Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Manaviyat
Kamoliddin Behzod izdoshlari
18.11.2011 01:56

U jajji qizaloqligidanoq ota-onasi chizgan suratlarni maroq bilan tomosha qilishni yoqtirardi. Ba`zan ulardagi turli ajib tasvirlar, ranglar uyg'unligi unga biroz «g'alati» tuyulardi. Shuning uchun ham ularga uzoq termulgancha, bolalarcha tasavvur bilan tushunishga urinardi. Bu qiziqish va ishtiyoq bora-bora uning qo'liga ham mo'yqalam tutqazdi.

Gulhayo Abdullayeva dastavval o'zi eshitgan yoki o'qigan ertaklaridagi voqealarni qog'ozda tasvirladi. Qizining bunday qobiliyatini sezgan otasi uni miniatyura yo'nalishida ijod qilishga undadi. Gulhayoning bu boradagi intilishiga oiladagilarining ana shunday e`tibor va qo'llab-quvvatlashi, qolaversa, san`atga bo'lgan muhabbat uning «Oila» deb nomlangan dastlabki miniatyurasi yaratilishiga turtki bo'ldi. Bu asarda u ota-onasiga talpinayotgan go'dak tasviri orqali o'zbek oilasiga xos bo'lgan mehru muhabbat va o'zaro ahillikni mohirona ifodalagan.

Yosh musavvirning miniatyura yo'nalishidagi izlanish va intilishlari uni O'zbekiston Badiiy akademiyasi Respublika rassomlik kollejiga yetaklab keldi. Ayni paytda u bu dargohda  ustozlari Nodir Ikromov, Zilola Sulaymonova, Hasan Isoqjonovdan miniatyura san`ati sirlarini astoydil o'rganib, ijodiy mahoratini oshirib kelmoqda.

— Miniatyura so'zi «qizil bo'yoq» degan ma`noni anglatadi,— deydi Gulhayo Abdullayeva. — Bu atama badiiy adabiyotda ayrim o'rinlarda kichik hajmdagi dramatik va liro-epik asarlarni tasvirlashda qo'llanilgan. Bu yo'nalish asardagi har bir detalning shakl-shamoyilidan tortib, rangigacha jiddiy e`tibor talab qilishi bilan tasviriy san`atning eng murakkab yo'nalishlaridan biri sanaladi. Masalan, bitta miniatyura yaratish uchun bir oy, ba`zan esa ikki oydan ham ortiq vaqt talab etiladi. Shuningdek, unda tomoshabin bir qarashda anglamaydigan yashirin ma`no, falsafiylik, ramziylikka alohida e`tibor beriladi. Shuning uchun bu san`at kishini o'ylashga, tafakkur qilishga o'rgatishi bilan ahamiyatlidir.

Sharq miniatyurasida odatda yorqin ranglardan ko'p foydalaniladi. Men esa o'z asarlarimda ko'proq qora rangni ishlataman. Sababi, bu rang tasvirni yanada yaqqol va yorqinroq ifodalashga yordam beradi.

Gulhayoning ishlarida sharqona va zamonaviy tasviriy san`atning o'ziga xos uyg'unligini ko'rish mumkin. U o'z asarlarida bugungi miniatyura san`atini yangicha texnika, tasviriy usul, vositalar bilan yanada boyitishga intiladi. Yosh musavvir rangtasvirning turli janrlarida, jumladan, moybo'yoq yordamida mato va mozaika uslubiga xos rangli qog'ozlarda bir qator ijodiy asarlar yaratgan. Shuningdek, uning asarlarida milliy qadriyat va an`analarga sodiqlik ruhi sezilib turadi. Yosh mo'yqalam sohibining ayniqsa, «Buloq bo'yida», «Tog'lik kelin», «Layli va Majnun» kabi asarlari miniatyura san`atining badiiy merosiga ijodiy yondashgan holda zamonaviy voqelikning ifodalangani, milliy urf-odat va qadriyatlarni o'zida aks ettirgani bilan alohida ajralib turadi. Masalan, baland tog'lar qo'ynidagi qishloq manzarasi va uzun soch­lari mayda o'rilgan, boshiga ro'mol o'rab, non tugilgan dasturxon ko'tarib kelayotgan suluv kelin tasvirlangan «Tog'lik kelin» asarida u o'zbek ayolining sharm-hayo va nazokatini o'ziga xos tarz­da talqin etgan. 

— Sharq miniatyura san`atida mumtoz adabiyotning durdona asarlariga ishlangan ijodiy ishlar juda ko'p, — deydi suhbatdoshimiz. — Masalan, «Sharq Rafaeli» deb e`tirof etiluvchi Kamoliddin Behzodning Nizomiy Ganjaviyning «Layli va Majnun», «Yetti go'zal», Firdavsiyning «Shohnoma»si kabi shoh asarlarga ishlangan miniatyuralari nafaqat Sharqda, balki butun dunyoga mashhur. Aytish joizki, umuman, badiiy asar voqeliklari asosida miniatyura ishlash astoydil mehnat va mas`uliyat, chinakam mahoratni talab etadi. Sababi biror voqeani tasvir orqali tomoshabinga yetkazib berish, uni ko'z o'ngida jonlantirish nihoyatda murakkab jarayon sanaladi. Shuning uchun Alisher Navoiyning «Layli va Majnun» dostonidagi Laylining Majnun bilan uchrashuvi, Majnunning Nav`fal bilan uchrashuvi sahnasiga miniatyura ishlash uchun astoydil ijodiy izlanishimga to'g'ri keldi. Ustozlarim bergan bilim va yo'l-yo'riq bilan «Layli va Majnun» miniatyurasini yaratishga erishdim. Bu asar turli ijodiy tanlovlarda mutaxassislar tomonidan yuqori baholanib, qator muvaffaqiyatlar olib kelganida chinakam mehnat besamar ketmasligiga yana bir bor ishonch hosil qildim.    

Ezgu maqsad yo'lidagi izlanish va intilish, albatta, munosib bahosini oladi. Shu ma`noda, Gulhayo bugungi kunda yurtimizda tashkil etib kelinayotgan turli ijodiy ko'rik-tanlov va ko'rgazmalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jumladan, u 2007 yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun tanlovning Qarshi shahar bosqichida tasviriy san`at yo'nalishi bo'yicha birinchi o'rinni egalladi. Oradan bir yil o'tib «O'zbekiston madaniyati va san`ati forumi» jamg'armasi tomonidan o'tkazilgan «Yangi yavlod» bolalar ijodiyoti festivali laureati bo'ldi. Bundan tashqari, O'zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan an`anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan «Tasviriy san`at haftaligi -2010»  hamda joriy yil Amir Temur tavalludining 675 yilligiga bag'ishlangan miniatyurist va yosh musavvirlarning «Sohibqiron bunyodkorligi» ijodiy bellashuvida ham faxrli o'rinlarni qo'lga kiritdi.

— Bugun yurtimizda yosh ijodkorlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlab, munosib rag'batlantirishga katta e`tibor qaratilmoqda, — deydi Gulhayo Abdullayeva. — Men ham bunday imkoniyatlardan unumli foydalangan holda astoydil o'qib-o'rganib, ijodiy mahoratimni yuksaltirish orqali milliy miniatyura san`atimiz dovrug'ini dunyo bo'ylab yoyishga munosib hissa qo'shish niyatidaman.

Feruza XO'JAEVA

61 marta o`qilgan