Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Muhokama uchun mavzu
Vaqt kutib turmaydi
13.11.2010 00:24

Ma`lumki, har yili  yurtimizda sanoat korxonalari, o'quv muassasalari va turar-joy binolarida kuz-qish mavsumi oldidan keng ko'lamli ta`mirlash ishlari amalga oshiriladi. 

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 16 iyunda qabul qilingan "Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2010-2011 yil kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta`minlash chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qarorida bu borada qilinishi lozim bo'lgan tadbirlar aniq belgilab berilgan edi. Tabiiyki, qish faslida aholining gaz, issiqlik va elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyoji yanada ortadi. Ammo tabiiy gaz, issiq va sovuq suv quvurlarining eskirishi natijasida uzilish holatlari ham uchrab turadi. Bunda quvurlarning yerostidan o'tganligi bois, ularni ta`mirlash jarayonida muayyan  qiyinchiliklar kelib chiqadi.

- Tumanimizdagi "Masalboy", "Xuvaydo", "Chuvalachi" va "Yunusobod" qishloq fuqarolar yig'inlariga qarashli ko'plab mahallalarda gaz quvurlari tortilganiga ancha yillar bo'lgan, - deydi "Toshkent tumangaz" korxonasi yetakchi mutaxassisi Ulug'bek Rustamov. - Buning ustiga, ularning yerostidan o'tganligi sababli quvurlarning ayrim joylari yaroqsiz holga kelib qolgan.

Tabiiyki, bunday holatda quvurlar yuqori bosimni ko'tarolmaydi. Yorilgan joylardan doimiy ravishda gaz sizib turadi. Avariya sodir bo'lgan joyni topish va ta`mirlash uchun esa ancha vaqt talab qilinadi. Shu boisdan ham, birinchi navbatda, quvurlarning foydalanish davrini uzaytirish hamda yaroqsiz bo'laklarini o'z vaqtida almashtirish maqsadida ularni yer ustiga chiqarish ishlari olib borilmoqda.  Hozirgacha besh ming metrdan uzunroq o'rta va past bosimli quvurlar yer yuzasiga olib chiqilib, kamchiliklar bartaraf etildi.

- Bir necha yildan beri mahallamiz ichimlik suvi ta`minotidan uzilib qolgan edi, - deydi tumandagi Sobir Rahimov mahalla fuqarolar yig'ini raisi O'tkir Nig'matov. - Yaqinda o'tkazilgan ta`mirlash ishlaridan keyin bu muammo o'z yechimini topdi.

Agar tumanda aholini ichimlik suv bilan ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qiladigan bo'lsak, shu yilning o'zida 11,2 kilometr uzunlikda yangidan suv quvurlari tortildi. Nasoslarning yaxshi va uzluksiz ishlashi suv ta`minotidagi yuqori bosimni ta`minlovchi asosiy vosita hisoblanadi. Hozirgacha yettita ana shunday yangi nasoslar keltirilib o'rnatildi.

- Qurilish-ta`mirlash ishlari uchun davlat byudjetidan tashqari homiylar mablag'lari ham keng jalb etilmoqda, - deydi tuman "Suvoqova" korxonasi rahbari Bahodir Usmonov. - Suv ta`minotining yaxshilanishi, o'z navbatida, pul mablag'lari tushumining oshishiga ham ijobiy ta`sir ko'rsatmoqda. Suv ta`minoti uzluksizligini ta`minlash uchun yana bir loyiha - suv havzalarida tozalash ishlari ham amalga oshirildi.

Ammo, viloyatning O'rta Chirchiq tumanida bo'lganimizda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarida hali yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Masalan, tumanda 104 ta ko'p qavatli turar-joylar bo'lib, shulardan 40 tasi To'ytepa shahridagi Ozod Sharofiddinov mahallasida joylashgan. Ularga "Abrorbek kommunal servis" xususiy uy-joy mulkdorlari uyushmasi xizmat ko'rsatadi.

- Bu yil uchta uyning tomi yopildi. Ayrimlarida ta`mirlash ishlari amalga oshirildi, - deydi shirkat rahbari Damira Abdurashidova. - Lekin, ushbu uylarda istiqomat qilayotgan bir yarim ming nafardan ko'proq aholini keyingi besh yildan beri bitta masala, ya`ni uylarni isitish masalasi qiynab kelmoqda. Chunki, uylar markaziy issiqlik tarmoqlaridan uzilib qolgan. Xonadonlar asosan tabiiy gaz plitalari yordamida isitiladi. Markaziy qozonxonaga ulangan quvurlar eskirgan. Ularni almashtirish va yangilash uchun imkoniyatlarimiz yetishmaydi.

Bu holat inson salomatligi uchun ziyon yetkazishi ehtimoli yuqori bo'lib, unda is gazidan zaharlanish xavfi mavjud. Bundan tashqari, ko'pchilik xonadon sohiblari uylarni isitishda noqonuniy o'rnatilgan kichik qozonlardan foydalanib kelishayapti. Bu esa yong'in xavfsizligi qoidalariga zid. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi yong'in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan korxona va tashkilotlarda  o'tkazilgan tekshirishlar davomida 112 holatda, xonadonlarda esa 412 holatda tabiiy gazga  rezina shlanglar yordamida ulanib olingani aniqlangan.

Muammo bor ekan, uning yechimini, albatta, izlab topish lozim. O'rta Chirchiq tuman hokimligi mutasaddilari bu haqda jiddiy o'ylab ko'radilar, degan umiddamiz.

Sherali QUTLIMURODOV,

"Jamiyat" muxbiri

 

 

366 marta o`qilgan