Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Manaviyat
Mohiyatida ezgulik va mehr-oqibat mujassam
03.11.2011 21:39
Yurtimizda istiqlol yillarida milliy ma`naviyatimiz, azaliy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Buyuk ajdodlarimizning ma`naviy merosiga munosabat tubdan o'zgarib, ularning tabarruk qadamjolari obod ziyoratgohlarga aylantirildi. Shu bilan birga mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab, davlatimiz rahbari Farmoniga muvofiq, Ramazon va Qurbon hayitlari umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinayotir.

Ta`kidlash o'rinliki, yurtimiz azaldan insoniyat tamadduni, jumladan, islom madaniyati beshiklaridan biri sifatida e`tirof etilgan. Tenglik, ezgulik, insonparvarlik g'oyalarini o'zida ifoda etgan islom dini xalqimizning turmush tarzi, azaliy qadriyatlari, ma`naviyatining ajralmas qismiga aylandi.

Davlatimiz rahbarining yaqinda e`lon qilingan «Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida»gi Qaroriga muvofiq, bu yil ham mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida Qurbon hayiti ko'tarinki ruhda nishonlanadi. Mazkur Qarorga muvofiq, ayni kunlarda hayitni tartibli va yuqori saviyada, xal­qimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o'tishi, bayram kunlari joylarda yong'in xavfsizligini ta`minlash, yo'l harakatini tartibga solish borasida mutasaddi idora va tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko'rilmoqda. Shuningdek, bunday fazilatli kun munosabati bilan yurtimizdagi ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar yana bir bor tartibga keltirilib, ziyoratchilar tashrifi uchun sharoitlar yanada yaxshilanayotir.

Aytish o'rinliki, muborak Qurbon hayiti xursandchilik, ixlos nashidasi tantanasidir. Shu bois ushbu hayit kunida barchamiz xursandchilik va shodu xurramlikda do'stlarimiz va yaqinlarimizni, jamiki qavm-qarindoshni bu qutlug' ayyom bilan samimiy tabriklaymiz.

Mustaqillik sharofati bilan ushbu fazilatli kunlarda dunyo mo'min-musulmonlari qatori yurtimizdan ham minglab vatandoshlarimiz Baytullohda ulug' haj ibodatida hozir bo'lib turishibdi. Davlatimiz tomonidan ularning muborak Haj ziyoratiga emin-erkin borib kelishlari hamda Vatanimizga sog'-salomat qaytishlari uchun barcha sharoit yaratib berildi. Yurtimizdan tashrif buyurgan hojilar Olloh taolodan o'zlari, oilalari va yurtlarini hifzu himoyasida saqlashini so'rab, astoydil duolar qilishmoqda.

Qurbon hayiti kunlari shuni mamnuniyat bilan eslaymizki, mustaqilligimizning ilk kunlaridanoq diyorimiz musulmonlariga o'zlarining diniy marosimlarini to'la ado etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi. Shu bilan birga vijdon erkinligi haqida me`yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mamlakatimizda dinlararo va millatlararo bag'rikenglikni ta`minlashga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Asosiy Qonunimiz - O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining e`tiqod erkinligini ta`minlashga mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan bo'lib, bu jihatlar tinch­lik, osoyishtalik, ahillik va totuvlikni ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda mamlakatimiz miqyosida faoliyat yuritayotgan barcha masjidlarda mo'min-musulmonlar bemalol emin-erkin ibodatlarini ado etmoqdalar. Shuningdek, diniy ta`lim muassasalari takomillashtirilib, mazkur sohada mutaxassislar tayyorlash ishlariga katta e`tibor berilmoqda. Vaholanki, bundan yigirma yil avval, islom madaniyati, musulmon dini va uning qadriyatlari haqida gapirishning o'zi mumkin emas edi. Umuman, din haqida, imon haqida so'z aytish esa jinoyat bilan barobar bo'lib qolgandi.

Butun islom olamida ma`lumu mashhur sanalgan Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro singari yetuk namoyandalari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk muhaddislar va allomalarning muborak nomlari  qayta tiklandi, ularning abadiy qo'nim topgan joylari ziyoratgoh va qadamjolarga aylantirilib, obod etildi, ilmiy-ma`naviy meroslari qadr topdi. Muhtasham masjidlar bunyod etilib, muqaddas dinimizdagi insonparvarlik g'oyalarining mazmun-mohiyatini keksayu yosh ongiga singdirish uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etildi. Bularning barchasi uchun, albatta, istiqlol bergan imkon samarasi sifatida  har qancha shukrona qilsak arziydi.

Albatta, joylarda o'tkazilishiga hozirlik ko'rilayotgan qadriyatu, urf-odatlarimizga xos bo'lgan muqaddas Qurbon hayitining mohiyatida mujassam bo'lgan insoniylik, yaxshilik, ma`naviy pok­lik fazilatlarini e`zozlash, yurtimizda dinu-diyonatimizni tiklash, vijdon erkinligini ta`minlash, buyuk allomalarimizning boy ilmiy merosini chuqur o'rganish, ularning muqaddas qadamjolarini obod qilish borasidagi keng ko'lamli ishlarimizni targ'ib etish, azal-azaldan ushbu muborak oyda amalga oshirib kelinadigan yordam va ko'makka muhtoj insonlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish bo'yicha olib boriladigan ishlarni yanada kuchaytirishi shubhasiz.

Rahmatullo SAYFUDDINOV,

Toshkent shahridagi «Xo'ja Alambardor»

jome` masjidi imom xatibi

 

73 marta o`qilgan