Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ko`ngil mulki
«Shunday bir tavsifga eturman jur`at»
18.12.2011 19:34

...Sahar chog'i, ko'nglini nomsiz sog'inch o'rtadi uning. Aslida bu ajib tuyg'uni nomsiz deb bo'lmaydi. Faqat  uni  teran his qilmaymiz. Yurakning mangu hamrohi ekanligini chuqur anglab yetolmaymiz. Vatan! Ko'ngillarda uning suvrati. U otadek suyanch, onadek mehribon. Vatanga suyanib, tayanib, mehridan unib-o'sib yashash, farzand uchun sharafdir! Buyuk sharaf, buyuk iftixor.

Otam kabi yolg'iz suyanch tog'im o'zing,

Onam kabi chin mehribon bog'im o'zing.

Bu dunyoda mening boru yo'g'im o'zing,      

Jamolingga jannatlar lol qolar, yurtim,

Jonim desam, jonim orom olar, yurtim.

 

Vatan, yurt singari muqaddas tushunchalarni ota-onaga mengzash she`riyatimizda ko'p uchraydi, albatta. Ammo ana shu muqoyasa, nisbat o'z o'rniga tushsagina uzukka ko'z qo'ygandek yarashadi. Iste`dodli shoir Zikrilla Ne`mat bitiklarini o'qirkanmiz, xuddi shunday go'zal fazilatlardan ko'nglimiz yayraydi. Inchunun, shoirning yaqinda «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan nashr etilgan «Onam ekkan rayhonlar» saylanmasiga kiritilgan asarlar o'quvchilarda shunday taassurot o'yg'otadi. Mazkur kitob «Umr karvoni», «Baxtlar beshigi», «Muhabbatsiz yashab bo'lmas», «Quyosh bo'lib porlar mehru oqibat», «Ona tabiat, senga ming ta`zim» singari o'ndan ortiq bo'limga ajratilgan bo'lib, ular bir-birini mazmunan to'ldiradi. Kitobdagi «Aruz ohanglari», «Muxammaslar», «Omonxona bo'lsin bu dunyo» (doston), «Tarjimalar» kabi qismlar bilan tanishgan kishi Zikrilla Ne`matning keng qamrovli ijodkor ekanini anglaydi.

Shuningdek, u kamdan-kam shoirlar murojaat etadigan, she`riyatimizning qadimiy janr­laridan bo'lgan tuyuq orqali o'z qalb tuy­g'ularini erkin va ravon, xalqona tarzda ifoda etadi. Do'stlik mezoni tarannum etiladigan quyidagi «o't» radifli tuyuqni o'qib ko'raylik:

 

Agar yuragingda bo'lsa otash, o't,

Dunyodan asl do'st, yor qidirib o't.

Do'stu yor topsang-u  vafosiz bo'lsa,

Unday bevafoning tez bahridan  o't.

 

Eng muhimi, shoir ash`orlari ilmiy-adabiy jamoatchilik  nazariga tushgan. Abdulla Oripov, Jumaniyoz Jabborov, Jamol Kamol, Toshpo'lat Ahmad, Ikrom Otamurod kabi el sevgan shoirlarning iliq fikrlari bundan guvohlik beradi. Jumladan, Zikrilla Ne`matning ilk to'plamiga «oq yo'l» tilagan O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Toshpo'lat Ahmad uning bezovta ruh va jo'shqin ehtiroslarga limmo-lim she`riyatida yorug' hislar, pokiza tuyg'ular haroratini tuygan edi. U el-yurt taqdiri uchun kuyunchak shoir, bedor qalbi, iste`dodining da`vatkorlikka moyillik sifatini belgilab bergan, tashbehu qiyoslarining betakrorligidan tuygan hayratini yashira olmagandi. Chunonchi, ustoz shoir Zikrilla Ne`matning «Oydagi surat» she`ridan olingan ushbu to'rtlikka kitobxon diqqatini qaratadi:

 

Endi men ishonch va yuksak ruh bilan,

Shunday bir tavsifga eturman jur`at:

Murg'ak go'dagiga ko'ksini tutgan,

Ayol suratidir oydagi surat.

 

«Oyning yuzidagi dog'ni bu qadar go'zal va sermazmun bir holatga qiyoslashni men hali uchratmagan edim»,- deya iqror bo'ladi Toshpo'lat Ahmad.

O'z orzulariga tavsif topmoq uchun mudom oydin tunlarni quchib yashayotgan, sabr-bardoshda sobit lirik qahramon hamon oyning oydin va yorug' gardishiga termularkan, xayollari samoviy kengliklar sari talpinadi. Endi uning tavsifi ham aniq: oydagi surat murg'ak go'dakka ko'krak tutgan ayoldir. Olamu odamni bu taxlit uyg'unlikda anglamoq, chindan-da, Zikrilla Ne`matning shoirona sohir qalb tuyg'ulariga esh ekanidan dalolat beradi.   

Ushbu kitobning nomlanishidayoq, ishq, muhabbat, sog'inch va Vatan mavzulari ustuvorligi yaqqol ko'zga tashlanadi. Ehtimol, ayni jihat sababdirki, taniqli hofizlar uning she`r­lari bilan ijro etgan qo'shiqlar o'z muxlislarining e`tiboriga tushdi.

 

Xayolimda yasharsan erkam,

Bahor bo'lib, nozli yor bo'lib,

Bilsang, men ham yasharman har dam,

Bedor bo'lib, senga zor bo'lib.

 

Ushbu go'zal satrlar o'ylaymanki qo'shiqsevar elimizga juda yaxshi tanish. U mashhur hofizlar tomonidan mahorat bilan kuylanganligi hali-hanuz yaxshi eslaymiz. Shoir qalamidan to'kilgan, qalb haroratidan taft olgan satrlar asosida yuzaga kelgan qo'shiq hamon dillarni o'rtab, rom etib kelmoqda. Zotan, unda vafodor va sadoqatli oshiqning sog'inch iztiroblari hamda g'amboda qalb titrog'i shoirning bedor yuragidan kechgan tuyg'ular in`ikosidir.

Yaqinda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida shoir Zikrilla Ne`matning «Onam ekkan rayhonlar» kitobi taqdimotiga bag'ishlangan adabiy kecha bo'lib o'tdi.

- Zikrilla mehnatkash shoir, mumtoz adabiyotimizning buyuk namoyandalariga murojaat etib, ularga muxammas bog'lash bilan birga xalq ijodining bebaho xazinasi hisoblanmish maqol, matal va hikmatlardan ruhiy quvvat oladi, - deydi O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov. - Menimcha, shoirning e`tiborga molik boshqa xislatlari ham uning ijodida yarq etib namoyon bo'ladi.

Shoir Zikrilla Ne`matning o'zi yangidan-yangi shakldagi she`rlar, ehtirosli g'azallar bitishini, zavqli va sururli ijodiy rejalar og'ushida ekanini yashirmadi. Bunga katta umid bildirgan holda uning ijodiy parvozi hali yuksak marralarga yetishiga ishonamiz.

Ilhom KAROMOV,

«Jamiyat» muxbiri

24 marta o`qilgan