim Ismoilov, Mahmudjon Tojiboyev, Mashrab Ermatov kabi xalqimizning sevimli san`atkorlari yo'l-yo'riqlariga, pand-nasihatlariga amal qilaman. Shu insonlar men uchun mezon. Ijodimni kuzatishadi. Yutuq va kamchiliklarimni o'z vaqtida aytib turishadi. Ustozim Jo'rabek Matisayev shunday fikrni bot-bot takrorlardi: «Munojot»ni aytgan kishi yuzlab qo'shiqni bemalol kuylay oladi. Boisi, zamonaviy qo'shiqlarni bitta pardada, avji bo'lmasa ham kuylayverasiz, ammo mumtoz ijro tovushdagi turli past-baland tebranishlarni taqozo etadi. Hofiz undagi o'rta, avj va daromad pardalar tolib o'ziday kuylasa, katta muvoffaqiyatga erishadi». Men hali-hanuz ana shu o'gitga amal qilaman. Oradan o'n yilcha vaqt o'tdi. Musoxon Nurmatov bu orada qator muvaffaqiyatlarga erishdi. «Yagonasan, muqaddas Vatan!», «Yilning eng yaxshi musiqa sayqalchisi» singari bir qancha tanlovlarda g'oliblikni qo'lga kiritdi. Joriy yilda esa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan «O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi» degan yuksak unvonga sazovor bo'ldi.
Shogird ustoz tanlaydi
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan milliy musiqa va qo'shiqchilik san`atini rivojlantirishga katta e`tibor qaratilmoqda, sohaga doir bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi. — Biz san`atkorlar bunday yuksak e`tibordan unumli foydalanishimiz kerak, — deydi Musoxon Nurmatov. — Bu g'amxo'rlik Vatanga bo'lgan cheksiz muhabbat singari aks-sado berishi lozim. Tabiatan san`atkor xalqmiz. Shu bois qatrada quyosh aks etganidek, iqtidorli ijrochilarimizning har bir yangi ijod namunasi o'nlab sara qo'shiqlarga tatiydi. Bir qator yoshlar, taniqli xonandalar meni ustoz deb bilishadi. Menimcha, ustoz shogird tanlamaydi, aksincha, shogird ustozini tanlaydi. Shu bois bu juda nozik masala. Lekin yana bir shogirdim bor – o'z farzandim Yusufxon. U hozirgi kunda Uspenskiy nomidagi musiqa akademik litseyining tanbur sinfida tahsil olayapti. Intilishlarini kuzatib turib, uning kelajagiga umid qilaman. — Bir qo'shiqni yaratish uchun odatda qancha vaqt sarflaysiz?.. — Qisqa vaqt ichida tayyor bo'lgan qo'shiqlarim bor. Yana shunday qo'shiqlar borki, oylab, hattoki, yillar mobaynida uning takomili uchun ishlayman. Masalan, Navoiy hazratlarining «Balo dashti aro Majnun maningdek ko'rmamish davron» deya boshlanuvchi g'azali ustida 13-14 yildan buyon ishlayapman. Chunki ushbu g'azalga musiqa bastalash xamirdan qil sug'urgandek oson emas. U shunday qo'shiq bo'lishi kerakki, unda ham ilohiy, ham insoniy his-tuyg'ular, mehr-muhabbat tarannum etilishi zarur. Uni bir necha variantlarda tayyorlab ko'rdim, lekin ko'nglim to'lmayapti. Ko'nglingiz to'lmagan narsani birovga qanday ravo ko'rasiz?! — Ijodingizda musiqa birinchi o'rinda turadimi yoki so'z?!. — Mening nazarimda, ularning birini ostin, birini ustun mavqeda turadi deyish, to'g'ri bo'lmaydi. Lekin avval-boshidan mening ijodimda so'z — she`r alohida ahamiyatga ega.
Ta`lim mezoni, tarbiya maskani
Suhbatdoshim bilan kechgan gurungimiz uzoq davom etdi. Qo'shiq, musiqa, ijro mahorati, san`atning boshqa sirlari... Musoxon Nurmatovning asl san`at haqidagi fikr-mulohazalari, ko'ngil kechinmalarini qog'ozga tushirish asnosida uning oilada, mahallada qanday inson ekani borasida ham ko'p ma`lumotga ega bo'ldim. — Ota-onamdan nimani o'rgangan bo'lsam, farzandlarim tarbiyasi yo'lida foydalanayapman, — deydi u. — Uch o'g'il, bir qizim bor. Ularga kitob o'qish zarurligini tez-tez takrorlab turaman. Menimcha, tarbiyaning bosh mezoni kitobda, mutolaada, umuman olganda, ma`naviy oziqda mujassam. O'zimiz yashaydigan mahallada qariyb barchani bilaman. Ilojini topsam, albatta, to'yu ma`rakalarda qatnashib, aralashib yuraman. Mahalladagi tadbirlardan qolmaslikka harakat qilaman. Ha, qahramonimiz inson avvalo jamiyatning faol a`zosi bo'lishi kerak, degan hayotiy qarashga amal qiladi. Uning nazdida o'zi yashaydigan mahallaga mehri bo'lmagan kishi Vatanni chin dildan sevolmaydi. Ayni paytda Vatanga chin muhabbati bo'lmagan kishidan yaxshi san`atkor chiqmaydi. Va tabiiyki, bunday san`atkorning ota yurt, ona Vatan haqida yaratgan qo'shiqlari ko'ngil mulkiga aylanolmaydi. Ilhom KAROMOV,
«Jamiyat» muxbiri 69 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|