Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Manaviyat
Yuksak ma`naviyat targ'ibotchilari
18.03.2011 09:16

Bugun Vatanimiz istiqlolini asrash, xalqimizning osoyishta, farovon hayotini qadrlash, ogohlikni qo'ldan bermaslik, farzandlarimiz qalbini turli zimdan uyushtiriladigan g'oyaviy ta`sirlardan himoyalashdan ko'ra muhim vazifa bo'lmasligi kerak.

Yaqinda poytaxtimizdagi O'zbek Milliy akademik drama teatrida Respublika Ma`naviyat targ'ibot markazi tomonidan tashkil etilgan "Yilning eng faol ma`naviyat targ'ibotchisi" respublika ko'rik-tanlovining yakuniy bosqichi g'oliblarini taqdirlashga bag'ishlangan tadbirda shu haqda so'z yuritilar ekan, bu borada ma`naviyat targ'ibotchilari zimmasiga ham ulkan mas`uliyat yuklangani qayd etildi.

Aytish joizki, mazkur tanlovning vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlar tizimida o'tkazilgan bosqichi ishtirokchilari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy-madaniy markazlar vakillari, mahallalar, diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchilar, o'qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etgan tadbirda so'zga chiqqanlar yurtimizda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 25 avgustda qabul qilingan "Milliy g'oya targ'iboti va ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini oshirish to'g'risida"gi Qarori yurtimizda mazkur sohani tubdan isloh qilish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlod ongini zararli mafkuraviy ta`sirlardan himoyalash borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlarning huquqiy asosi bo'lib xizmat qilmoqda.

Ta`kidlanganidek, ayni zamonda mamlakatimizning barcha bo'g'indagi ta`lim maskanlarida ta`lim-tarbiyaning uyg'un olib borilayotgani yosh avlodni azaliy milliy qadriyatlarimiz ruhida kamol toptirishga xizmat qilmoqda. Bunda ta`lim muassasalarida o'qitilayotgan "Milliy istiqlol g'oyasi va ma`naviyat asoslari" fani, ma`naviyat soatlari, turli ko'rik-tanlovlar, anjumanlar, ma`naviyat targ'ibotchilari, olimlar, yozuvchi-shoirlar, ijodkorlar ishtirokidagi uchrashuvlar o'ziga xos ma`naviyat maktabi vazifasini o'tamoqda.   

"Yilning eng faol ma`naviyat targ'ibotchisi" respublika ko'rik-tanlovi esa bu boradagi tadbirlar orasida ma`rifiy targ'ibot-tashviqot ishlarida erishilgan ilg'or tajribalarni yanada ommalashtirish, sohadagi dolzarb vazifalarni belgilab olishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.

Joriy yilda ham O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Respublika "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi, Respublika Baynalmilal madaniyat markazi, Milliy g'oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, O'zbekiston "Mahalla" xayriya jamg'armasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida o'tkazilgan mazkur ko'rik-tanlovda qatnashchilarning siyosiy-huquqiy bilimi, ma`naviy sohadagi bilimini yaxshi yetkaza olishi, yurtimiz va dunyoda sodir bo'layotgan voqea-hodisalarni chuqur mushohada qilishi, umuman, mahoratu qobiliyati sinovdan o'tkazildi. Ma`naviyat targ'iboti ishiga qo'shayotgan hissasi e`tiborga olindi.

Ana shunday sinovdan muvaffaqiyatli o'tgan Respublika Ma`naviyat targ'ibot markazi Namangan viloyati bo'limining faol ma`naviyat targ'ibotchisi To'xtaxon Rahimova Namangan tumanidagi Istiqlol nomli mahallada mo'`jazgina uy-muzey tashkil etgan. U milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va qadrlash, ota-bobolarimizning ma`naviy merosini o'rganish, ayni paytda yosh avlodga bekamu-ko'st yetkazish maqsadida butun vodiy bo'yicha uyma-uy yurib topgan milliy liboslarni, ma`naviy boyliklarimiz hisoblanmish kitoblar, qo'lyozmalar, uy-ro'zg'or buyumlarini mazkur muzeyga keltirgan.

- Muzey beqiyos ma`naviyat o'chog'idir, - deydi To'xtaxon Rahimova. - Muzeyimizga qiziquvchilar ko'p. Ularga milliy qadriyatlarimiz haqida tushuncha berish asnosida ma`naviyat targ'ibotiga ham erishamiz. Bundan tashqari, muzeyga yaqin joyda qishloq yoshlari uchun kutubxona ham ochganmiz. 7 ming kitob fondiga ega bu ziyo maskani ham bu boradagi maqsad-vazifalarimizga erishishda muhim omil bo'lmoqda.

Tanlovda To'xtaxon Rahimova singari Toshkent davlat pedagogika universitetining "Milliy g'oya va ma`naviyat asoslari" kafedrasi o'qituvchisi Gavhar Oyxo'jayeva, Namangan davlat universiteti "Jahon tarixi" kafedrasi dotsenti Baxtiyor Isoqov, Sirdaryo viloyati Guliston pedagogika kasb-hunar kolleji direktorining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Shoira Fayziyeva, Samarqand shahridagi 2-umumiy o'rta ta`lim maktabi direktorining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Nafisa Yahyoyeva, poytaxtimizdagi G'afur G'ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog'ining bo'lim boshlig'i Muzaffar Ja`farov, Respublika "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasining Qashqadaryo viloyati bo'limi rahbari Dilshod Karimov, Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi "Andijon" qishloq fuqarolar yig'inining diniy ma`rifat va ma`naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo'yicha maslahatchisi Muhabbat Turdiyeva, Samarqand huquqshunoslik kolleji o'qituvchisi Dilshod Xolmurodov, O'zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi, O'zbekiston xalq artisti To'ti Yusupova, Respublika Arman milliy madaniyat markazi raisining o'rinbosari, Toshkent shahar Arman milliy madaniy markazi raisi Sergey Andriasov ham g'olib deb topildi. Ularga tadbir so'nggida diplom va esdalik sovg'alari topshirildi.

Feruza MIRZAKOMILOVA,

"Jamiyat" muxbiri

 

 

 

150 marta o`qilgan