Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Manaviyat
Sohibqiron ma`naviyati sirlari
26.08.2011 15:03

Davlatimiz rahbari «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida buyuk bobokalonlarimizning ma`naviy olami xususida fikr yuritganda, Sohibqiron Amir Temur haqida alohida to'xtalib, tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo'lgan bu mumtoz siymo buyuk saltanat barpo etib, davlatchilik borasida o'zidan ham amaliy, ham nazariy tajribani meros qoldirganini, ilmu fan, madaniyat, bunyodkorlik, din va ma`naviyat rivojiga keng yo'l ochganini  alohida ta`kidlagan edi.

Darhaqiqat, buyuk bobokalonimiz Amir Temurning tafakkuri va dahosi nechog'lik yuksak bo'lganini bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro jamoatchilik ham tan olmoqda va e`tirof etmoqda. Faoliyatini ilmga bag'ishlab kelayotgan tarix fanlari doktori Ahmadjon Choriyev yaqinda «Sohibqiron ma`naviyati» deb nomlangan mo'`jaz va salmoqli kitobni nashr ettirdi.

Ahmadjon Choriyevning ushbu kitobida XIV-XV asrlarda xalqimizning barqaror ma`naviyati to'g'risida so'z yuritilarkan, bunda asosiy tayanch nuqta sifatida buyuk sarkarda faoliyatining qirralari ko'rsatiladi. Asar mustaqillik sabab yurtimizda yashab, faoliyat ko'rsatgan tarixiy shaxs­larga, jumladan, Sohibqiron Amir Temurga nisbatan ehtiromning qaror topishi, bu borada davlatimiz rahbarining tashabbuskorligi, milliy istiqlol va tarixiy xotira konsepsiyasining ilmiy amaliy ahamiyatiga bag'ishlangan maqolalar bilan ochiladi.

Temurbekning tug'ilishi haqida hikoya qilingan qism misrlik Said Mirsharifning «Kitobi Temurnomai forsiy» asari asosida tal­qin etilgan bo'lib, mazmun-mohiyati bilan turkiy «Temurnoma»ga yaqin turadi. Shunga ko'ra, o'quvchida Sohibqironning tug'ilishi bilan bog'liq rivoyatlar sharqda ma`lum va mashhurlik kasb etgan degan tasavvur paydo bo'ladi. «Piru ustozlar e`tirofi», «Harbiy mahorat», «Amir Temurning Rim ahliga ko'rsatgan hurmati» kabi maqolalarda yangi ma`lumotlar keltirilgan. Taftazoniy, al-Jurjoniy, al-Jazariy kabi allomalarga ko'rsatilgan hurmat, umuman ilm ahliga munosabatda Sohibqironning benazir ekanligi namoyon etiladi.

Ahmadjon Choriyev kitobining mundarijasidan o'rin olgan «An`analarga sodiq hukmdor» tadqiqotida Sohibqiron faoliyatida hanuzgacha yetarli tadqiq etilmagan bir jihatga, ya`ni Amir Temur davridagi xalqimiz urf-odatlari, qadriyatlar bilan bog'liq holatlarga alohida e`tibor qaratadi. Ushbu tadqiqotda Rui Gonzales Klavixo esdaliklari asosida Sohibqiron tuzgan to'y anjomi yorqin tasvir etiladi va to'y misolida yurtimizda shakllangan yuksak madaniyat, o'zaro hurmat-ehtirom tuyg'ulari talqin etiladi. Mahobat, dabdaba emas, to'ylarda bayramona kayfiyat keng tus olgani, ularda hamma barobar ishtirok etgani asoslab beriladi.

Sohibqiron ma`naviyati sirlarini ochib beradigan yana bir fasl o'sha davrdagi kutubxonachilik bilan bog'lanadi. Ma`lumki, harbiy yurishlarda Amir Temur hazratlari ko'p yurtlarda bo'lgan, ko'p allomalar bilan uchrashgan. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Sohibqi­ron qayerda bo'lmasin birinchi galda olimlar va ularning kitoblari bilan qiziqqan, olimlarni Samarqandga taklif etib, noyob kitob­lardan kutubxonasini boyitib borgan. Shunga ko'ra, «Sohibqironning ma`naviy xazinasi (Amir Temur davri va kutubxonachilik)» deb nomlangan maqola ham diqqatga sazovordir.

Umuman olganda, «Sohibqiron ma`naviyati» kitobining tadqiqotlar doirasi juda keng. Jumladan, «Amir Temurning xorijiy mamlakatlar bilan yozishmalari», «Amir Temur va olimlar», «Bayramlar va urf-odatlar» deb nomlangan maqolalarda ham mavzuni atroflicha va batafsil yoritishga intilish hissi ko'zga tashlanib turadi. «Amir Temur qo'shinlarini davolagan shifobaxsh buloq», «Qushsifat avliyolar», «Xiyonatni kechirib bo'lmaydi» singari izlanishlar yangi qirralar inkishofi bilan esda qoladi.

Bir so'z bilan aytganda, tarix fanlari doktori Ahmadjon Choriyev murrakab bo'lgan mavzuni - Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davri xalqimiz ma`naviyatini qalamga olib xayr­li ishga qo'l urgan. Asar bilan tanishish asnosida uning ko'p jihatdan foydali tadqiqot sifatida maydonga kelganligiga amin bo'lamiz.

Poyon RAVSHANOV,

tarix fanlari doktori, professor

 

 

101 marta o`qilgan