Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Manaviyat
Mohir qo'llar mo'jizasi
10.06.2011 12:42

Ajdodlarimiz asrlar silsilasida sayqallanib kelayotgan milliy hunarmandchilik va xalq amaliy san`ati durdonalari bilan dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo'shib kelgan. Xalqimizga xos bunyodkorlik va yuksak ijodiy salohiyatdan darak beruvchi naqqoshlik, kulolchilik, zardo'zlik, o'ymakorlik, kafshtachilik kabi san`at namunalari bugun boy va bebaho madaniy merosimizning ajralmas bo'lagi sifatida tobora rivojlanib bormoqda.

Ma`lumki, azaldan har bir hududda aholining turmush tarzi, ehtiyoji hamda mavjud resurs­lardan kelib chiqqan holda hunarmandchilikning o'ziga xos turlari shakllangan. Masalan, Chust pichoqlari, Marg'ilon atlaslari, Buxoro zar to'nlari bilan butun dunyoga mash­hur. Aytish joiz, azaliy an`ana va qadriyatlar asosida yaratilgan har bir hunarmandchilik namunasi orqali ajdodlarimizning hayot haqidagi qarashlari, o'y va tasavvurlarining ifodasini anglash mumkin. Bugun ham ana shu an`analar mohir usta-hunarmandlarimiz tomonidan munosib tarzda davom ettirilmoqda. Fijduvon kulollaridan Nazrullayevlarning oltinchi sulolasi kulolchilik va kashtachilikda ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan an`ana va qadriyatlarni yangicha yondashuvlar bilan sayqal toptirib, ma`naviy merosimizni yanada boyitishga munosib hissa qo'shib kelayotgan hunarmandlarimizdandir.

Shu kunga qadar dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlarida shaxsiy ko'rgazmasini tashkil etgan hunarmand Abdulla Nazrullayev ayni paytda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, an`ana va qadriyatlarni avlodlarga munosib tarzda yetkazish, shuningdek, uning bebaho namunalaridan jahon ahlini ham bahramand etish yo'lida samarali faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Qo'li gul, mohir hunarmandning bugun nafaqat O'zbekistonda, balki xorijda ham shogirdlari, qolaversa, san`atining ixlosmandlari talaygina.

- Xalqimizda hunar bilan el ko'karar, degan hikmatli naql bor, - deydi Abdulla Naz­rullayev. - Men o'zim sevgan hunarim orqali dunyo kezishga, turli xalqlarning madaniyati va tarixi bilan yaqindan tanishishga erishdim. Qaysi yurt­da bo'lmay,  milliy hunarmandchiligimiz namunalari, ularning jozibasi ko'pchilikning e`tiborini tortadi. Masalan, yaqinda Fransiya «Temuriylar» assotsiatsiyasi, yurtimizning shu davlatdagi elchixonasi hamda Roann hunarmandlar markazi tomonidan xalqlarimiz o'rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan «O'zbek kuloli Roannda» dasturida ishtirok etdim. To'rt haftalik mazkur dastur doirasida Roann hamda Sharliyo shaharlarida o'zbek va fransuz hunarmandlarining ko'rgazmasi tashkil etildi. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlarda milliy kulolchiligimiz, uning buguni va o'tmishi katta qiziqish uyg'otdi. Ularga hunarmandchiligimiz tarixi, bugun yurtimizda ushbu soha rivojiga qaratilayotgan e`tibor va g'amxo'rlik, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib, beixtiyor faxr-iftixor tuyg'ularini tuydim.

Qadriyatlarimiz davomiyligi

Abdulla aka ana shunday safarlarda nafaqat xorij hunarmandchiligining boy tajribasi, yutuq va yangiliklarini o'rganishga, balki u yerdagi hunarmandchilik muzeylari faoliyati bilan yaqindan tanishishga qiziqadi. Sababi bugun u o'z xonadonini chin ma`noda hunarmandchilik muzeyiga aylantirgan. Unda eng qadimiy kulolchilik namunalaridan tortib, hunarmandning zamonaviy uslubdagi asarlari o'rin olgan. Bu yerga tashrif buyurganlar nozik did, yuksak mahorat bilan ishlangan bejirim idishlardagi bir-birini takrorlamas bezaklar, naqshlar orqali yaralgan go'zallikdan bahramand bo'ladi. Ustaning ushbu buyumlar yaratilish tarixi haqidagi hikoyasi esa ularga bo'lgan qiziqish va hayratni yanada oshiradi.

- Kulolchilik buyumlaridagi har bir naqsh, shakl, turli ranglar, hattoki kichik nuqta ham o'ziga xos ma`noga ega, - deydi hunarmand. - Xususan, Fijduvon kulolchiligiga xos bo'lgan qush qanoti, tovus pati, shuningdek, geometrik shakl va timsollardan turli ranglar uyg'unligida foydalanish  ajdodlarimizdan meros bo'lib kelayotgan an`analardandir. Aytish joiz, ota-bobolarimiz ana shu bezaklar orqali o'zining hayot va dunyo haqidagi qarashlarini ifoda etgan. Yana bir e`tiborli tomoni shundaki, Fijduvon kulolchiligida buyumlarni bezashda tuproq, fosfor va achchiqtosh kukunidan tayyorlangan aralashmadan foydalaniladi. Mohir kulollar kashf etgan bu unsur esa idishdagi bezaklar va ranglarning yorqin tovlanishini ta`minlaydi. Shu bilan birga, ularning mustahkam va chidamlilik xususiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O'tmish manzaralarini jonlantirgan usta xonadonida kulolchilik buyumlaridan tashqari kashtachilikning o'ziga xos namunalarini ham uchratish mumkin. Ularni tomosha qilgan har qanday inson mayin ipaklardagi ranglar falsafasi hamda mohir qo'llar yaratgan go'zallikdan hayratda qolishi tabiiy. Mavluda opa Nazrullayeva bugun farzandlari va shogirdlari bilan birga momolarimizdan meros bo'lib kelayotgan kashtachilik an`analarini davom ettirish orqali ana shunday betakror san`at namunalari yaratib kelmoqda.

- Bu hunarni qaynonam Mustabshira ayadan o'rganganman, - deydi Mavluda Nazrullayeva. - Avvallari kashtachilikka bu qadar e`tibor qaratilmas edi. Mustaqillik sharofati bilan milliy qadriyatlarimiz barobarida hunarmand­chilik an`analarini qayta tiklash va rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar samarasi o'laroq, kashtachilik ham o'ziga xos san`at turi sifatida taraqqiy etib bormoqda. Ayni paytda u ko'pchilik ayollarning, ayniqsa, yosh qizlarimizning sevimli mashg'ulotiga aylangan.

Dunyoga bo'ylab

Yaqinda AQShning Santa-Fe shahrida «FolkArtMarket» 7-xalqaro hunarmandlar ko'rgazmasi o'tkazildi. Aytish joiz, Santa-Fe milliy muzeyi, Nyu-Meksika shtati rahbariyati va bir qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etiladigan ushbu nufuzli ko'rgazmaga ishtirokchilar tanlov asosida taklif qilinadi. Xususan, 2010 yil ko'rgazmaning tashkiliy qo'mitasiga dunyoning 51 mamlakati vakillaridan 600 dan ortiq arizalar qabul qilinib, 150 nafar nomzod ko'rgazmada ishtirok etishga munosib deb topildi. Ular orasida g'ijduvonlik hunarmandlarimiz Abdulla va Mavluda Nazrullayevlar ham borligi quvonarlidir.

- Mazkur ko'rgazmada so'zana, belbog', nimcha, yostiq jildlari kabi kashtachilik namunalari bilan ishtirok etdik, - deydi Mavluda opa. - Ulardagi naqshlar, bezak choklari, rang­lar uyg'unligi, ipaklardagi nafislik odatdagidek xorijlik san`at ixlosmandlarining e`tiborini tortdi. Haqiqatdan ham, bunday asarlarni qo'l yordamida qanday yaratish mumkinligi ko'pchilikni o'ylantiradi. Men ana shunday paytlarda ular ko'z o'ngida kashtachilikning biror namunasidan tikib ko'rsataman. Bu esa ularning qiziqishini yanada orttiradi.  

Darhaqiqat, oddiy tuproqdan naqshinkor buyum ishlash, igna bilan matoga gul qadash or­qali yaralgan san`at chin ma`noda mohir qo'llar mo'`jizasidir. Shuning uchun ham ushbu san`at go'zalligi o'zining sehr va jozibasi bilan har qanday insonni maftun etadi. Bunday go'zallik yaratuvchilarining mehnati esa hamisha yuksak qadr va e`tiborga munosibdir.

Feruza MIRZAKOMILOVA,

«Jamiyat» muxbiri

121 marta o`qilgan