![]() |
![]() |
![]() |
Muhokama uchun mavzu
Boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlari: yoki el sog'lig'ini mustahkamlashga xizmat qiluvchi yana bir huquqiy asos
14.08.2010 00:32
Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq navqiron avlodni har tomonlama sog'lom etib voyaga yetkazishga ustuvor vazifalardan biri sifatida e`tibor qaratilgan edi. Bugungi kunda esa ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida aholi salomatligini mustahkamlash, sog'lom farzandni dunyoga keltirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida keng ko'lamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz salomatligining ajralmas qismi hisoblangan, hayot uchun o'ta muhim ahamiyatga ega moddalar, ya`ni mikronutriyentlar yetishmasligining oldini olish maqsadida joriy yilning 7 iyunidan e`tiboran O'zbekiston Respublikasining «Aholi o'rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to'g'risida»gi Qonuni kuchga kirdi. Ushbu qonundan ko'zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz aholisi o'rtasida oziq-ovqat mahsulotlarining boyitilishini ta`minlash, shuningdek, mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi bo'yicha o'tkaziladigan tadbirlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish bilan bog'liq munosabatlarni tartibga solishdir. Ma`lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2005 yil 11 avgust kuni qabul qilingan «Unni boyitishga oid Davlat dasturi»ni amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarorga asosan ayni paytda yurtimizda unni boyitilgan holda muntazam iste`mol qilinayotgani natijasida anemiya kasalligiga chalingan bemorlar soni 3-5 foizga qisqargani qayd etilmoqda. Yangi qonunning kuchga kiritilgani esa bu borada olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Mazkur qonunda mikronutriyentlar - inson organizmining normal o'sishi va rivojlanishi uchun zarur bo'lgan, o'rnini boshqa narsa bosa olmaydigan oziq-ovqat moddalari (vitaminlar va mineral moddalar) ekani; mikronutriyent yetishmasligi - inson organizmining oziq-ovqat bilan tushadigan mikronutriyentlar yetarli emasligi sababli kasalliklarning rivojlanishiga olib keladigan holati; boyitilgan oziq-ovqat mahsuloti - ishlab chiqarilishi jarayonida mikronutriyentlar bilan boyitilgan (fortifikatsiya qilingan) oziq-ovqat mahsuloti; mikronutriyentlar saplementatsiyasi - aholining muayyan guruhlari o'rtasida mikronutriyentlarning dori vositalari tarzida profilaktik dozalarda qo'llanilishi ekani belgilangan. Bundan tashqari, qonunda aholini mikronutriyentlar bilan boyitilgan oziq-ovqat mahsuloti bilan ta`minlashga qaratilgan ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish, oziq-ovqat mahsulotini boyitish uchun vitamin-mineral aralashmalarning sifati hamda xavfsizligi ustidan davlat nazoratini ta`minlash, boyitilgan oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqarilishini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotini boyitish uchun vitamin-mineral aralashmalar ishlab chiqarilishini qo'llab-quvvatlash, aholi o'rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasiga qaratilgan dasturlar amalga oshirilishini monitoring qilish va baholash, mikronutriyent yetishmasligini aniqlovchi zamonaviy texnologiyalarni va uning profilaktikasi usullarini rivojlantirish borasida ilmiy tadqiqotlarni qo'llab-quvvatlash davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari sifatida qayd etilgan. Qonunda fortifikatsiyalangan, ya`ni boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlarini faqatgina yuridik shaxslar ishlab chiqarishi mumkinligi belgilangan. Bu esa o'z navbatida ushbu mahsulotlarning tegishli tartibda sertifikatlanishi, litsenziyaga ega bo'lishini bildiradi. Shuningdek, qonunda aholi o'rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasiga qaratilgan notijorat tusdagi reklama ijtimoiy reklama axboroti ekani va uni tayyorlovchilar hamda tarqatuvchilar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanishlari mumkinligi belgilangan. Ta`kidlash joizki, ushbu qonun me`yorlari xalqaro umume`tirof etilgan qoidalarga muvofiq keladi. Xususan, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan emizikli bolalar hamda kichik yoshdagi bolalarni emizish va ovqatlantirish bo'yicha uslubiy qo'llanmada bolalarning oziq-ovqatida, qolaversa, ularni emizayotgan onalarning ham oziq-ovqatida boshqa mineral va vitamin moddalar bilan birga mikronutriyent guruhiga kiritilgan moddalar ham mavjud bo'lishi shart ekani belgilangan. Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida ham mikronutriyentlar yetishmasligiga qarshi choralar belgilanganini kuzatish mumkin. Jumladan, unni boyitish bilan bog'liq dasturlar Rossiya, Moldova, Qozog'iston, Ozarbayjon, Armaniston kabi davlatlarda ham amalga oshirilayotgan bo'lsa, Turkiya, Bolgariya va Ruminiya davlatlarida mazkur dasturlar endi ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, shu kabi qonun hujjatlari dunyoning ellikdan ziyod mamlakatlarida ham mavjudligi sayyoramiz miqyosida boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlariga e`tibor katta ekanidan dalolatdir. Aytish mumkinki, «Aholi o'rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to'g'risida»gi Qonun nafaqat mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojdan kelib chiqib qabul qilingan, balki umume`tirof etilgan xalqaro hujjatlar talablari, qolaversa, ilg'or xorijiy tajriba asosida amaliyotga tatbiq etilgan muhim me`yoriy-huquqiy hujjatdir. Ushbu qonunning amaliyotga tatbiq etilishi davlatimizda mikronutriyent yetishmasligi bilan bog'liq kasalliklarning oldi olinishi uchun huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi. Bu esa yosh avlodni sog'lom va barkamol qilib voyaga yetkazishda g'oyatda dolzarb ahamiyatga egadir. Alisher HAZRATQULOV, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining yetakchi ilmiy xodimi
222 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|