Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Manaviyat
Buyuk allomalar yurtidagi xalqaro markaz
03.11.2011 21:36

Tarixdan ma`lumki, umumbashariy tamaddun va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy hamda diniy bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga  ko'tarilishida ona yurtimizda tug'ilib kamolga yetgan ulug' allomalarimizning hissasi katta. Xususan, «Muhaddislar sultoni» deya e`tirof etiladigan buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy ham yuksak tafakkuri va beqiyos dahosi bilan yurtimiz dovrug'ini dunyoga tanitdi.

Davlatimiz rahbari «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida shu muqaddas zaminimizda tavallud topib, voyaga yetgan, o'z hayoti va faoliyati bilan nafaqat tarixda, ayni vaqtda bashariyatning bugungi taraqqiyot sahifalarida ham o'chmas iz qoldirgan buyuk mutafakkir va allomalarimiz haqida qimmatli fikr-mulohazalarini bayon etar ekan, eng avvalo, Imom Buxoriy bobomizning muborak nomlarini hurmat-ehtirom bilan e`zozlab, bu mo'`tabar zot merosining gultoji bo'lmish eng ishonchli hadislar to'plami - «Al-jome` as-sahih» kitobi islom dinida Qur`oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba ekanligini, ahli islom e`tiqodiga ko'ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitob­larning eng ulug'i hisoblanishini alohida ta`kidlagan edi. Darhaqiqat, o'n ikki asrdan buyon Imom Buxoriyning tabarruk nomi butun musulmon dunyosi e`zozida bo'lib, ul zotning o'lmas merosi bo'lgan «Al-jome` as-sahih» kitobi millionlab insonlar qalbini iymon nuri bilan munavvar etib, haq va diyonatga chorlab kelmoqda.  

Qayd etish joizki, mustaqillik yillarida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda muqaddas qadamjolarni obodonlashtirish, buyuk bobokalonlarimizning boy ma`naviy merosini chuqur o'rganishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu jarayonda Imom Buxoriyning Samarqand shahri yaqinidagi Xartang qishlog'ida joylashgan maqbarasi ham zamonaviy, betakror shar­qona uslubda batamom qayta tiklanib, musulmon olamining eng tabarruk ziyoratgohlaridan biriga aylandi. Shuning­dek, davlatimiz rahbarining 2008 yil 23 maydagi Qaroriga muvofiq, muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo'shgan, hadis ilmining sultoni, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning ulkan merosini ilmiy asosda o'rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligiga tar­g'ib etish, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlash va ulug'lash asosida yosh avlodning ruhiy va ma`naviy olamini boyitish, imon-e`tiqodini mustahkamlash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg'ularini yanada kuchaytirish maqsadida buyuk muhaddis yodgorlik majmuasining yonida Imom Buxoriy xalqaro markazi tashkil etilib, faoliyati yo'lga qo'yildi.

- Ayni paytda asosan ikki yo'nalish, ya`ni ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish yo'nalishlari bo'yicha faoliyat ko'rsatayotgan ushbu markaz tomonidan  ulug' ajdodlarimizning hayoti va benazir ilmiy-ma`naviy merosini o'rganishda e`tiborga molik ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda, - deydi Imom Buxoriy xalqaro markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov. - Jumladan, o'tgan uch yil mobaynida «O'zbekis­ton buyuk allomalar yurti», «Hadis ilmining sultoni», «Imom al-Buxoriy», «Shahobuddin Umar Suhravariy», «Almining fazilati» singari kitoblar nashr­dan chiqarilib, o'n ikkita allomalarimiz hayoti va asarlariga bag'ishlangan rangli plakatlar, shuningdek, o'n nafar alloma hayoti va ilmiy-ma`naviy merosi haqida kirill va lotin alifbosida yozilgan ixcham risolalar nashr etildi. Shu bilan birga 1000 betdan ziyod arab tilidagi asarlar matn­lari o'zbek tiliga tarjima qilinib, 200 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalar gazeta va jurnallarda chop etildi. Alohida ta`kidlash joizki, markazda barcha sharoitlar yaratilgan bo'lib, xalqaro hamkorlik aloqalari keng yo'lga qo'yilgan. Bu esa buyuk allomalarimiz, mutafakkir bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyati, bemisl ilmiy-ijodiy merosini chuqur va atroflicha o'rganish imkonini bermoqda.

Aytish o'rinliki, markazda yiliga to'rt marotaba chop etilayotgan «Imom al-Buxoriy saboqlari» jurnali ham bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Zero, jurnal sahifalarida ma`naviy-ma`rifiy maqolalar bilan birga ilmiy-adabiy tadqiqotlarga ham keng o'rin berilib, jamoatchilik e`tiboriga havola etilayotir. Xususan, jurnalning yaqinda nashr etilgan uchinchi soni bilan tanishish asnosida turli ruknlarda chop etilgan maqolalar, tadqiqotlar chuqur mazmun va mohiyati bilan e`tiborimizni tortdi.

Sodiq NORBOEV,

«Jamiyat» muxbiri

74 marta o`qilgan