![]() |
![]() |
![]() |
Manaviyat
Ulug' zakovat va buyuk saltanat sohibi
08.04.2011 10:58
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning jahon tarixida tutgan o'rni va rolini chuqur o'rganish hamda boy merosidan xalqimizni to'la bahramand etish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ta`kidlash o'rinliki, bu jarayonda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tengsiz azmu shijoat, mardlik va donishmandlik ramzi bo'lgan mumtoz siymo - Sohibqiron Amir Temur nomi ham qayta qadr topib, xalqimizning sha`n-shavkati, g'urur, iftixori, ma`naviy qudrati ramziga aylandi. Jumladan, 1996 yilda Sohibqiron tavalludining 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlanib, Amir Temur ordeni ta`sis etildi. Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida, Samarqand shahridagi Ko'ksaroy, Shahrisabz shahridagi Oqsaroy maydonlarida Amir Temurning muhtasham haykallari qad rostlab, ming-minglab yurtdoshlarimiz va yurtimizga tashrif buyurayotgan chet ellik mehmonlar uchun qutlug' maskanlardan biriga aylandi.
"KUCh - ADOLATDADIR"
Biz yuqorida istiqlol sharofati bilan Sohibqiron nomining qayta qadr topganiga bejiz urg'u bermadik. Zotan, mustabid tuzum davrida bu masalada olib borilgan g'arazli siyosat tufayli Amir Temur siymosi jaholat timsoli sifatida ko'rsatib kelindi. Bu esa tarixiy haqiqatni borligicha namoyon etishda chalkash talqinlar va qarama-qarshi fikrlarni vujudga keltirib, odamlar ongu-shuurida muayyan noto'g'ri tasavvur va tushunchalarni shakllantirdi. Aslini olganda, "Kuch - adolatdadir" so'zini o'zining hayotiy shioriga aylantirgan va shunga amal qilib yashagan Sohibqiron Amir Temur nafaqat Vatanimiz, balki jahon tarixida o'zining munosib o'rniga, yuksak mavqega ega buyuk shaxsdir. Bobokalonimizning hayoti va faoliyati, el-yurt oldidagi ulkan xizmatlari yuksak ibrat namunasi sifatida bugungi kunda jahon ahli tomonidan ham haqli ravishda e`tirof etilmoqda. Davlatimiz rahbari 1996 yili muhtasham va ulug'vor Temuriylar tarixi davlat muzeyining ochilish marosimida ta`kidlaganidek, shavkatli ajdodimizning o'lmas xizmati shundaki, u murakkab tarixiy sharoitda xalqning boshini qovushtira bildi. Istilochilarga qaqshatqich zarba berib, Turkiston zaminida ilk bor istiqlol bayrog'ini baland ko'tardi. Parokanda ellar, elatlarni birlashtirib, markazlashgan qudratli davlat tuzdi. Darhaqiqat, shunday. Tarixiy manbalarga e`tibor qaratadigan bo'lsak, Amir Temurning o'smirlik davrida mamlakat parokanda, mahalliy siyosiy kuchlar o'rtasidagi o'zaro qarama-qarshiliklar avj olganiga guvoh bo'lamiz. Taqdir taqozosi bilan Amir Temur ana shunday qiyin va murakkab paytda xaloskor yo'lboshchi sifatida tarix sahnasiga chiqdi. 1370 yilda Amir Temur Balxda bo'lib o'tgan qurultoyda Movarounnahrning ulug' amiri deb e`lon qilindi. Tarqoqlikni bartaraf etib, ayrim o'lkalarni yagona davlatga birlashtirish Amir Temurning asosiy maqsadi edi. U davlatning poytaxti qilib So'g'diyonaning qadimiy poytaxti bo'lgan Afrosiyob xarobalari yonidagi Samarqandni belgiladi. Amudaryo bilan Sirdaryo oralig'i, shuningdek, Farg'ona va Shosh viloyatlarini birlashtirgan Amir Temur boshqa mamlakatlarga harbiy yurishlarga kirishdi hamda Hind va Gangadan to Sirdaryo va Zarafshongacha, Tyan-Shandan to Bosforgacha ulkan imperiya barpo etdi. E`tiborli jihati shundaki, u ushbu mamlakatlardagi tarqoqlik va boshbodoqlikka barham berish bilan birga obodonchilik va bunyodkorlik ishlariga ham bosh-qosh bo'lib, ilmu fan, madaniyat rivojiga keng yo'l ochdi. Jumladan, Bag'dod, Darband va Baylakon shaharlarini qayta tiklab, shahar va qishloqlarda rabotlar, qal`alar, ko'priklar, shaharlarda masjid va madrasalar hamda bog'-u bo'stonlar barpo etdi. Shuningdek, Sharq bilan Farbni bog'lovchi qadimiy karvon yo'llarini tiklab, bu bilan nafaqat Movarounnahr, balki Uzoq va Yaqin Sharq mamlakatlarining iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga xalqlar va mamlakatlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishga ulkan hissa qo'shdi. Buning natijasida mamlakat iqtisodiyoti mustahkamlandi, savdo va hunarmandchilik ishlab chiqarishi rivojlana boshladi, qo'shni va uzoqdagi mamlakatlar bilan savdo-xo'jalik aloqalari kengaydi. Ta`kidlash o'rinliki, Amir Temur davlatlar o'rtasida hamkorlik munosabatlarini rivojlantirib, savdo-iqtisodiy aloqalarni yo'lga qo'yish borasida keng ko'lamli ishlarni amalga oshirgan mohir diplomat sifatida tarixdan munosib o'rin egalladi. "Temur tuzuklari"da "Siyosatda maslahat, mulohazakorlik, o'ylab ish qilish qurol kuchidan ko'ra o'n baravar foydaliroqdir" degan chuqur mazmunli so'zlar bitilgan. Sohibqiron hayoti davomida o'zi ham ana shu fikrga tayangan holda dunyoning turli mamlakatlari bilan samarali diplomatik aloqalarni yo'lga qo'ydi. Tarixchi olim Sharafiddin Ali Yazdiyning guvohlik berishicha, Amir Temur "obodonchilikka arziydigan bir qarich ham yer bo'sh qolmasin", deb qayg'urardi. Ana shu jihatlari bilan Amir Temur nafaqat dunyoni zabt etgan mashhur sarkarda, balki davlat tuzilishi ishlariga, ilm-fan, ma`rifat, madaniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qo'shgan siyosiy arbob sifatida tarixga kirdi. Chingizxon va uning avlodlarining qo'shinlari tomonidan vayron qilingan Samarqand, Kesh, Buxoro, Termiz, Toshkent, Marv, Hirot kabi qadimiy shaharlar obod bo'lib, masjidu madrasalar, maqbaralar, karvonsaroylar va hammomlar qurildi. Me`mor va bunyodkor ustalarning bahamjihat sa`y-harakatlari tufayli jahon me`morchiligida yangi yo'nalish paydo bo'lib, bunyod etilgan me`moriy yodgorliklarda inson tafakkuri, aqli va salohiyatining benazir kashfiyotlari o'z ifodasini topdi. Ta`kidlash joizki, shu kunlarda tavalludining 675 yilligi keng nishonlanayotgan buyuk ajdodimiz Amir Temurning bashariyat oldidagi yuksak xizmatlari munosib baholanmoqda. Bugun yurtimizda, xorijiy mamlakatlarda Temur va temuriylar davri haqida ko'plab kitoblar nashr etilib, dunyoning ellikdan ortiq mamlakatida temurshunos olimlar faoliyat ko'rsatmoqda. Muxtasar qilib aytganda, mustaqillik tufayli Sohibqiron Amir Temur siymosi, u qoldirgan boy ma`naviy meros millatimiz timsoliga, xalqimizning qalb mulkiga aylanmoqda. Zero, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, "Amir Temurni anglash - o'zligimizni anglash, demakdir". Tangriqul HAMROYeV, Hakim AZIMOV, tarix fanlari nomzodlari 142 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|