![]() |
![]() |
![]() |
Muhokama uchun mavzu
Dildagi dardlar mulohazaga undaydi
18.12.2011 19:23
«Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasining 2011 yil 2 dekabr sonida «Dildagi dardlar» sarlavhasi bilan e`lon qilingan maqola bizda katta taassurot qoldirdi. Qo'shiqchilik, xususan, milliy estradamizning yutuq-kamchiliklari haqida atroflicha so'z yuritilgan ushbu maqolada muallif to'g'ri ta`kidlaganidek, bugungi kunda jamiyat va munosabatlar ichra yashayotgan barchamiz, istaymizmi yo'qmi, «qo'shiq» mikroolamining fuqarolarimiz. Bu fikrlarda jon bor, albatta. Zero, texnologiyalar tobora taraqqiy etayotgan hozirgi zamonda har bir joyda va vaqtda qo'shiq tinglash imkoniyati tobora oshib bormoqda. Ma`lumki, musiqa san`ati insoniyat tafakkurining betakror xazinasi, ma`naviy kamolot ramzi sanalib, odamlarni nafosat va go'zallikka oshno etishdek qudratli kuchga ega. Qayd etish o'rinliki, xalqimiz hayotida musiqa azaldan katta o'rin tutib kelgan bo'lib, bugungi kunda ham ahamiyatini aslo yo'qotgani yo'q. Davlatimiz rahbari «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida ta`kidlaganidek, kuy-qo'shiqqa, san`atga muhabbat, musiqa madaniyati xalqimizda bolalikdan boshlab, oila sharoitida shakllanadi. Uyida dutor, doira yoki boshqa cholg'u asbobi bo'lmagan, musiqaning hayotbaxsh ta`sirini o'z hayotida sezmasdan yashaydigan odamni bizning yurtimizda topish qiyin, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Darhaqiqat, kuy-qo'shiqqa bo'lgan mehr-muhabbat qon-qonimizga singib ketgan. Hech e`tibor berganmisiz, dalada mehnat qilayotgan dehqon yoki mashinasini tuzatayotgan usta ham o'zi bilmagan holda qo'shiq xirgoyi qilib, ishini davom ettiraveradi. Qolaversa, yaxshi kunlarimizda, to'yu-tomoshalarimizda kuy va qo'shiq alohida fayziyoblik baxsh etadi. Maqolada muallif qo'shiqda she`rning salmog'i, zamonaviy qo'shiqchilikda so'zning o'rni xususida fikr bildirar ekan, maktab ko'rgan, ustoz-shogirdlik ana`analarida tarbiya topgan, professional shoir, tom ma`nodagi she`riyat bilan muntazam ishlaydigan hofiz-xonandalarimiz kam emasligini ta`kidlab, shu bilan birga ular qatorida «sun`iy» usulda urchigan qo'shiqchilar, havaskoru havasmandlar borligini ham taassuf bilan qayd etadi. Fikrimizcha, muallifning «dildagi dardlari» ham shu jarayon bilan bog'liq bo'lib, ayrim yosh ijrochi va guruhlarning keng jamoatchilik e`tiboriga taqdim etayotgan «qo'shiq»lari san`atning hech qanday talab va mezonlariga javob bera olmasligini aniq misollar bilan bayon etadi. Chindan ham bugungi kunda turli tillardagi so'zlarni qorishtirib yoki talaffuzni ataylab buzib aytish kabi nomunosib harakatlarni yangicha uslub deb baholayotgan yosh ijrochilar safi kengayib bormoqda. Bu jarayonda bizning milliy ana`analarimizga, axloq-odob qoidalariga mutlaqo to'g'ri kelmaydigan kliplar ham namoyish etilmoqdaki, bu esa pirovardida, «ommaviy madaniyat»ning xavfli tarzda bo'y ko'rsatishiga zamin bo'lmoqda. Yashirib nima qildik, bu borada ayrim tele va radiokanallarimiz ham «lokomotiv» vazifasini o'tab, «baholi qudrat» hissa qo'shishayotganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Davlatimiz rahbarining nomi yuqorida qayd etilgan asarida bu haqida ham kuyinchaklik bilan quyidagi fikrlar bayon etiladi: «Nafaqat mavzu va musiqa, ijro usullari, balki sahna harakatlarida ham ochiqdan-ochiq ajnabiy «ommaviy madaniyat» ko'rinishlariga taqlid qilish, «yulduzlik» kasaliga chalinish holatlari tez-tez uchrab turayotgani chinakam san`at muxlislarini ranjitmasdan qolmaydi, albatta». Chinakam san`at har doim o'z muxlislariga ega bo'ladi. Bunday san`atning qadr-qiymati yillar o'tgan sayin oshsa oshadiki, aslo kamaymaydi. Ammo, ta`bir joiz bo'lsa, «birrov» uchun mo'ljallangan san`at qisqa vaqtga bo'lsa ham turli jilvalari bilan kishini bir martaga o'ziga chorlab, bir umrga yetadigan salbiy asoratini qoldirishi mumkin. Ta`kidlash joizki, yurtimizda bunday holatlarning oldini olish uchun bir qator ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, san`atkorlar orasida sog'lom ijodiy muhitni shakllantirish maqsadida «Yagonasan, muqaddas Vatan», «Qalbimda Vatan madhi» ko'rik-tanlovlari tashkil etilib, ana`anaviy tarzda «Nihol» mukofoti uchun saralash bosqichlari o'tkazib kelinmoqda. Qolaversa, o'sib kelayotgan yosh avlodning ma`naviy olami va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularning milliy va jahon musiqa madaniyatining mumtoz asarlari bilan birga, ularning kayfiyati va intilishlariga mos keladigan zamonaviy estrada san`ati namunalaridan bahramand bo'lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu esa o'z navbatida, milliy musiqa va qo'shiqchilik san`atining noyob namunalarini keng targ'ib qilishga, an`analarini asrash va rivojlantirishga, yosh avlod qalbida san`atga bo'lgan mehr-muhabbat tuyg'ularini kamol toptirishga xizmat qilmoqda. ...Poytaxtimizdagi muhtasham «O'zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida O'zbekiston xalq artisti, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibasi Munojot Yo'lchiyeva kuylamoqda. Nafaqat xalqimiz, balki xalqaro miqyosda ham millionlab san`atga ixlosmand ko'ngillarni maftun etib kelayotgan san`atkor milliy mumtoz qo'shiqlar, maqomlar, katta ashulalarni noyob ovoz, tuyg'ularga boy ijro bilan maromiga yetkazib kuylaganda zalda qarsaklar yangrab, olqishlar yog'ildi. Ha, xalqimiz san`atni qadrlaydi, iste`dodli san`atkorni e`zozlaydi. Istardikki, ana shunday xalq ardog'idagi san`atkorlar ko'p bo'lsin! Jonibek BOYSUNOV, Toshkent davlat Madaniyat instituti magistranti
105 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|