Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Muhokama uchun mavzu
Ta`minotchi va iste`molchi
18.02.2011 11:07

qars ikki qo'ldan...

Ma`lumki, poytaxtimiz aholisining katta qismi ko'p qavatli uylarda istiqomat qiladi. Shu bois ularni uzluksiz elektr energiya, tabiiy gaz, toza ichimlik suv bilan ta`minlash dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Bunda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 22 avgustda qabul qilingan 245-sonli "Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to'g'risida"gi qarori hayotga keng joriy etilishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Moliyaviy-iqtisodiy inqiroz jahon hamjamiyatini tashvishga solib turgan bir paytda O'zbekistonda inqiroz ta`sirini kamaytirish uchun muhim chora-tadbirlar ko'rilgani tufayli global iqtisodiy bo'hron yurtimizni qariyb chetlab o'tdi. Iqtisodiy islohotlar samarasi o'laroq, mamlakatimizda mehnatni rag'batlantirish, ish haqini ko'paytirish va aholi daromadlari o'sishini ta`minlashga erishildi. 

Mamlaktimizda Prezidentimiz rahbarligida inqirozga qarshi kurashda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasining puxta ishlab chiqilgani, iqtisodiy islohotlar va uni amalga oshirish yo'llarining aniq, to'g'ri ko'rsatib berilgani ko'plab davlatlar, yirik xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan xolisona e`tirof etilmoqda.

O'zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi va mavqei sezilarli darajada oshib borayotgan ayni chog'da mamlakatimizda ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, takomillashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yurtimiz, xususan, poytaxtimiz aholisini elektr energiya bilan uzluksiz ta`minlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu esa aholining turmush darajasini yanada oshirishga xizmat qilayapti.

 

ISTYE`MOLChI HUQUQLARI...

 

"O'zbekenergo" davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ko'p qavatli uylarda zamonaviy, avtomatlashtirilgan, yagona tizimga ulangan foydalanilgan elektr energiyani hisobga olish apparat komplekslari o'rnatilmoqda. Bu iste`molchilarga qo'shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qilmoqda. Biroq avtomatlashtirilgan yagona tizimni nazorat qilish jarayonida ayrim tushunmovchilik holatlari ham uchrab turibdi. Misol uchun, poytaxtimizning Yakkasaroy tumani "Qushbegi" mahallasida ham ko'p qavatli uylarda avtomatlashtirilgan elektr energiyasini hisoblash apparatlari o'rnatilgan. Ammo shahar elektr energiya tarmog'i tomonidan ayrim xonadonlarda elektr energiyaning ogohlantirishsiz uzib qo'yilishi natijasida iste`molchilarning huquqlari buzilgan.

Yaqinda xonadonimizda elektr ta`minoti uzib qo'yildi. Tuman elektr energiya korxonasiga qo'ng'iroq qilib, elektr energiya shahar tarmog'i tomonidan uzilganini bildik.

Shu o'rinda, telefon orqali murojaatimizga javob qaytargan Toshkent shahar elektr energiya kompaniyasi operatorining muomalasi iste`molchi sifatida har qanday odamning g'ashini keltirishini aytish joiz. Iste`molchi bilan muomala madaniyati talab darajasida bo'lmagan bu operatorning "tavsiyasi"ga ko'ra korxona rahbari bilan muloqotda bo'ldik.

U hisoblagich apparatida ko'rsatilgan 610 kilovattdan 737 kilovattgacha bo'lgan yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to'lov amalga oshirilgani to'g'risidagi to'lov qog'ozi yo'qligi uchun elektr energiya o'chirilganini aytdi. Agar to'lov qog'ozi olib kelinsa, "svet" yoqilishini ma`lum qildi.

Aslida bunday holatda Yakkasaroy tuman elektr energiya ta`minoti nozirlari tomonidan elektr energiyani uzib qo'yishdan oldin iste`molchi ogohlantirilishi lozim edi-ku? Qolaversa, birinchi navbatda, belgilangan muddatlarda haq to'lanmasa, elektr energiyani o'chirib qo'yish uchun ikki tomonlama tegishli dalolatnoma to'ldirilishi kerak emasmi?

Shuningdek, o'chirib qo'yilgan   elektr energiyani qaytadan yoqish uchun ham yana qo'shimcha mablag' undirilishi tartibi istemolchiga yana bir noqulaylik keltirib chiqaradi. Ammo bundan barcha iste`molchilar ham xabardor deb bo'lmaydi. Shunday ekan, aholini bunday tartib bilan yaqindan tanishtirish uchun matbuot sahifalarida yoki tuman elektr energiya korxonalaridagi e`lonlar taxtasiga bu haqda ma`lumot berib borilsa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. 

- Hozir qish mavsumi bo'lgani bois ko'pchilik xonadonlarda elektr isitish moslamalaridan keng foydalaniladi, - deydi Yakkasaroy tumani "To'qimachi" mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Erkin Qorayev. - Bundan tashqari, hamshaharlarimizning uylarida muzlatgich, kompyuter va televizorlar mavjud. Elektr energiya ogohlantirilmasdan o'chirilishi hamda yoqilishi natijasida bunday maishiy elektr jihozlari buzilib,  iste`molchilar zarar ko'rishi mumkin. 

 

...HIMOYa QILINADI

 

- Iste`molchilar o'zlarining bu boradagi haq-huquqlarini tiklash maqsadida bizga ko'p murojaat qilishadi, - deydi O'zbekiston Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Axborot va matbuot bo'limi rahbari Jamshid Maqsudov. - Bunday vaziyatda iste`molchi O'zbekiston Respublikasining "Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida"gi Qonuni bilan himoya qilinadi. Mazkur qonunning 20-moddasiga ko'ra, har qanday iste`molchi yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Shu bois mazkur holat yuz berganda avvalo, nosoz holga kelgan maishiy elektr jihozi ustaxonaga olib borilib, elektr tokining kuchlanishi natijasida buzilgani to'g'risida bayonnoma tuziladi. Tuzatishga ketadigan mablag' ham  ko'rsatilishi lozim. Shundan so'ng mazkur bayonnoma hududiy elektr ta`minoti bo'limiga taqdim etiladi va tegishli tartibda iste`molchi manfaati tiklanadi.

O'zbekiston Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Axborot va matbuot bo'limi rahbarining ta`kidlashicha, o'tgan yilda aholining yetti mingdan ortiq arizalari o'rganilgan. Shundan 13,8 foizini kommunal xizmatlari (gaz, elektr energiyasi va suv ta`minoti) bilan bog'liq xatlar tashkil etadi. Elektr energiya ta`minoti iste`molchilaridan 783 ta murojaat kelib tushgan. Ularga huquqiy ko'mak va maslahatlar berilgan.

Elektr energiya ta`minotini cheklash va to'xtatish asosan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Fuqaroning elektr energiya hisoblagichlaridan tashqari ulanganda yoki elektr energiya hisoblagichlari buzilganda, shuningdek, avtomatlashtirilgan elektr energiya hisoblagich apparatlari mavjud bo'lmasa va shartnomaga asosan belgilangan muddatda sarflangan elektr energiyaning haqi o'z vaqtida to'lanmasagina mutasaddi tashkilot tomonidan elektr energiya belgilangan tartibda o'chirib qo'yiladi.

- Yaqinda elektr energiya hisoblash apparatini yangisiga almashtirmagansizlar, tasdiqlovchi hujjat yo'q, deb elektr energiyani o'chirib qo'yishdi, - deydi "Qushbegi" mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Mohira Sulaymonova. - Vaholanki, biz birinchilardan bo'lib, yangi zamonaviy elektr hisoblagich o'rnatgan edik. Shahar elektr energiyasi ta`minoti korxonasiga borib, hamma hujjatlarni ko'rsatdim. Ulardan nusxa berishimni so'rashdi. Berdim. Shundan so'ng, uyimizga elektr energiyani ulashdi. Hududiy elektr tarmoqlari korxonasida iste`molchilar hujjatlari saqlanmasligi kishini ajablantiradi.

Darhaqiqat, iste`molchi bu o'rinda ham haq. Aslida xonadonlarga elektr energiya ta`minotida cheklash va uzib qo'yish asosan "O'zbekenergo" davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisining farmoyishi bilan amalga oshiriladi. Iste`molchilar energiyani cheklash yuzasidan qabul qilingan farmoyishlar haqida dispetcherlar tomonidan ogohlantiriladi. Maxsus daftarchaga cheklash hamda uzatishning vaqti qayd etiladi. Elektr energiyani cheklash jadvallarini zudlik bilan joriy etishga zarurat tug'ilganda bu haqdagi bildirishnomalar, sutkaning vaqtidan qat`iy nazar, cheklash amal qila boshlashidan oldin iste`molchilarga yetkazilishi lozim.

- Elektr energiyani "uzish"dan oldin loaqal bir marta iste`molchini  ogohlantirish qiyin ish emas, - deydi Chilonzor tumani 2-Katta Chilonzor mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Egamberdi Xudoyqulov. - Hech bir xonadon egasi elektr ta`minotisiz qorong'u uyda o'tirishni  istamaydi. Ogohlantirish olgandan so'ng iste`molchi imkoni boricha tezroq qarzini to'lashga intiladi. Ogohlantirishdan keyin berilgan muddatda iste`molchi qarzini to'lamasa, elektr energiyani cheklab, elektr tokini yoqish uchun unga nisbatan jarima qo'llash maqsadga muvofiqdir.

- Bugungi kunda elektr energetika umumiy moliyaviy va iqtisodiy manfaatlar tutashgan tarmoq bo'lgani bois poytaxtimizda barcha korxonalar, maishiy, ijtimoiy sektor, uy-joy kommunal xo'jaliklarini elektr energiya bilan ta`minlash jarayonlari barqarorlashtirildi, - deydi Toshkent shahar elektr tarmoqlari ochiq aksiyadorlik jamiyati Jismoniy shaxslar bilan ishlash bo'yicha muhandisi Yuldashvoy Muzaparov. - Bozor iqtisodiyoti sharoitida yalpi energiya samaradorligiga kuchli talab bo'lgan hozirgi paytda elektr energiyani tejash muhim ahamiyatga ega. Boisi so'nggi  yillarda mamlakatimizda elektr energiya iste`moli jadal sur`atlarda o'smoqda.  Iqtisodiyotimizning tobora yuqori sur`atlarda rivojlanishi energiyaga bo'lgan ehtiyojni ham orttirmoqda. Shuni hisobga olgan holda iste`molchilarni zarur ma`lumotlar bilan ta`minlash maqsadida portal tashkil qilinmoqda. Hozirgi kunda O'zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi xodimlari mazkur tizimni birxillashtirish hamda portalni kuchaytirish ustida jiddiy ish olib bormoqda. 

Tez kunlarda ishga tushishi kutilayotgan mazkur portalda qabul qilingan tegishli huquqiy hujjatlar, zarur axborotlar joylashtiriladi hamda iste`molchilar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollariga to'liq javob oladilar. Bu esa, o'z navbatida, sohani yanada rivojlantirish yo'lida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar to'g'risida jamoatchilikka keng ma`lumot berib borishga xizmat qiladi.

Bir so'z bilan aytganda, davlatimiz tomonidan ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish orqali aholining turmush darajasini yanada oshirishga katta e`tibor qaratilayotgan bir paytda elektr ta`minoti korxonalarining ham, iste`molchilarning ham o'z huquqi doirasida munosabat o'rnatishi, masalaga umummanfaat nuqtai nazaridan yondashishi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, "qars ikki qo'ldan chiqadi". Shunday ekan, aholining iste`mol madaniyatini yuksaltirish, huquqiy savodxonligini kuchaytirish, o'z navbatida, "O'zbekenergo" davlat aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining bu borada tushuntirish-targ'ibot ishlariga katta e`tibor qaratishi har jihatdan foydalidir.

Ahmadjon XOLBOBOYEV,

"Jamiyat" muxbiri

408 marta o`qilgan