Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Manaviyat
Navoiy dahosiga ehtirom: yangi nashrda yana bir bor o'z aksini topmoqda
15.09.2011 22:54

Xalqimiz ongi va tafakkuri, badiiy madaniyatining yuksalishida g'azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning ijodiy faoliyati beqiyos ahamiyatga ega. Aytish joizki, mustaqillik yillarida mamlakatimizda milliy o'zlikni anglash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod tafakkuri, didi va ma`naviyatini yuksaltirish yo'lida amalga oshirilgan ulkan ishlar jarayonida hazrat Navoiyning boqiy merosi ham qadr topdi. Xalqimizning eng ulug', eng aziz bayrami arafasida G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan Alisher Navoiy asarlarining 10 jildlik to'la asarlar to'plami nashr etilishi ham xalqimiz ma`naviy hayotida katta voqea bo'ldi. Muxbirimizning mazkur nashriyot-matbaa ijodiy uyi bosh muharriri Ilhom Zoyir bilan suhbati shu xususida kechdi.

- Bashariyat tarixida shunday buyuk siymolar o'tganki, ular mislsiz iroda, teran aql-idrok va ezgu ishlari bilan xalqning muqaddas timsoliga aylanganlar, - deydi suhbatdoshimiz. - Ular ulug' xizmatlari tufayli nafaqat o'z el-yurti, balki dunyo ahli tomonidan e`zozlanadi, asrlar davomida qadrlanadi, e`tirof etilib, hurmat-ehtirom ko'rsatiladi. Ayni vaqtda bu benazir zotlar o'rtasida quyoshdek porlab turadigan shunday bir buyuk daho borki, u - milliy she`riyatimiz, adabiyotimiz sultoni Alisher Navoiydir. Bu buyuk zot haqida so'z borganda, davlatimiz rahbarining ul zotni ulug'lovchi: «Agar bu ulug' zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir», degan so'zlarini ta`kidlab o'tish joizdir.

Navoiy adabiy merosi bardavomligining siri - uning asarlarida kuylangan umumbashariy o'lmas fikrlar insonparvarlik g'oyalari bilan sug'orilgan bo'lib, ularda ezgulik, xalq­lar do'stligi, haqiqiy sevgi, adolat kabi insoniy xislatlar o'zining ifodasini topganligida, inson komilligini ulug'lash va sevgisini tarannum etilishidadir. Shuning uchun ham qariyb besh yuz yildan ortiq vaqt o'tibdiki, shoir ijodiga qiziqish bir dam bo'lsa-da susaygan emas. Ayniqsa, mustaqillik davrida Navoiyni o'qib-o'rganishga bo'lgan intilish yanada oshdi va shoir asarlari qayta-qayta nashr etib kelinmoqda. Birgina nashriyot-matbaa ijodiy uyimiz tahririyati istiqlol yillarida Navoiyning shoh asari «Xamsa» dostonlarini, «Lison ut-tayr» asarini va «Vafo qilsang» g'azallar to'plamini kitobxonlar e`tiboriga havola etdi.

- Ilhom aka, ma`lumki, Alisher Navoiyning asarlari avval ham 3, 15 va 20 jildliklar shaklida nashr etilgan. Mazkur nashrning oldingilaridan farqli jihatlari nimada ko'zga tashlanadi?

-Darhaqiqat, Alisher Navoiyning asarlari oldin ham bir necha marotaba ko'pjildlik shaklida nashr etilgan. Biroq ushbu 10 jildlikda bir muncha farqlar mavjud. Xususan, bu nashrda avvalgi nashrlardagi juz`iy kamchiliklar bartaraf etilgan, so'z va iboralarga ma`lum tartibda sharh­lar berilishi bilan birga tasavvufiy so'zlar, tarixiy joy va tarixiy shaxslar nomlari atroflicha izohlangan. Har bir g'azalning alohida sahifalarda berilishi kitobat san`atida ko'pjildlik yaratish tamoyillariga xosdir. Shuning bilan birga 10 jildlik to'la asarlar to'plamiga «Alisher Navoiy asarlari lug'ati» kitobi ham ilova qilinmoqdaki, bu ham o'quvchilarimiz uchun bir yangilikdir.

Adabiyotshunos olimlar yaxshi biladiki, adabiy jarayonda Alisher Navoiyning adabiy merosi to'rt yo'nalish bo'yicha o'rganiladi. Bu shoirning devonlari; dostonlari; fors tilida yozgan asarlari va adabiyotshunoslikka, tarixga, hamda tasavvufga oid nasriy asarlaridir. Biz 10 jildlik to'la asarlar to'plamini xuddi ana shu qonun-qoidadan kelib chiqqan holda nashrga tayyorladik. Xususan, kulliyotning 1, 2, 3 va 4-jildlariga mutafakkirning «Mojolis un-nafois» deb nomlangan to'rt devoni, 5-jildga uning forsiy g'azallari, 6, 7 va 8-jildlarga «Xamsa» dostonlari, 9 va 10-jildlarga adabiyotshunoslik, tarix va tasavvufga oid nasriy asarlari kiritildi.

Kezi kelganda aytish o'rinliki, mazkur nashr ijodiy jamoaning hamkorlik mevasi bo'lib, uning chop etilishida Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti olimlarining, ayniqsa, Suyima Faniyeva, Ibrohim Haqqulov, Sayfiddin Rafiddinov, Ergash Ochilov, Qodirjon Ergashevlarning xizmatlari katta bo'ldi. Ayni paytda nashriyot-matbaa ijodiy uyimiz tahririyati tomonidan ushbu 10 jildlik to'la asarlar to'plamining lotin alifbosidagi varianti ham tayyorlanib, nashr etilishi arafasida turibdi.

- Bugungi kunda nashrning o'ziga xosligini ta`minlashda dizayn ham katta ahamiyat kasb etishim sir emas. Mazkur nashrni tayyorlash jarayonida shu jihatga qanday yondashildi?

- Ushbu 10 jildlik to'la asarlar to'plami birinchi marta zamonaviy dizayn, ya`ni kitobning ham tashqi, ham ichki bezaklari to'rt rangda nashr etildi. Yana bir e`tiborli jihati, nashrning sanitariya-gigiyena tomonlariga ham e`tibor qaratildi, ya`ni oq qog'oz o'quvchilar ko'zini toliqtirib qo'yishi ehtimolidan kelib chiqib, kitobning har bir sahifasiga matn ostidan masxus rang berildiki, bu ko'z charchashining oldini oladi.

Majmuaning mustaqillik bayrami arafasida dunyo yuzini ko'rishida ramziy ma`no bor. Chunki hazrat Alisher Navoiy tarix sinovlaridan o'tgan o'lmas ijodi bilan bizni go'zal va betakror diyorimizdagi tinch-osoyishta, erkin va farovon hayotni asrab-avaylab, uning qadriga yetib, doimo xalqimiz, Vatanimizga muhabbat va sadoqat tuyg'usi bilan, bunyodkorlik ruhiga oshno bo'lib, o'zimizdan yaxshi nom, ezgu xotira qoldirib yashashga da`vat etib kelmoqda. Shundan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, ushbu to'plam mustaqilligimizning ma`naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an`ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ongiga ona yurtga muhabbat tuyg'ularini singdirishga, insonparvarlik g'oyalarini targ'ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sodiq NORBOYEV

suhbatlashdi.

 

 

90 marta o`qilgan