Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Muhokama uchun mavzu
Ishonchni oqlash mas`uliyati
24.12.2010 14:50

Kimki hayotining har bir daqiqasini chuqur mazmun bilan boyita olsa, o'z umrini behuda o'tkazmagan bo'ladi. Shu bois ahli donishlardan biri «Mazmunli umr hayot shukuhidir» degan ekan. Bugun yurtimizning qay go'shasiga bormang, odamlar hayotga yangicha nazar, intilish va izlanish ruhi bilan yashayotganliklariga guvoh bo'lasiz. Bu tahririyatimizga yil davomida kelgan yuzlab xat-xabarlardan ham ko'rinib turibdi.

Barchamizga daxldor masala

 Yosh avlod ta`lim-tarbiyasi doimo e`tibor talab muhim masalalar sirasiga kiradi. Aytish joiz, yurtimizdagi har bir oila, har bir ota-ona o'z farzandi qiyofasida, unib-o'sib kelayotgan yosh avlod timsolida olijanob insoniy fazilatlarni namoyon etishga qodir barkamol avlodni ko'radi. Andijon viloyatining Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi Ra`no Xoliqovaning tahririyatimizga yo'llagan maktubi bilan tanishish asnosida bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.

- Ota-ona uchun farzandining kamolini ko'rishdan ulug'roq baxt bo'lmasa kerak, - deb yozadi Ra`no opa. - Bu esa ta`lim-tarbiya bilan bog'liq uzviy jarayon bo'lib, har bir kishidan katta mas`uliyat talab etadi. «Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasi sahifalarida ana shunday mas`uliyat hissi bilan yo'g'rilgan maqolalarning chop etilayotgani meni quvontiradi. «Siz nima deysiz?», «Ogohlik», «Yoshlar - mamlakat kelajagi» kabi ruknlarda berilayotgan maqolalar bevosita o'quvchini mulohazaga undab, ibratli xulosa chiqarishga undaydi.

Shuningdek, gazeta sahifalarida jamiyatimizda erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklarga ham o'z vaqtida e`tibor qaratilayotgani quvonarli hol. Jumladan, «Haydovchimi yo poygachi?», «Ko'zlaringni yashirma, yigit», «Yo'lidan adashgan yo'lovchi» singari maqolalarda bir qarashda ko'zga tashlanmaydigan, ammo mohiyat jihatidan har birimizga daxldor masalalar o'z aksini topganiga guvoh bo'lish mumkin. Tahririyat xodimlari kelgusi yilda ham ana shunday tahliliy-tanqidiy ruhda yozilgan maqolalarga ko'proq e`tibor qaratib borishsa, nur ustiga nur bo'lar edi, - deb yozadi gazetxonimiz Ra`no opa.

«Hayotimizda Hammaslak, faoliyatimizda ko'makchi»

Farg'ona viloyatining Farg'ona tumanidagi 87-maktab o'qituvchisi Malohat Turobovaning xatida  qayd etilgan bitiklar yuqorida bayon etilgan fikrlar bilan hamohang.

- Atrof-muhit tozaligi, qolaversa, ekologiyaga oid ko'plab maqolalarning «Jamiyat» gazetasida muntazam chop etib borilayotgani, biz, o'qituvchilarga qo'shimcha manba sifatida juda qo'l kelayapti. Bu esa, o'z navbatida, «Atrof olam» fanini qiziqarli o'tishda, eng asosiysi, o'quvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Gazetaga 2011 yil uchun obuna bo'ldim. Istardimki, hamkasblarim ham «Jamiyat» gazetasiga obuna bo'lishsa, yil davomida ekologik ta`lim-tarbiya borasida yaxshigina ma`lumotga ega bo'lishardi.

O'z munosabati bor

- «Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasida chop etilayotgan maqolalarni doimiy ravishda o'qib boraman, - deb yozadi Samarqand qishloq xo'jalik institutining ma`naviyat va ma`rifat ishlar bo'yicha prorektori Azamat Kuraxmedov bizga yo'llagan maktubida. - Gazeta sahifalarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar atroflicha yoritib borilmoqda. E`tiborli jihati,  gazetaning o'z yo'nalishi, ta`bir joiz bo'lsa, ovozi bor. Bunga «Xatlarda hayot aksi» ruknini o'qish jarayonida amin bo'laman. Gazetaning boshqa sahifalarini kamsitmagan holda aytishim mumkinki, ushbu rukn doimo e`tiborimda. Boisi, unda yurtimizning turli go'shalarida istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalari, quvonch-tashvishlari bilan yaqindan tanishaman. E`tiborli jihati, tahririyat har bir masalaga, yondashuvga aslo befarq emas, ya`ni o'z munosabatini bildirib bormoqda. Bundan faqat quvonish kerak.

«Aksiyalar qayoqda, imzolar kimniki?»

Qashqaradyo viloyatining Yakkabog' tumanidagi «Humo» mas`uliyati cheklangan jamiyat (MChJ)ining bir guruh aksiya egalari tomonidan tahririyatimizga yo'llangan shikoyat xatining mazmun-mohiyatida ana shu savol o'z aksini topgan. Shikoyat xatida qayd etilishicha, «Humo» mashina-traktor parki ilgari davlat aksiyadorlik jamiyati sifatida faoliyat ko'rsatib, o'z tarkibiga xodimlarni ham aksiyador qilib jamlagan. Mazkur mashina-traktor parki 2004 yil 2 martda mulk shaklini o'zgartirib, MChJga aylantiriladi. Jamiyat boshqaruvi yangilanib, eng ko'p ulush egasi bo'lgan Farhod Eshmatov kuzatuv kengashi raisi etib saylanadi va ana shundan keyin aksiyadorlar o'rtasida muammolar yuzaga kela boshlaydi. Gap shundaki, ko'pchilik aksiyadorlar korxona MChJga aylantirilmasdan oldin divident pullarini olib kelishgan. Divident to'lash to'xtatilgach sababi surishtirilganda, MChJ tuzilayotganda aksiyalar yo'qolib qolgan yoki kamayib ketgani ko'rsatiladi.  Yana bir muammo shundaki, jamiyatning ta`sis yig'ilishi bilan bog'liq bo'lib, aksiyadorlar bayonnomaga qo'yilgan imzolarning soxtaligi bo'yicha da`vo qilishadi.

Mazkur  holat Yakkabog' tuman prokuraturasi tomonidan  atroflicha o'rganilib, Farhod Eshmatov va bosh­qa mansabdor shaxslarga nisbatan 2009 yil 20 mayda jinoyat ishi qo'zg'atiladi. Keyinchalik F. Eshmatov xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi yo'q, deb topiladi. Debitorlik qarzlari undirilmaganligi, xodimlarga ish haqlari o'z vaqtida berilmaganligi va korxona mulki - hammomning tegishli tartibda baholanmasdan arzon narxda sotilishiga yo'l qo'yilganligi uchun MChJ direktori Hasan Xudoyberdiyev va bosh buxgalter Fulom Qarshiyevga nisbatan jinoiy ish ochilib, sudga oshiriladi. Sud amnistiya aktiga ko'ra, ishni yuritishdan to'xtatadi.

Tahririyatimiz mazkur muammoni yanada kengroq o'rganish va ijobiy natijadan umid qilgan holda uni gazeta sahifalarida e`lon qilishdan avval O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuroturasiga  jo'natgan edi. Avval respublika prokuraturasidan, so'ng Qashqadaryo viloyat prokuraturasidan javob xatlari keldi. Shikoyat xatida ko'tarilgan masalalarning yechimini ko'rsatish maqsadida Qashqadaryo viloyat prokuraturasidan kelgan javob xatini juz`iy qisqartirish bilan tahrirsiz chop etishni lozim topdik:

«Jamiyat» gazetasi tahririyatiga

«Yakkabog' tumani prokuraturasi tomonidan «Jamiyat» gazetasida chop etish uchun tayyorlangan «Aksiyalar qayoqda, imzolar kimniki?» sarlavhali maqola va undagi ko'rsatilgan qonunbuzilishlar yuzasidan tekshirish o'tkazildi.

Aniqlanishicha, tumandagi «Humo» va «Humoteks» MChJda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xalq xo'jaligida hisob-kitoblar o'z vaqtida o'tkazilishi uchun korxona va tashkilotlar rahbarlarining mas`uliyatini oshirish borasidagi chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoni talablari, qonun va boshqa huquqiy me`yoriy hujjatlar asosida ishlarning olib borilish ahvoli o'rganilganida, «Humo» MChJ raisi X.Xudoyberdiyev va bosh hisobchi F.Qarshiyevlar tomonidan jami 3558,6 ming so'mlik soliq to'lovlarini to'lashdan bo'yin tovlaganligi, jamiyatning 37 nafar ishchi-xizmatchilarini 7080,6 ming so'mlik ish haqlarini to'lash choralarini ko'rilmaganligi, jamiyat balansidagi umumiy qiymati 8841,0 ming so'm bo'lgan hammomni 1183,9 so'mga sotib yuborilganligi hamda 21404,0 ming so'mlik dibetorlik qarzdorligining muddati o'tishiga yo'l qo'yilib, uni undirish choralari ko'rilmasdan jamiyat manfaatlariga juda ko'p miqdorda zarar yetkazganligi ma`lum bo'ldi.

2009 yil 25 mayda mazkur holat yuzasidan Yakkabog' tumani prokuraturasi tomonidan «Humo» MChJ raisi X.Xudoyberdiyev va F.Qarshiyevlarga nisbatan jinoyat ishi ko'g'zatilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishlari bo'yicha Yakkabog' tuman sudining 15 avgustdagi ajrimiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «O'zbekiston Respublikasi mustaqilligi munosabati bilan  amnistiya to'g'risida»gi Qarorini 7-bandiga asosan X.Xudoyberdiyev va F.Qarshiyevning ayblik masalalari hal qilinmasdan jinoyat ishi tugatilgan.

O'tkazilgan tergov harakatlari davomida O'zbekiston Respublikasi davlat mulki qo'mitasi huzuridagi qimmatli qog'ozlar bozori  faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Qashqadaryo viloyati hududiy bo'limi tomonidan 2001 yil uchun yuritilgan reestrida X.Nazarovga 17 dona, I.Boybulovga 10 dona va R.Salimov aksiya sotib olish hisobidan to'lagan 8000 so'mni jamiyatdan 2004 yilda pul to'lov vedomosti orqali qaytarib olganligi aniqlangan.

Shuningdek, tergovda «Humo» hissadorlik jamiyatining 2003 yil 8 avgustdagi umumiy yig'ilish qaroriga asosan mas`uliyati cheklangan jamiyatga aylantirilganidan so'ng jamiyat tomonidan muqaddam chiqarilgan aksiyalar O'zbekiston Respublikasi davlat mulki qo'mitasi huzuridagi qimmatli qog'ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Qashqadaryo viloyat hududiy bo'limining 2004 yil 15 martdagi 60-PE sonli qaroriga asosan bekor qilinganligi aniqlangan.

Shu kabi, fuqarolar X.Nazarov, T.Pattayev, X.Xatamov, T.Rasulov, G.Raimova, I.Boybulov, M.Xonkeldiyev, A.Saparov, R.Salimov, N.Payziyev, T.Davlatov va S.Jo'rayevlar Fuqarolik ishlari bo'yicha Qashqadaryo viloyat sudiga da`vo ariza bilan murojaat etib, unda «Xumo» MChJ ulushdorlarining ta`sis yig'ilish qarorini asossiz deb topish, aksiyalarni joyiga qo'yish, divident va oylik maoshlarini undirish, aksiyalarini qayta reestrga kiritish hamda ishdan bo'shatish buyruqlarini bekor qilishni so'ragan. Fuqarolik ishlari bo'yicha Qashqadaryo viloyat sudi murojaat etish muddati uzrsiz sabablarga ko'ra o'tkazib yuborilganligi bois, sudning 2009 yil 20 maydagi hal qiluv qaroriga asosan da`vo talabini rad etgan.

Da`vogarlar X.Nazarov va boshqalar mazkur sudning 2009 yil 20 maydagi hal qiluv qaroridan norozi bo'lib, apellyatsiya tartibida murojaat etgan. Mazkur da`vo Fuqarolik ishlari bo'yicha Qashqadaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko'rilib, ushbu instansiyaning 2009 yil 26 iyundagi ajrimiga ko'ra, yuqoridagi hal qiluv qarori o'zgarishsiz qoldirilib, fuqarolarning huquqlari tushuntirilgan.

Bundan tashqari, sotilgan avtomashinalarning pullari to'liq kirim qilinmaganligi, o'tkazilgan ta`sis yig'ilish qarori hamda ogohlantirish xatlarida imzolarning qalbakilashtirish va boshqa holatlar o'z tasdig'ini topmagan.

O'.A.Yusupov,

Viloyat prokurorining o'rinbosari vazifasini bajaruvchi,

adliya kichik maslahatchisi».

Ko'rinib turibdiki, huquq-tartibot organlari tomonidan surishtiruv va tergov jarayonlarida anchagina qonun buzilish holatlari aniqlangan. Shu bilan birga, aksiyadorlarning da`volari  ma`lum ma`noda o'z yechimini topgan. 

Mushtariylarimiz yo'llayotgan xat-xabarlar tahririyatni odamlarga yanada yaqin, hamkor-u hamdast bo'lishini ta`minlamoqda. Chunki gazetxonlarning o'z sevimli nashrlari sahifalarida jonli fikr-mulohaza, hayotning u yoki bu jabhasiga doir muammo-yu masalalar yuzasidan bildirayotgan fikrlari jamiyatda demokratik tamoyillar barqaror bo'lishining asosiy belgisi hisoblandi.

Ma`murjon QIYOMOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

244 marta o`qilgan