Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Muhokama uchun mavzu
Talabaga atalgan menyu
07.02.2011 16:25

yoki o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalaridagi ayrim oshxona va bufetlar faoliyatiga bir nazar

Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda jismoniy va ma`naviy barkamol avlodni tarbiyalashdek o'ta muhim, dolzarb vazifaga davlat siyosati darajasida e`tibor qaratib kelinmoqda. Ta`kidlash joizki, yosh avlod kelajagi yo'lida hayotga tatbiq etilayotgan keng ko'lamli islohotlar unib-o'sib kelayotgan farzandlarimizning zamon talab qilayotgan darajada bilim olishi, intellektual salohiyatini oshirishi, sog'lom bo'lib kamol topishi va hayotga dadil, hal qiluvchi kuch bo'lib kirib borishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Barkamol avlod yili» deb e`lon qilingan 2010 yilda  tegishli Davlat dasturini bajarish uchun barcha manbalar hisobidan qariyb 8 trillion so'm mablag' sarflanganining o'zi bu borada amalga oshirilgan ishlarning ko'lami va miqyosi nechog'lik ulkan ekanidan dalolatdir.

Ha, bugungi kunda yurtimizda sog'lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning o'z ijodiy va intellektual salohiyatini ro'yobga chiqarish, yigit-qizlarni XXI asr talablariga to'liq javob beradigan har tomonlama rivojlangan shaxslar etib voyaga yetkazish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish bo'yicha keng ko'lamli, aniq yo'naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahar o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmasi tomonidan ham ushbu masalaga alohida e`tibor qaratib kelinmoqda. Bugungi kunda bosh­qarma tizimidagi akademik litseylar 39 tani, kasb-hunar kollejlari 79 tani tashkil qilib, ularda 142786 nafar o'quvchi ta`lim olmoqda.

- Boshqarma tizimidagi ushbu ta`lim muassasalarida yosh avlod kamoloti yo'lida qulay shart-sharoit va imkoniyat   yaratilgan, - deydi Toshkent shahar o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi bosh­qarmasi bosh mutaxassisi Limon Ahmedova.  - Jumladan, ular zamonaviy o'quv jihozlari bilan ta`minlanib, eng ilg'or texnologiya­lar ta`lim tizimiga tatbiq etilayapti. Shuning­dek, yoshlarning sog'lom bo'lib o'sishi uchun barcha qulayliklarga ega sport zallari faoliyat ko'rsatmoqda. Bir so'z bilan aytganda, mazkur ta`lim dargohlarida o'quvchi yoshlarning intellektual salohiyatini to'liq ro'yobga chiqarish, ma`naviy va jismoniy tarbiyani mutanosiblikda tashkil etishga alohida e`tibor qaratilmoqda. O'quvchilarning iqtidor va iste`dodini aniqlash maqsadida turli ko'rik-tanlovlar, davra suhbatlari, sport musobaqalari aniq reja asosida o'tkazish yo'lga qo'yilgan. Buning samarasi o'laroq, o'quvchilar shahar va respublika miqyosida o'tkazilayotgan turli tanlovlar, fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, ustozlarining ishonchini oqlamoqdalar.

Darhaqiqat, shunday. Nafaqat suhbatdoshimizning, balki bizning ham bunday komil ishonch bilan so'z yuritishimizga muayyan asoslar bor. Bunga esa boshqarma mutaxassislari taqdim etgan, so'nggi uch yil ichida tizimdagi ta`lim muassasalarida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi munosib dalil bo'ldi.

SOG`LOM TANDA – SOG` AQL

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, bugungi kunda yurtimizda sog'lom va barkamol avlodni tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida qaralmoqda. Ana shu vazifalardan kelib chiqqan holda Toshkent shahar o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmasi tizimidagi ta`lim muassasalari faoliyati misolida o'quvchilarning sog'lom bo'lib kamol topishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishishni lozim topdik.

Barchamizga ma`lumki, insonning sog'lom bo'lishi birinchi navbatda, uning iste`mol qilayotgan oziq-ovqatiga bog'liq. Shu ma`noda, o'quvchi-yoshlarning ham jismonan barkamol bo'lishi nafaqat sport turlari bilan muntazam shug'ullanishi, balki sog'lom ovqatlanish bilan ham uzviy bog'liqdir. Shu ma`noda poytaxt kollejlari va litseylarida alohida «Sog'lom turmush tarzi» fani o'qitilayotgani va shu yo'l bilan o'quvchilarga to'g'ri ov­qatlanishga oid bilimlar chuqur singdirilayotgani, tegishli ko'nikmalar hosil qilinayotgani tahsinga loyiqdir.

Ta`kidlash o'rinliki, mamlakatimizda bu jihat ham to'liq inobatga olingan bo'lib, bu borada tegishli me`yoriy hujjatlar mavjud. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustdagi «Ta`lim muassasalarida sog'lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori ta`lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, o'quvchi-talabalarning sog'lom ovqatlanish tizimini tubdan yaxshilash, oshxona va bufetlarda sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan shart-sharoitlarni takomillashtirishni ko'zda tutadi.

Shu o'rinda yana bir jihatga e`tibor qaratsak. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qaroriga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi «Umumta`lim maktablari, o'rta maxsus va oliy ta`lim muassasalari ta`lim oluvchilarining xavf­siz ovqatlanishini tashkil etishga doir sanitariya-epidemiologiya talablari»ni ishlab chiqqan. Ushbu hujjatda ta`lim muassasalarining oshxona va bufetlari uchun xarid etilayotgan mahsulotlarning sifati, xavfsizligi, yetkazib berilishi, saqlanishi, ovqatlarning tayyorlanishi borasida sanitariya-gigiyena qoidalari va me`yorlari, shuningdek, oshxona va bufetlarda sotilishi mumkin bo'lmagan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar ro'yxati belgilangan.

Aytish o'rinliki, ushbu qaror ijrosini ta`minlash yuzasidan Toshkent shahrida ham qator ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, 2010 yil 25 avgustda Toshkent shahar hokimining «Ta`lim muassasalarida sog'lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori qabul qilinib, unda mazkur vazifalarning o'z vaqtida amalga oshirilishi belgilangan. Toshkent shahar hokimining ushbu qaroriga muvofiq  shahar o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi boshqarmasi tomonidan uning ijrosini ta`minlash yuzasidan tegishli hujjatlar qabul qilinadi. O'z navbatida, biz ham ushbu qarorning ta`lim dargohlarida qanday bajarilayotgani bilan yaqindan tanishishga qaror qildik va bosh­qarma bosh mutaxassisi Fayrat Toshnazarov hamrohligida poytaxtimizdagi qator ta`lim muassasalariga yo'l oldik.

MASALA MUAMMOGA AYLANDI

Dastlab Mirobod tumanida joylashgan  maishiy xizmat ko'rsatish kollejiga tashrif buyurdik. Zamonaviy uslubda bunyod etilgan o'quv maskanida bizni kollej direktorining kasbiy ta`lim bo'yicha o'rinbosari Anvar Rahimov kutib oldi va biz bilan suhbatda kollej jamoasi amalga oshirayotgan ta`lim-tarbiya ishlari xususida ma`lumot berdi va tashrifdan maqsadimizni bilgach, bizni kollej bufeti tomon boshladi.

Bufetda xususiy tadbirkor Dilfuza Ahatova faoliyat ko'rsatayotgan ekan. Bufet faoliyati bilan tanishishdan avval, zaruriy hujjatlar, xususan, sanitariya-epidemiologiya  xizmatining yo'riqnomasi, shuningdek, tibbiyot xodimining nazorat daftari bilan tanishishni lozim topdik. Afsuski, Dilfuza Ahatova bu hujjatlar tugul menyuni ham taqdim eta olmadi.

- Kuniga 60-75 ming so'm atrofida savdo bo'ladi, - deydi Dilfuza Ahatova. - Ovqatlarning deyarli hammasini o'zim tayyorlayman. Sifatini tibbiy hamshiramiz Muhabbat Ahmedova nazorat qilib boradi. Haligacha o'quvchilarimizdan e`tiroz bo'lgani yo'q.

Biroq bufet faoliyatida e`tiroz uyg'otadigan ayrim kamchiliklar mavjudligi ko'zga tashlandi. Boi­si bufetda sotilishi mumkin bo'lmagan mahsulotlar, jumladan, «Mars», «Snikers» singari shokoladlar, yelim saqichlar mavjud edi. Buning sababini so'raganimizda, Dilfuza Ahatova o'quvchilarning talabiga ko'ra olib kelib sotayotganini aytdi.

Shundan keyin kollej tibbiyot xodimi bilan uchrashishni lozim topdik va o'sha kun uchun tayyorlangan taomlarning tibbiy nazoratdan o'tgan-o'tmaganligi bilan qiziqdik. Afsuski, Muhabbat Ahmedova ham o'z vakolatiga tegishli bo'lgan ushbu hujjatni taqdim eta olmadi.

Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti qoshidagi «International House - Tashkent» akademik litseyi poytaxtimizdagi eng namunali o'quv dargohlardan biri sanaladi. Gapning ochig'i, bu yerda o'quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko'rib, ko'nglimizga iliqlik yugurdi. Sababi, 590 nafar o'quvchi ta`lim olayot­gan litseyning shinam va ko'rkam, kenggina oshxonasi va bufetida bolalarning ovqatlanishi uchun barcha sharoitlar muhayyo. Qisqasi, oshxonamisan oshxona! Qani endi, boshqa ilm dargohlarida ham shunday oshxonalarni ko'rsak.

Shuningdek, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi qat`iy tartibga olingan hamda kunlik ovqatlarning menyusi mavjud bo'lib, unda ko'rsatilgan taomlar malakali oshpazlar tomonidan tayyorlanmoqda ekan. Bosh oshpaz (ayni paytda u «Interneyshnl bistro» MChJ rahbari) Abbos Yusupovning  aytishicha, bufetda kuniga 100-120 ming so'm atrofida savdo bo'ladi.

- Ovqatlarning narxi qanday? - deb so'raymiz undan.

- Mana, hammasi menyuda ko'rsatilgan, - deydi Abbos aka.

Menyuga ko'z yugurtirar ekanmiz, unda turli-tuman taomlar - mampar, befstrogan, osh, qovurma lag'mon, gulyash, lo'la kabob, teftel, lag'mon, solyanka singari mazali ovqatlar borligini ko'rdik. Xullas, o'quvchi va o'qituvchilar xohlagan taomini tanlash imkoniga ega ekan.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi Yunusobod akademik litseyida biz mutlaqo kutmagan holatga duch keldik. Binobarin, bu dargohga qadam qo'yayotganimizda bu yerdagi ishlar tibbiyotchilarga xos ozodalik, saranjom-sarishtalik, har jihatdan puxta tashkil etilgan bo'lsa kerak, deb o'ylagandik. Afsus, yaxshi fikrlarimiz tasdiqlanmadi. Bunga avvalo, eshikdan kirishimiz hamon vestyublda joylashgan kanselyariya tovarlari bilan savdo qiluvchi do'konchadagi manzara sabab bo'ldi, desak xato emas.Chunki unda o'zini Gulbahor Yo'ldosheva deb tanishtirgan sotuvchi qiz 3-4 turdagi yelim saqichlar, gazlangan yaxna ichimliklar, turli shokoladlar, qurut va boshqa mahsulotlarni bemalol sotib o'tirardi. Biz undan mazkur mahsulotlarni sotishga ruxsatingiz bormi, deya so'raganimizda u xususiy tadbirkor ekanligini, patenti borligini bayon qildi. Biz bilamizki, mamlakatimizda xususiy tadbirkorlarga katta imkoniyatlar eshigi ochilgan.Ularning faoliyati qonun bilan himoyalanadi. Shu boisdan xususiy tadbirkorni ortiqcha tashvishlantirmadik-da, masalaga xolis baho berish uchun litsey rahbariyatini qidirdik...

Litsey bufetida ham ahvol tashvishli bo'lib chiqdi. Bu yerda  faoliyat ko'rsatayotgan xodimlar bizga bironta hujjat taqdim eta olmadilar. Na taomnoma, na narxnoma bor. O'quvchilar ovqatlanayotgan joyning sanitariya holati achinarli ahvolda. Stol-stullar umumiy tartibda bo'lib, ularning bir tarafida o'quvchilar ovqatlanayotgan bo'lsa, bir tarafida ularning kiyim-kechaklari, o'quv jihozlari uyulib yotibdi. Taomlar bilan bir qatorda shokolad va shunga o'xshash sotilishi taqiqlangan mahsulotlar ham peshtaxtadan joy olgan. Xizmat ko'rsatish saviyasi esa haminqadar.

Biz ushbu masalaga oydinlik kiritmoqchi bo'lganimizda afsuski, tayinli javob ololmadik. Litsey direktori bu paytda o'z joyida emasligi pand berdi. Rahbar  o'rinbosarlari bilan gaplashishga harakat qildik. Taassufki, ular ham aniq bir gap ayta olmadilar. Bufetga rahbarlik qilayotgan kishi esa qo'l telefonidan kimgadir qo'ng'iroq qilganicha tashqariga chiqib qaytib kelmadi. Oshpaz  bugun birinchi ish kuni ekanini va hech narsa bilmasligini aytishdan nariga o'tolmadi.

Toshkent iqtisodiyot kolleji bugungi kunda poytaxtimizdagi ulkan salohiyatga ega bo'lgan ilm maskanlaridan biri hisoblanadi. 2200 nafarga yaqin o'quvchi tahsil olayotgan ushbu muassasa rahbari Hayot Muhitdinov bilan suhbatlashganimizda o'quvchi-yoshlarning kelajagi yo'lida ko'plab ishlar amalga oshirilayotgani xususida to'lqinlanib so'zladi. Jumladan, yoshlarni ish bilan ta`minlash, ularni muayyan kasb­ga yo'naltirish, mutaxassisliklari bo'yicha tajriba to'plashlari uchun moliya muassasalari bilan hamkorlik  borasida qilinayotgan ishlarga to'xtalib o'tdi. Bizni quvontirgani, o'quvchilarning sog'lom ovqatlanishi ham direktor e`tiboridan chetda qolmagan.

- Vazirlar Mahkamasining mazkur masalaga oid qaroridan xabarim bor, - dedi u. - Bu borada tuman sanitariya-epidemiologiya markazidan olingan tegishli hujjat asosida  ish faoliyatini yo'lga qo'yganmiz.

Direktorning so'zlarini tinglar ekanmiz, kollej bufetida barcha ishlar ko'ngildagidek yo'lga qo'yilgan bo'lsa kerak, degan xayolga borgan edik. Biroq bu xayollarimiz ham o'z tasdig'ini topmadi.  Nargiza Mirsodiqova rahbarligidagi «Mirsodiqova» xususiy korxonasi tomonidan o'quvchilarga taqdim etilayotgan xizmatlar bilan tanishar ekanmiz, bu borada qator kamchiliklar ko'zga tashlanib qoldi. Jumladan, dars soatlari, shuningdek, tushlik hali tugamagan bo'lsa-da taomnoma va tayyor ovqatlar ko'zga tashlanmaydi. Stol ustida qolgan ozgina pishiriqni hisobga olmaganda vitrinada ham, peshtaxtada ham hech narsa yo'q. Holbuki, tibbiyot xodimlari ertalab ancha-muncha taomlar tayyorlangani va ularni tekshirishdan o'tkazib sotishga ruxsat berganligi haqida qayd etishgan. Oshpaz Nargiza Mirsodiqova bu yerda asosan o'qituvchilar ov­qatlanishini, o'quvchilar esa uylaridan ovqat olib kelishini, ularning iltimosiga ko'ra bu taomlarni isitib berishini aytdi.

- Isitib berish mumkinmi? - deb so'raymiz undan.

-       .........

- Menyu har kuni tuziladimi?

- Ha, har kuni tuziladi. Faqat bugun yo'q. Chunki o'quvchilar uni sho'xlik qilib yirtib, tashlashibdi...

- Loaqal, choy bordir, - so'raymiz o'smoqchilab.

- Limonli shirin choy bor.

- Narxi necha pul?

- Bir stakani 500 so'm,- u shunday dedi-yu negadir qizarib ketdi. Chunki bir stakan shirin choyni bolalarga shuncha qimmat narxda sotayotganini shu lahzada uning o'zi ham anglab qoldi, shekilli.

Bufet faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu yerda ham shokolad, konfet mahsulotlari sotilayotganini ko'rdik. Sababini so'rayotganimizda o'zini Hoji aka deb tanishtirgan kishi mahsulotlarning «chist?y firmenn?y» ekanini, ularni sotish haqida hech qanday taqiq yo'qligini isbotlashga kirishdi.

-Kechirasiz, siz bu yerda qanday vazifada ishlaysiz?

- Men haligi... Nargizaning dadasi bo'laman. Bugun xo'jayini betobligi tufayli qizimga yordamlashayotgandim.

- Gap-so'zingizga qaraganda, doimo shu yerda ishlaysiz, shekilli?

- Yo'q, faqat bugun yordamlashayapman...

Biz bu maqolada poytaxtimizdagi bir necha kollej va letseyda ko'rgan va kuzatgan vaziyatni bayon etdik, xolos. Ulardan biron-bir xulosa chiqarishga shoshilmaylik-da, sohaga mas`ul mutaxassislarning mulohazalariga quloq tutaylik. Dastavval,  Toshkent shahar hokimligi o'rta maxsus va kasb-hunar ta`limi boshqarmasi bosh mutaxassisi Azim Akramovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Matbuot jamoatchilik nazorati vazifasini bajaradi, - dedi u biz bilan suhbatda. - Albatta, sizlar ko'rsatgan nuqsonlar tezda bartaraf etiladi. Ular poytaxtimiz ta`lim muassasalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarga soya solmasligi kerak. Binobarin, bizda har jihatdan namunali, ibrat qilib ko'rsatsa arziydigan jamoalar oz emas. Shu bilan birga ishimizga tanqidiy yondashib, uni yanada takomillashtirishimiz, eng maqbul yechimlarni topishimiz zarur. Talabalarning sog'lom ovqatlanishini tashkillashtirishni zamonaviy o'zanga solib yuborish uchun maxsus seminar - o'quvlar uyushtirishimiz, ta`lim muassasalari o'rtasida «Eng namunali oshxona», «Eng namunali bufet», «Eng mohir oshpaz» singari ko'rik-tanlovlar o'tkazilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, oshxona va bufetlar ishini yuritayotgan tadbirkorlarga  qonunchilik tomonidan ayrim imtiyozlar berilsa, yaxshi bo'lardi. Qolaversa, oziq- ovqat mahsulotlari ta`minotini markazlashgan holda amalga oshirishni o'ylab ko'rish lozim, fikrimcha.

Guvohi bo'lganingizdek, o'quvchi-yoshlarning sog'­lom ovqatlanish shart-sharoitlarini yaxshilashga doir masalalar dolzarb mavzu ekan. Shu bois hukumat qarorida o'quvchilar va talabalarning sifatli va xavf­siz ovqatlanishini ta`minlash uchun tegishli hokimlar mutasaddi ekanligi belgilab qo'yilgan.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, kollej va litseylarimizda barkamol avlodni tarbiyalashdek millat kelajagiga daxldor vazifalar hal etilayotgan ekan, mana shu ulkan jarayonda ta`lim muassalarida sog'lom ovqatlanishni huquqiy-me`yoriy hujjatlarda belgilanganidek tashkil etish, bu muhim masalani har doim diqqat markazida tutish davr talabidir.

Norbobo ShAKAROV,

Sodiq NORBOYeV,

«Jamiyat» muxbirlari

Mutaxassis fikri

Shuhrat Mirzayev

O'zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi «Bolalar va o'smirlar gigiyenasi» bo'linmasi sanitariya-vrachi:

- O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 20 avgustdagi 184-son qaroriga muvofiq, 2010 yil 18 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining «Respublika umumta`lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o'quvchilarining xavfsiz ovqatlanishini tashkil qilishni ta`minlash to'g'risida»gi qarori qabul qilingan. Ushbu qarorning 1.1 bandiga ko'ra, oshxonalarning sanitariya-texnik holati talab darajasida bo'lishi va o'quvchilarning ratsional va sifatli ovqatlanishini tashkil etish javobgarligi umumta`lim va o'rta maxsus ta`lim muassasalari rahbarlariga yuklatilgan.

Ta`lim muassasalarida sog'­lom ovqatlantirishni tashkil etishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- o'quvchilarning fiziologik yoshiga, mavsumga (yoz, qish davrlari) qarab oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan talablarni inobatga olgan holda ularning ratsional ovqatlanishini ta`minlash;

- oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi va sifatini kafolatlash;

- o'quvchilar o'rtasida ov­qatlanish bilan bog'liq yuqumli kasalliklarning ommaviy tarqalishiga yo'l qo'ymaslik;

- o'quvchilar o'rtasida sog'lom ovqatlanish ko'nikmalarini shakllantirish;

- ta`lim muassasalari oshxonalarida sotilishi taqiqlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishning oldini olish;

- o'quvchilar uchun sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash hamda ularning arzon narxlarda sotilishini ta`minlash.

Qarorning 2.2 bandiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari zimmasiga o'rta va o'rta maxsus ta`lim muassasalarida o'quvchilarning ovqatlanishini tashkil qilish bo'yicha doimiy monitoring olib borilishi belgilangan. Ana shundan kelib chiqqan holda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati Bosh davlat sanitariya vrachlariga ushbu vazifalarni bajarish yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berilgan va ular joylarga yetkazilgan. Ushbu hujjatlarga ko'ra, ta`lim muassasalari oshxonalarida sotish taqiqlangan mahsulotlar ro'yxati har bir ta`lim muassasasining oshxonasi va bufetida barchaga ko'rinarli joyga ilib qo'yilishi lozim.

Ta`kidlash joizki, bu boradagi ishlarning samaradorligini oshirishda ta`lim muassasalaridagi tibbiyot xodimlarining ham faoliyati katta o'rin tutadi. Boisi, xarid qilinayotgan xomashyo va tayyor mahsulotlarning sifatini, ovqat tayyorlash texnologiyalari talablariga rioya etilishi, mahsulotlarni saqlash, tashish va sotish sharoitlariga amal qilinishi, xodimlarning shaxsiy gigiyenaga rioya etishlarini o'rnatilgan tartibda monitoring qilish ular tomonidan amalga oshiriladi.

Endi bevosita maqolada qayd etilgan holatlarga keladigan bo'lsak,  gazlangan sal­qin ichimliklar, kremli qandolat mahsulotlari (turli shokoladlar ham shular jumlasiga kiradi), pasterizatsiya qilinmagan (flyagadagi) tvorog, termik ishlov berilmagan idishda saqlangan qaymoq mahsuloti, go'shtli somsa, uy sharoitida tayyorlangan barcha taomlar ta`lim muassasalarining oshxona va bufetlarida sotilishi taqiqlangan mahsulotlar qatoriga kiritilgan.

557 marta o`qilgan