Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Muhokama uchun mavzu
Kelajakka mas`ullik
13.08.2010 18:56

Butunjahon Sog'liqni saqlash tashkilotining ma`lumotida qayd etilishicha, Yer yuzidagi 1,5 milliarddan ortiq odam organizmida yod tanqisligi seziladi. Ularning ellik foizga yaqini buqoqqa chalingan, olti foizi esa yod yetishmasligidan bosh miya faoliyatida salbiy o'zgarishlar kelib chiqqan.

Yod tanqisligi odamlar salomatligi bilan birga iqtisodiy rivojlanishga, ilmiy-texnikaviy taraqqiyotga ham bilvosita salbiy ta`sir ko'rsatadi. Markaziy Osiyo hududi ham yod taqchil mamlakatlar sirasiga kiradi.

- Yod yetishmasligi holatlari bizning mintaqamizda kecha yoki bugun ro'y berayotgan hodisa emas. Bizning tuprog'imizda, suvimizda va iste`mol qiladigan mahsulotlarda yodning miqdori juda kam. Chunki, har bir odam bir kecha-kunduzda o'rtacha 100-200 mkg yod iste`mol qilgandagina, biz yod bilan to'liq ta`minlagan bo'lamiz, - deydi O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligiga qarashli Endokrinologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Said Ismoilov. - Bugungi kunda davlatimiz tomonidan aholi o'rtasida yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish bo'yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2007 yil 3 mayda qabul qilingan «Yod yetishmasligi kasalliklarining oldini olish haqida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni bunga yorqin misol bo'ladi. Ushbu Qonunga ko'ra, iste`mol qilinayotgan osh tuzi to'liq yodlanishi va shuning natijasida aholi o'rtasida yod yetishmasligi kasalliklarini bartaraf qilish ko'zda tutilgan.

Muvaffaqiyat va yutuqlar

Yod yetishmasligi kasalliklarini bartaraf qilish bo'yicha mamlakatimizda qonun qabul qilinishi, davlat dasturi joriy etilishi va boshqa chora-tadbirlar natijasida bugungi kunda yurtdoshlarimiz o'rtasida yod yetishmasligi kasalligi 1998 yilga qaraganda deyarli 2 baravarga kamaygan. 

- Kuzatishlarga ko'ra, bugun respublikamizda iste`mol qilinayotgan osh tuzi 100 foiz yodlanayapti, deb aytish qiyin, - deydi Said Ismoilov. - Buning sababi, hozirgacha qalbaki osh tuzi ishlab chiqaruvchi «tadbirkorlar» mavjudligi. Aholining bu borada yetarli darajada bilimga ega emasligi ham bor gap. Aynan mana shu holat yod yetishmasligi kasalliklari keng tarqalishiga sabab bo'lmoqda.

Qandli diabet xastaligi butun dunyo sog'liqni saqlash tizimining jiddiy muammolaridan biri. Bu kasallik bilan og'riganlar soni hozir 275 million nafarga yetdi. O'tkazilgan tekshirishlarga asosan, mamlakatimizda qandli diabetning tarqalganligi 5 foizni tashkil qiladi. Qandli diabet o'z vaqtida aniqlanmasa, bemorlarda asorati rivojlanadi. Natijada, odam mehnat qobiliyatini erta yo'qotadi, hatto nogironlikka giriftor bo'ladi. Buning oldini olish uchun qandli diabetning kelib chiqish sabablarini erta aniqlash zarur. Bu kasalliklarning barchasi uchun xos jihat qon tarkibida glyukoza miqdorining surunkali ortishidir. Shu bois, tanada insulin yetishmovchiligi kelib chiqib, diabet avj oladi.

Bolalarda kasallik qanday aniqlanadi?

Bolalarda yod yetishmasligi kasalliklarini erta aniqlash maqsadida mamlakatimizning barcha viloyatlarida skrining markazlari tashkil etilgan. Ushbu tibbiy muassasalarda har bir tug'ilgan bolada, avvalo, kerakli tekshiruv o'tkaziladi. Jumladan, tug'ma gipotireoz, ya`ni qalqonsimon bez faoliyatining tug'ma nuqsonlari erta aniqlanadi. Aniqlangan bemorlar viloyat endokrinologiya dispanserlariga va respublika endokrinologiya markaziga davo muolajalarini olish uchun yuboriladi.

Qandli diabet bir necha turga bo'linadi. Ushbu kasallikning birinchi turi ko'pincha bolalarda o'spirinlik yoshida uchrashi mutaxassislar tomonidan qayd etilgan. Kasallikning turini erta aniqlash deganimizda, qandli diabet yaqqol namoyon bo'lmagan bosqichda, ya`ni diabetoldi holatida qonda insulin ishlab chiqaruvchi hujayralarda autoantitelolar mavjudligi aniqlanadi. Nasliy moyillikni aniqlash uchun esa qondagi ba`zi  antigenlar tekshiriladi. Eng muhimi, kelajakda bu kasallikning oldini olish uchun, birinchi navbatda, unga erta tashxis qo'yish zarur.

Xalqaro hamkorlik

- Xorijiy davlatlarda diabet masalalari bilan shug'ullanuvchi  xalqaro federatsiya faoliyat yuritadi. Xalqaro diabet federatsiyasi (IDF) - bu, 200 dan ortiq milliy diabet assotsiatsiyalari alyansi bo'lib, yarim asrdan oshiq vaqt davomida butun dunyoda diabet muammolari bilan shug'ullanadi, - deydi Said Ismoilov. - Bemor bolalar, o'smirlar, umuman, xastalikka chalinganlar dori vositalari bilan muntazam bepul ta`minlanadi. Shuningdek, federatsiyaning asosiy vazifasi aholining diabet haqidagi bilimini oshirib, unga chalinganlarga yordam berishni zimmasiga oladi. Bundan tashqari, diabet turlarini davolash usullarini topish bo'yicha ish olib boradi.

Federatsiya milliy diabet assotsiatsiyalarining faoliyatini kuchaytirish va o'zaro hamkorlikni yaxshilash maqsadida yetti hududga bo'lingan. O'zbekiston ana shu hududlarning biri - Yevropa hududiga kiritilgan. Federatsiya doirasida 2006 yildan boshlab «Life for child» (Bolalarga hayot) dasturini ishga tushirildi. Bundan maqsad, diabetning 1-turi bilan kasallangan bolalarni iloji boricha ko'proq insulin va o'zini nazorat qilish vositalari bilan ta`minlashdan iborat. Uch yil davomida bu dastur tufayli 19 davlatdan 1800 ga yaqin bola hayot uchun zarur bo'lgan vositalarni olish imkoniga ega bo'ldi. Bu dastur O'zbekistonda 2007 yildan buyon faoliyat ko'rsatmoqda.

Aytish joizki, to'g'ri va me`yorida ovqatlanish, muntazam jismoniy mashqlar qilish, umuman, sog'lom turmush tarziga rioya qilish odamlar orasida turli xildagi kasalliklarning oldini olishda asosiy o'rin tutadi.

Bir so'z bilan aytganda, barchamiz muam­moning yechimida yosh avlod barkamolligi uchun kurashishda mas`uliyat hissini unutmasligimiz kerak. Zero, barkamol insonni kamol toptirish mamlakatimizda olib borilayotgan insonparvarlik siyosatining bosh maqsadidir.

Ma`murjon QIYOMOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

314 marta o`qilgan