Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ko`ngil mulki
Tasvirdagi talqinlar
18.12.2011 19:30

Hammasi otasi unga fotoapparat sovg'a qilgan kundan boshlandi. U shu-shu qir, adir, tog'lar qo'yniga chiqib, tabiat manzaralarini suratga olishni odat qildi. Bu qiziqish keyinchalik uni videokamera bilan do'stlashtirdi. Endi u hayotning turli manzaralari jonli aks etgan lavhalarni videotasmalarga muhrlay boshladi.

Shu bolalikdagi o'tkinchi havas yoki shunchaki qiziqish emas edi. Chunki bu odat uni pedagog sifatida faoliyat yuritayotgan paytda ham tark etmadi. Bunday intilishni iste`dod va mahorat turtki bergan chinakam havaskorlik deb atash o'rinli bo'ladi, nazarimizda. Negaki, biror maqsadga erishish uchun faqat havas va qiziqishning o'zi kamlik qiladi.

Hayot manzaralari muhri

Shahrisabz tuman Madaniyat va sport ishlari bo'limiga qarashli «Yoshlik» havaskorlik kinostudiyasida ijod qilayotgan yoshlarning intilishi studiya tashabbuskori va rahbari, «Xalq ta`limi a`lochisi», oliy toifali pedagog Fayrat Po'latovga bolalik xotiralarini eslatadi. U bugun kino san`atiga qiziquvchi yoshlarga har tomonlama ijodiy saboq berib kelmoqda. Havas, kuchli ishtiyoq bilan rejissyor, operator va aktyorlikka dadil qadam tashlayotgan yosh ixlosmandlar erishayotgan ijodiy muvaffaqiyatlar esa ularning shunchaki havaskor emas, iste`dod va mahorat sohibi ekanidan darak beradi.

- Shu kunga qadar studiya ijodkorlari tomonidan 100 dan ortiq hujjatli, badiiy, tarixiy hamda ma`rifiy filmlar yaratildi, - deydi Fayrat Po'latov. - Mavzu jihatidan rang-barang bo'lgan bu kinoasarlar orasida ayniqsa, xalqimiz turmush tarzi, bugungi kuni haqida hikoya qiluvchi «Yashash falsafasi», «Sog'inch», «Dastxat», «Yuksalish odimlari», «Mirob», urf-odat va marosimlarimiz, an`ana va qadriyatlarimiz aks ettirilgan «Nafosat bayrami», «Muchal to'yi», «Sandon», shuningdek, yurtimizning betakror tabiati, tarixiy obidalari haqidagi «Hisorak tuhfasi», «Tog' guli», «Xayrli safar», «Zamin mehri», shuningdek, jiddiy ekologik muammolarga bag'ishlangan «Ko'hna anhor nidosi», «Daryolar najot so'raydi» kabi filmlar o'zining tarbiyaviy ahamiyati, estetik qiymati, dolzarbligi jihatidan alohida ajralib turadi. Masalan, studiyaning yosh tasvirchisi Asliddin Xudoyqulov, montajchilar Bekzod Po'latov va Nilufar Xoliqovalar tomonidan yaratilgan «Ko'hna anhor nidosi» she`riy filmida Shahrisabzdagi anhor, kanallarning ahvoli jiddiy tahlil qilingan. Mazkur film o'tgan yili O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi, Ekoharakat, Ekoforum hamda bir qator mutasaddi tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan ekologiya sohasida jurnalistlar uchun tashkil etilgan ko'rik-tanlovning ikkinchi darajali diplomini qo'lga kiritdi.

Maqsadlarning muvaffaqiyatli manzili

Eng quvonarlisi, bunday kinoasarlar nafaqat mamlakatimiz, balki xorij kino ixlosmandlari, san`atshunoslari e`tibor va e`tirofiga ham sazovor bo'lmoqda. Xususan, studiya tashkil topgan dastlabki paytdanoq uning ijodkorlari tomonidan yaratilgan filmlar Moskva va Odessa shaharlarida o'tkazilgan festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Avstriyada bo'lib o'tgan «UNICA-98» xal­qaro kino anjumanida bronza medalini qo'lga kiritdi. 2007 yilda esa Rossiyaning Sankt-Peterburg, Yaroslavl shahri hamda Chexiya va Slovakiya davlatlaridagi kino anjumanlarida ham namoyish etildi.

Ijodda havaskorlik san`atini rivojlantirish, milliy qadriyat va an`analarni tiklashdagi ana shunday faol xizmatlari uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga binoan 2006 yilda «Xalq havaskorlik kinostudiyasi» unvonini olgan «Yoshlik» kinostudiyasi muvaffaqiyatlari solnomasini yanada boyitishda davom etmoqda. Xususan, Shveysariyada bo'lib o'tgan «UNICA-2010» xalqaro kinofestivaliga taqdim etilgan «Muchal to'yi» hujjatli film anjumanning maxsus diplomi bilan taqdirlandi.

Shuningdek, 2010 yil poytaxtimizda yurtimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan kinoijodkorlarning 80 dan ziyod filmlari ishtirokida o'tkazilgan «Ona yer» havaskorlik filmlar festivalida studiya rahbari Fayrat Po'latovning «Sandon» nomli badiiy filmi bosh sovrin - Gran-prini qo'lga kiritdi. Shuningdek, uning qishloq mehnatkashlari haqida hikoya qiluvchi «Mirob», milliy qadriyatlarimizning betakror namunalarini o'zida aks ettirgan «Muchal to'yi» filmlari ham mazkur festivalning maxsus diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

Shu yili poytaxtimizda O'zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, «Kamalak» bolalar tashkiloti hamkorligida o'quvchi-yoshlar o'rtasida an`anaviy tarzda o'tkazilib kelinayotgan «Sehrli yog'du» festivalida kinostudiyaning eng yosh a`zosi, 5-sinf o'quvchisi, havaskor tasvirchi Elbek Inoyatovning «Zulfiyaxonim qizlari» nomli hujjatli filmi tanlovning birinchi darajali diplomi bilan taqdirlandi.

Yaqinda O'zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Xalqaro «Oltin meros» xayriya jamg'armasi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi, «Mahalla» xayriya jamg'armasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi va bir qator tegishli tashkilotlar tomonidan foto va videohavaskorlarning respublika ko'rik-tanlovi bo'lib o'tdi. Boy madaniy merosimiz durdonalarini munosib asrab-avaylash, shuningdek, atrof-muhit, tabiat oldidagi insoniy burchni oqlash, qolaversa, foto va videohavaskorlarning ijodiy asarlarini keng targ'ib etish maqsadida tashkil etilgan mazkur tanlovda Fayrat Po'latovning Shahrisabzdagi tarixiy obidalar haqida hikoya qiluvchi «Dilkash shahar yodgorliklari» filmi birinchi o'ringa loyiq deb topildi. Bu kabi muvaffaqiyatlar omilini kinoasarlarda aks etgan turmush chorrahalaridagi turli manzaralar, milliy qadriyatlarimizga sodiqliq, oddiy va kamtarin insonlarning fidokorona mehnati, ona tabiat mo'jizalari-yu unga yetkazilayotgan jarohatlarni tasvirlashdagi mohirona talqin bilan bog'lash o'rinlidir.

Bir so'z bilan aytganda, «Yoshlik»ning havaskor ijodkorlari tomonidan yaratilayotgan asarlar kelajakda milliy kinematografiyamiz xazinasini yanada boyitishga munosib hissa qo'shishiga ishonchimiz komil.

Feruza MIRZAKOMILOVA,

«Jamiyat» muxbiri

46 marta o`qilgan