![]() |
![]() |
![]() |
Muhokama uchun mavzu
Dildagi dardlar
18.12.2011 18:41
So'zdirki nishon berur o'lukka jondin, So'zdirki berur jong'a xabar jonondin. Insonni so'z ayladi judo hayvondin, Bilkim, guhari sharifroq yo'q ondin. Hazrat Alisher Navoiyning «Nazm-ul javohir» («Nazm javohirlari») asaridan olingan bu to'rtlik - ruboiy so'zning qadri haqida, o'rni va ahamiyati xususida mukammal tushuncha beradi. Ha, so'z o'likka jon, jonga esa jonondan nishon-belgi, xabar berib, insonning tirikligini ayon etadi. So'z insonni maxluqot dunyosidan ayirib, eng ulug' ne`mat - ongga, tafakkurga, mushohadaga qodir etuvchi, sezgi-instinktlar emas, balki his-tuyg'u, ehtiroslar bag'ishlovchi ne`mati, dunyodagi barcha sharif-e`zozli, mo'`tabar hodisalardan sharifroq asl gavhar deydi so'z mulkining sultoni ulug' bobomiz. Bu ta`rifdan o'tkazib, hech bir boshqa ijodkor balandroq sifatlar berolmagan bo'lsa-da, biroq so'z san`ati paydo bo'lgan zamonlardan beri barcha ulug' mutafakkirlar so'z haqida noyob fikrlar qoldirganlar. Demak, so'zning rutbasi shunchalar ulug', shunchalar qadrli ekan, undan bilib va ehtiyotlik bilan foydalanish zarur. Qo'shiq - she`r va kuy birligidan tug'iluvchi hodisa. Ijro esa uning umrini ta`min etguvchi jon, quvvatdir. Shu uch birlikda qo'shiq yaraladi va yashaydi. Shunday ekan, qo'shiqni ijro etuvchilar ham, unga umr bag'ishlaguvchilar ham mas`uliyatni obdon his qilmoqlari, behuda hoyu xavasdan ko'tarilib, san`at dunyosi bilan yuzma-yuz tura olishga qodir bo'lishlari shart. Yaqinda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi va «O'zbeknavo» estrada birlashmasi hamkorligida «Yuksak ma`naviyat - san`atkor odobining mezoni» mavzuida davra suhbati o'tkazildi. Tadbirda mumtoz va estrada qo'shiqchilik san`ati yo'nalishida ijod qilayotgan san`atkorlar, musiqashunos olimlar, bastakor va shoirlar, klipmeykerlar, «Nihol» mukofoti sohiblari, «Yagonasan, muqaddas Vatan!» hamda «Qalbimda Vatan madhi» ko'rik-tanlovlari sovrindorlari, estrada guruhlari, yosh ijrochilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Davra suhbatida musiqa san`atimizda yaratilayotgan asarlarning mavzu jihatidan rang-barangligini ta`minlash, shuningdek, ijro mahorati va sahna madaniyatini yuksaltirish orqali xalqimiz ma`naviyatini yanada boyitish masalasi atroflicha muhokama etildi. Zamonaviy va milliy estrada yo'nalishida yaratilayotgan musiqa asarlarida milliy qadriyatlar, an`analarga sodiqlik ruhini yanada kuchaytirish xususida so'z yuritildi. Darhaqiqat, hozirda qo'shiqchilik, xususan, milliy estrada haqida ko'p fikrlar aytilyapti. Aniqrog'i, aytilyaptiyu ko'proq ko'cha-ko'yda, do'sti yorlar gap-gashtaklarida va hatto ommaviy axborot vositalarida. Ammo, bunday aytish shamol - esadiyu ketadi qabilida, iz qoldirmayotgandek. Vaholanki, biz hozirgi ommaviy qo'shiqchiligimiz xususida hamma yerda turli munosabat bilan asosli qilib maqtov yo tanqid ayta bilmog'imiz, bunda barcha ommaviy axborot vositalaridan foydalana olmog'imiz zarur. Sababi qo'shiq - jon ozig'i, qo'shiq - aytilgan so'zu otilgan o'q, xonanda sayyod - ovchi misol dillarni navolari bilan tinglovchini o'ziga asir etadi. Bugungi kunda jamiyat va munosabatlar ichra yashayotgan barchamiz, istaymizmi yo'qmi, «qo'shiq» mikroolamining fuqarolarimiz. Ammo hozir o'shanday tom ma`nodagi qo'shiqlarning salmog'i-soni qancha, shovqin-surondan, beparda harakatlardan holi, so'zi ma`ni-matrali kliplar, videoaylanmalar, alohida yozib olingan san`at darajasidagi ijrolar sonu miqdori necha ekan? Va shunday ijrolar davlat va xususiy teleradiokanallar orqali kuniga necha marotaba berilar ekan? Afsuski, hatto ko'pchilik shinavandalar orziqib kutadigan «Mash`al» radiokanali ham o'z an`ana va tamoyillariga befarqroq bo'lib borayotgandek... Modomiki, qo'shiqda she`r salmog'i, zamonaviy qo'shiqchilikda so'zning o'rni xususida fikr bildirmoq lozim ekan, albatta, professional shoir, tom ma`nodagi she`riyat bilan muntazam ishlaydigan hofiz-xonandalarimiz kam emasligini aytmoq kerak. Bularning aksariyati, albatta, asosan maktab ko'rgan, ustoz-shogirdlik an`analarida tarbiya topgan, musiqa-ohangni, she`r matni-mazmunini to'la anglab, ularning uyg'unligi uchun izlanadigan nisbatan tajribali, bilimli, tushuncha va mulohazali ijrochilar. Shunga yarasha ularning e`tirofi, shuhrati ham bor. Ammo shunday «sun`iy» usulda urchigan qo'shiqchilar, havaskoru havasmandlar borki, ularning bor-yo'q darajasi ko'ngilochar xiyobonlardagi «karaoki»gacha bo'lgani holda ular turli mulkiy tasarrufdagi efirlarga chiqib, ildiz otib, urchib ketyaptilar. Mana ularning «qo'shiq»lari matnlaridan ba`zi namunalar: Maza-mazali Shirin so'zing mazali, Rosa-rosali Yoqimlisan rosali. (Jo'rabek qo'shig'i)
To'xtamayman sevishdan So'nggi nafasimgacha. To'xtamayman sevishdan Senga yetmasimgacha. (Tamilla qo'shig'i)
Zamonaviy sovchilar Uyimizga har kun kelar. Yurak urar duk-duk, Soat o'tar tuk-tuk. Hamma o'z baxtini kutar. (Ruxshonaning «Zamonaviy sovchilar» qo'shig'i) Oshiq Majnun Jonim qurbon. Qiynamagin Men Layliman. Qarang-a, Majnun oshiq ekanu Laylini qiynar ekan. Hammamiz bilgan Majnun Layli ishqida beadad azobu qiynoqlarda sarson kezguvchi edi, qo'shiqchi Tamillaxon esa butun ishq dostonini chappasiga aylantirib tashlamoqchi bo'libdi. Hozirda balki millionlab o'spirin yigitu qizlarni o'ziga «mixlab», «ergashtirib» ketayotgan «xonanda» va «kinoaktyor», «prodyusser» Jahongir Foziljonov esa har qanday gap qo'shiq bo'laveradi, fikr, g'oya, tuyg'u degan tushunchalar menga «yot» qabilida shunday «qo'shiq» «kuylaydi»: Dachalar bor, dachalar... Shomurod akam qattalar. Avvalroq uning Ko'chamizda bor bir krutoy bola u. Palajeniya yonida chestniy bo'lar u, Maykani ustidan taqadi galstuk, U znaminitiy, u Nortoy. kabi aljirashlarini eshitib, «ha, endi...» deganlar bo'ldi. Aslida, ana shu «ha, endi...» mutlaqo noto'g'ri yondashuvdir, zero davlatimiz rahbarining «Yuksak ma`naviyat-engilmas kuch» risolasida aytilganidek, «beparvo odam dushmandan ham xavfliroqdir», «qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o'zbo'larchilikka tashlab qo'yilsa, o'sha yerda ma`naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi». Mamlakatimiz rahbarining bu fikrlari hozirda millionlab «yoshlarimizning o'ziga xos «ma`naviy dunyosi»ga aylanib qolayotgan badbin, tuban shovqinbozlikdan, hech narsani, fikrsizlikni me`yorga aylantirib qo'yayotgan yuqoridagi kabi «namuna»larga beparvo qarab turishga xech bir yurt fuqarosining haqqi yo'q ekanini anglatadi. Binobarin, masala-muammo nihoyatda jiddiy. Estrada qo'shiqchiligimizda kuzatilayotgan yana bir «g'alat»lik bu ayrim e`tiqodi sust «qo'shiq aytarlar»ning o'z nayranglarini klassika niqobi bilan yashirishga urinishlari. Oxirgi paytda ko'p xonandalar go'yoki Mashrab she`rlariga murojaat etishni urfga aylantiryaptilar. Darhaqiqat, Boborahim Mashrab she`riyati nihoyatda go'zal, bag'oyat darchil, ehtirosli va teran turfa ma`noli. Ayni chog'da g'oyat ohangga moyil, mutolaa qilgan odamni beixtiyor xirgoyi qilib o'qishga majbur etadi. Ayrim zamonaviy qo'shiq aytarlarimiz esa buyuk shoirning g'azal, mustahzod, muxammaslariga «ijodiy» yondashib yo buzib, yo o'zlashtirib, o'zlariga moslashtirib, hatto bo'lsa-bo'lmasa bir ikki klassik so'z-iboralar ishlatilsa, Mashrabga nisbat berib, repertuarlar yasayaptilar. Ayrimlariga «Bu so'zlarning Mashrabga sira tegishli yeri yo'q-ku», desangiz «Unda xalq so'zi, xalq kuyi» bo'la qolsin, hech kimda shubha uyg'otmaydi» deb «hozirjavob»lik qiladi. Bu endi ma`naviy surbetlik, yuzsizlikning ayni ko'rinishi. Yuqoridagi mulohazalar dildagi dardlarning bir tomchisi. Agar davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, yuksak ma`naviyat xalqimizning kelajakdagi buyukligi yo'lida bir mayoq bo'lsa, unga intilayotgan barcha ongli fuqaro befarqlikdan, loqaydlikdan asranmog'i, ogoh bo'lmog'i, ma`naviyatning «vijdon bedorligi» tamoyilini sira unutmasligi kerak. Shuhrat RIZAYEV, Filologiya fanlari nomzodi
103 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|