![]() |
![]() |
![]() |
Manaviyat
Adibning «Tanlangan asarlar»i
26.08.2011 15:04
Taniqli adib, dramaturg va publitsist, O'zbekiston Respublikasi san`at arbobi Abduqahhor Ibrohimovni keng jamoatchilik yaxshi taniydi. Zotan, 38 ta kitob va 500 dan ortiq maqola, risola va badianing muallifi bo'lgan ijodkor yarim asrdan ortiq davrdan buyon turli janrlarda barakali qalam tebratib kelmoqda. Uning asarlari yurtimizdan tashqari chet davlatlarda ham nashr etilgan va teatrlarda sahnalashtirilgan, ko'pchilikning e`tirofiga sazovor bo'lgan. Qalb qo'ri bitilgan ijod namunalari hech qachon mazmun-mohiyatini yo'qotmasdan ijodga oshufta qalblarni doimo o'ziga rom etaveradi. Abduqahhor Ibrohimovning yaqinda «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati tomonidan nashr etilgan va eng sara asarlarini jamlagan besh jildli «Tanlangan asarlar»i xususida ham shu fikrlarni aytish mumkin. Akademik Baxtiyor Nazarovning so'zboshisi bilan boshlangan birinchi jilddan muallifning o'z vaqtida mashhur bo'lgan, kitobxonlarning takliflariga ko'ra bir necha marta nashr etilgan «Uyqu kelmas kechalar» romani va yigirma oltita lirik va satirik hikoyalari o'rin olgan. Ikkinchi jild dramaturgiya bo'lib, unda muallifning 12 pyesasi, shu jumladan, mamlakatimiz va xorijda nashr etilgan va sahnalashtirilgan «Birinchi bo'sa» lirik dramasi, «Zo'ldir», «Bir o'likni - bir tirikni», «Puch» tragik-komediyalari o'rin olgan. Muallifning milliy davlatchiligimiz asoslariga bag'ishlangan «Bizkim, o'zbeklar...» asari uchinchi jildni tashkil etgan bo'lsa, «Shukr va sabr» deb atalgan to'rtinchi jild falsafiy o'ylar, maqolalar va hikoyalardan iborat. «Hammamiz bir kemadamiz» deb nomlangan beshinchi jildda «Insof», «Men Buxoroman», «Til - taqdir demak», «Tuz haqi», «Turkiston yaproqlari» kabi yigirma sakkizta badia bilan tanishish mumkin. Bir so'z bilan aytganda, taniqli ijodkor Abduqahhor Ibrohimovning Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi shodiyonalari arafasida chop etilgan «Tanlangan asarlar»i adabiyot ixlosmandlari uchun o'ziga xos sovg'a bo'lishi shubhasiz. Sodiq NORBOYEV
66 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|