Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Muhokama uchun mavzu
Muvaffaqiyatlar mezon emas
13.09.2010 20:59

Transport-kommunikatsiya tizimi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo'lib, yurtimizda mustaqillik yillarida ushbu sohani rivojlantirishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, Toshg'uzor-Boysun-Qumqo'rg'on va Uchquduq-Miskin-Nukus yo'nalishidagi temir yo'llarning qurilib ishga tushirilishi aholi uchun keng qulayliklar yaratib berdi.

Bunday katta ko'lamdagi loyihalarni avtomobil yo'llarini bunyod qilish borasida ham ko'rish mumkin. Masalan, Qamchiq dovonini kesib o'tgan avtotrassaning ishga tushirilishi vodiy viloyatlari va poytaxtimiz o'rtasidagi transport qatnovini tubdan yaxshilash imkonini bergan bo'lsa, ayni paytda Ohongaron-Bo'ka-Guliston yo'nalishidagi avtotrassada qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Ustyurt cho'llarini kesib o'tuvchi Qo'ng'irot- Beynov avtotrassasi foydalanishga topshirilgach, Yevropa bozoriga chiqadigan masofa ancha qisqaradi.

Albatta, har bir muvaffaqiyat zamirida sohaga qaratilayotgan e`tibor, yaratilgan shart-sharoit mujassam bo'ladi. Xalqaro va mahalliy ahamiyatga ega yo'llarni qurish va ta`mirlash zamonaviy texnologiyalar asosida olib borilishi ish samaradorligini oshirish hamda sifatini yaxshilashga zamin bo'lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga jamoat transporti avtoparklarining yangi  rusumdagi «Mersedets-Bens» avtobuslari bilan boyi­tilishi, hamda Samar­qandda «Isuzu» rusumidagi avtobuslarni ishlab chiqarishning yo'lga qo'yilishi soha taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Agar Toshkent shahrida aholiga transport xizmati ko'rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qiladigan bo'lsak, «Toshavtobustrans» aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalarda 945 ta «Mersedets-Bens», 558 ta «Isuzu»  avtobuslari yo'lovchilar manzilini yaqin qilmoqda. Shulardan yarmidan ko'pini ke­yingi ikki yilda sotib olingan transport vositalari tashkil etadi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 6 fevral va 2009 yil 6 mayda qabul qilingan Toshkent shahrini yo'lovchi tashish avtobuslari bilan ta`minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlarga doir qarori  avtobus parklarini zamonaviy transport vositalari bilan boyitishda katta ahamiyatga ega bo'ldi. Shu bilan birga, aholi uchun qulay bo'lgan yo'nalishlarni tashkil etish, qatnov oraliq vaqtini qisqartirish borasida ham bir qator ibratli tadbirlar amalga tatbiq etildi. Bugun bundan o'n yil oldingi sharoit bilan taqqoslaganda, mazkur sohada juda katta yutuqlarga erishildi.

Bundan tashqari, poytaxt atrofidagi Toshkent viloyati hududida joylashgan qishloqlarga ham muntazam avtobus qatnovining yo'lga qo'yilgani barchaga manzur bo'lmoqda. Bularning bari xayrli va ibratli, albatta. Biroq, shu o'rinda dilni xira qilguvchi holatlar, kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo'llari xususida fikr bildirish, ushbu yutuqlarimizni yanada yuksak darajaga ko'taradi deb umid qilamiz.

Kasb odobi

Ayrim hollarda shahar yo'nalishlarida qatnovchi avtobuslarning yo'llari tutash kelib qoladi. Masalan, 7- va 93-avtobuslar Qo'yliq mavzesidan Oloy bozoriga qadar yonma-yon kelishsa, 68- va 120- avtobuslar «Pochta» bekatidan to «Paxtakor» bekatigacha bir yo'nalishda borishadi. Bu bilan ushbu yo'nalishlarga avtobuslar noto'g'ri qo'yilgan degan fikrdan yiroqmiz. Chunki, ularning boshlanish va oxirgi bekatlari bir-biridan ancha farq qiladi. Ammo, har bir avtobus haydovchisi ko'proq yo'lovchi olsam, kunlik pul tushumi rejasini oshirib bajarsam deydi. Shundan bo'lsa kerak, ayrim hollarda avtobus «poygalari» avjiga chiqadi. Eng achinarlisi, ana shu «poygalar» haydovchilarning «dahanaki» tortishuvlarigacha borib yetmoqda.

Guvohi bo'lganimiz, 13 iyul kuni kech soat 20.30 larda Lunacharskiy ko'chasida 24- avtobus haydovchisi 142-avtobusni quvib o'tib, uning yo'lini to'sib qo'ydi. O'rtada ikki hamkasb bir-birlarini kurakda turmaydigan so'zlar bilan rosa «siylashdi». Nahotki, avtobus haydovchilarida kasb odobi degan tushuncha bo'lmasa? Tabiiyki, bunday asabbuzarliklar avtohalokatlarning kelib chiqishiga ham sabab bo'lishi mumkin.

Darvoqe, yana bir holat yo'lovchi va avtobus haydovchilarining asabiga qattiq tegayapti. Bu kirakashlarning (ko'proq noqonuniy) yo'l qoidalariga amal qilmasliklaridir. Bundan tash­qari, ayrim avtobus bekatlarining («O'zneft­gaz» xolding kompaniyasi, «Qo'yliq ota» maqbarasi yonidagi, Parkent bozori ro'parasidagi va boshqa bir qancha joylar) yengil mashinalar to'xtash joyiga aylanib qolgani ham harakat xavfsizligi uchun noqulayliklar tug'dirmoqda. Masalan, Farg'ona ko'chasi bo'ylab markazdan borib, Qo'yliq bozori yonidagi ko'prik tagidan qayrilib olish uchun ancha kutib qolishga to'g'ri kelayapti. Negaki, ikki qatorli yo'l bo'yi kirakashlar tili bilan aytganda, «pitakka» aylanib bo'lgan.

Bekatga bekat kerak

Agar e`tibor qilsangiz, keyingi yillarda yo'l bo'ylarida juda chiroyli zamonaviy bekatlar ko'paydi. Ayniqsa,  tadbirkorlar tomonidan  bunyod qilingan bunday bekatlar keng va chiroyli bo'lishi bilan birga bir tomonida do'kon, ikkinchi tomonida turli xizmat ko'rsatish shoxobchalari faoliyatining yo'lga qo'yilishi yo'lovchilar uchun ham ancha qulayliklar tug'dirmoqda. Shuningdek, ko'pchilik ko'chalarga oynavand bekatlar o'rnatilgan. Chiroyli, ixcham bu bekatlar shahar husniga husn qo'shib turibdi. Ammo bitta muammo yo'lovchilarga qi­yinchilik tug'dirmoqda. Chunki ushbu bekatlarning tom qismi ham oynavand bo'lganligi uchun yozning jaziramasida uning tagida turish qiyin. Balki ochiq maydonlardagi bunday bekatlarni iqlim sharoitimizga mos bekatlarga almashtirish maqsadga muvofiqdir?!

Endi nomi boru o'zi yo'q bekatlar haqida ham to'xtalmoqchi edik. Ayrim holatlarda yo'l bo'yidagi sim yog'ochlarga osib qo'yilgan «avtobus bekati» belgilariga ko'zingiz tushadi. Ammo, belgini hisobga olmaganda bu yerning bekat ekanligini anglash qiyin. Bunday bekatsiz bekatlarni shahar ko'chalarida ko'plab uchratish mumkin. Tilga olganlarimiz yechimi yo'q muammo emas. Faqat e`tibor va ozgina havfsala kerak, xolos. Arzimas bo'lib ko'ringan kamchiliklar namunali transport xizmatiga soya solmasligi lozim.

Umid qilamizki, mutasaddi idoralarning sa`y-harakati bilan aholiga transport xizmati ko'rsatish sifati yanada yaxshilanadi.

Sherali QUTLIMURODOV,

«Jamiyat» muxbiri 

 

 

358 marta o`qilgan