Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Muhokama uchun mavzu
Yoshlar tashkilotlari: zimmadagi mas`uliyat hissi
17.09.2010 14:15

2010 yilning mamlakatimizda «Barkamol avlod yili» deb e`lon qilinishi hamda bu borada Davlat dasturi qabul qilinishi munosabati bilan davlat hamda jamoat tashkilotlari oldiga bir qator dasturiy vazifalar qo'yildi. Ular tomonidan amalga oshirilgan ishlarda Fuqarolik jamiyatini o'rganish instituti Toshkent shahar axborot-tahlil markazi doimiy ravishda hamkorlik munosabatlarini o'rnatib, kuzatuvlar olib bordi. Masalan, yurtimizda faoliyat yuritayotgan to'rt siyosiy partiya Toshkent shahar Kengashlarining yoshlarga oid faoliyati alohida o'rganildi. Ta`kidlash lozimki, qariyb barcha siyosiy partiyalarning yoshlar qanotlari faoliyati tumanlarda jamoatchilik asosida tashkil etilgan, shahar miqyosida esa alohida yo'nalish sifatida mablag' ajratib yo'lga qo'yilgan.

Agar ular tomonidan tashkil etilgan tadbirlar mavzulari ko'lami va maqsadlariga e`tibor qaratadigan bo'lsak, buni besh yo'nalishga ajratish mumkin. «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi va unda belgilangan maqsad-vazifalarini joylarda targ'ib etish, yoshlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirish, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar, ekologiya va sport sog'lomlashtirish sohasidagi hamda partiya safiga yoshlarni jalb etish, elektorat bilan ishlash borasidagi tadbirlar shular jumlasidandir.

A`zolar sonining ko'pligi jihatidan birinchi o'rinda turuvchi Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi o'tgan yarim yil davomida yoshlarga oid 90 dan ortiq tadbir tashkil etib, ularga 9 mingdan ziyod yoshlarni jalb etgan. Bunda, albatta, partiyaning «Istiqbol» yoshlar qanotining hissasi katta bo'ldi. Xususan, «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi mazmun-mohiyatini joylarda targ'ib etish yuzasidan «2010 yil «Barkamol avlod yili»: partiyamizning o'rni va vazifalari», «Barkamol avlod - yurt kelajagi», «Barkamol avlod yili» Davlat dasturini amalga oshirishda Xalq demokratik partiyasining o'rni va roli» kabi mavzularda qator davra suhbatlari, seminarlar tashkil etildi. Shuningdek, yoshlar qanoti tomonidan o'tkazilgan «Yosh siyosatchi - 2010», «Siz huquqni bilasizmi?» kabi ko'rik-tanlovlar yoshlarning siyosiy-huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo'ldi.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi ham o'tgan davr mobaynida 4 mingdan ortiq yoshlar ishtirokida qirqqa yaqin tadbir tashkil etgan. Partiya maqsad-vazifalarini inobatga olgan holda, yoshlarda milliy an`analar, urf-odatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz, mutafakkir va allomalarimizga munosib avlod bo'lib voyaga yetish hissini mustahkamlash maqsadida Alisher Navoiy, Mirzo Ulug'bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi siymolarimiz tavallud ayyomini nishonlashga bag'ishlangan uchrashuvlar, she`rxonlik kechalari, «Ma`naviyatni shakllantirishdagi asosiy mezonlar», «Ajdodlarimiz yodi barkamol avlod qalbida» kabi mavzularda tadbirlar tashkil etildi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi qoshida faoliyat yurituvchi «Yosh adolatchilar»ning yoshlar orasida olib borayotgan faoliyati ham e`tiborga loyiqdir. Mazkur partiya yoshlar qanoti boshqa partiyalarnikidan farqli o'laroq, o'tgan yarim yil davomida tashkil etgan tadbirlari asosan yoshlarimizning siyosiy-huquqiy bilimini mustahkamlashga qaratilgan seminarlar, seminar-treninglar hamda ilmiy konferensiyalardan iborat bo'ldi.

Shuningdek, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi (O'zLiDeP) Toshkent shahar Kengashi tomonidan yoshlarda tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish, kelajakda jamiyatimizda tadbirkorlar safini kengaytirish maqsadida bir qator amaliy ishlar qilindi.

Yoshlar tashkilotlari orasida nufuzi hamda ko'lami jihatidan eng yirik, asosiy yo'nalishi yoshlar bilan ishlashga qaratilgan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati poytaxt bo'limi tomonidan «Barkamol avlod yili» Davlat dasturi doirasida yuzdan ortiq turli mavzularda tadbirlar tashkil etilgan. 

Albatta, siyosiy partiyalarimiz hamda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining Toshkent shahar xududiy tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid faoliyatning ijobiy jihatlaridan ko'z yummagan holda bu sa`y-harakatlar hali yetarli emas. Xususan, «Barkamol avlod yili» Davlat dasturida belgilangan - qat`iy e`tiqod va qarashlarga ega bo'lgan, ma`naviy tahdidlarga va chetdan ko'rsatiladigan ta`sirlarga qarshi  turishga qodir bo'lgan yoshlarni tarbiyalashga yo'naltirilgan, yuz berayotgan hodisalarga yoshlarda daxldorlik tuyg'usini shakllantirish, axloqiy madaniyatni va internetdan foydalanish madaniyatini oshirish, «ommaviy madaniyat»ning kirib kelishiga qarshi kurashishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar, yoshlar orasida mavjud muammolar yuzasidan yoshlar tashkilotlarining umumiy faoliyatida yetarli darajada emasligini ta`kidlash joiz.

Bu borada faqatgina Xalq demokratik partiya­sida «Kiyinish madaniyati va shaxsiy gigiyena hamda sog'lom kelajak avlod», «Giyohvandlik nimasi bilan xavfli?», «Milliy tiklanish» partiyasida «Qullikka rozi bo'lmang!», «Kelajakka narkotiksiz» kabi mavzularda oz sonli tadbirlar tashkil etilgan. Fikrimizcha esa, yoshlar orasida mavjud muammolar, ma`naviyatga salbiy ta`sir ko'rsatayotgan ayrim omillar haqida aniq maqsadga qaratilgan, Davlat dasturida ko'rsatilgan yo'nalishlardan kelib chiqqan holda tadbirlarning tizimli yo'lga qo'yilishi faoliyat samaradorligini oshirgan bo'lar edi.

Shuningdek, tarkibida yoshlar 53 foizni tashkil etgani holda O'zLiDeP Toshkent shahar Kengashi o'tgan yarim yil davomida yoshlarga oid 10 ga yaqin tadbir tashkil etgan bo'lib, yoshlar qanotining shahar va tumanlardagi faoliyatida sustkashlik kuzatilmoqda. Yoshlar qanoti faoliyatini jonlashtirish borasida partiya shahar Kengashi kelgusida faol yoshlarni moddiy-ma`naviy jihatdan qo'llab-quvvatlagan holda, ular faoliyatini tizimli yo'lga qo'ya oladi, degan umiddamiz.

Yoshlarimizni ishlab chiqarishga jalb etib, ular bilan ish olib borishda partiyalarimiz yoshlar qanotlarida muayyan bir loyiha yoki yo'nalishlarda tashkil etilishi lozim bo'lgan samarali faoliyatni, afsuski, haligacha ko'rmayapmiz. Bu holat «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar bo'limi Kengashi faoliyatida ham havas qilarli darajada deb bo'lmaydi. Chunki, ushbu tashkilotning shahrimizdagi ko'plab korxona va tashkilotlarda boshlang'ich tashkilotlari mavjud bo'lsada, ushbu muassasalarda yoshlar bilan amalda yetarli darajada ish olib borilmayotganini kuzatish mumkin. Bu haqda «Turkiston» gazetasi sahifalarida (2010 yil 10 aprel 25-sonida) chop etilgan «Kamolot» a`zosi kim? yoki bir savolga bir necha javob» sarlav­hali maqolada bir qator korxonalarning boshlang'ich tashkilot vakillari bilan suhbatlarda inkor etib bo'lmaydigan misollar keltiriladi. Ushbu kamchilikni bartaraf etishda, bizningcha, barcha partiyalarimiz hamda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Toshkent shahar bo'limi salohiyati hamda imkoniyati yetarli. Xususiy korxona va tashkilotlar vakillari, rahbarlari bilan hamkorlik rejalari ishlab chiqilishi partiyalar safining kengayishiga, «Kamolot» boshlang'ich tashkilotlari yetakchilarining o'quvlarini tizimli tashkil etilishi joylarda ishlarning jonlanishiga hamda ushbu jamoalarda mehnat qilayotgan yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimini oshirishda ijobiy ta`sir ko'rsatadi.

Ma`lumki, jamiyatimizda yoshlarimiz ma`naviyatiga salbiy ta`sir ko'rsatayotgan omillarning oldini olish hamda unga qarshi o'z vaqtida choralar ko'rish, yoshlarimiz o'rtasida an`analarimiz, milliy o'zligimizga xos madaniyatga nisbatan hurmat hissini mustahkamlash, milliy ruhda kamol topishi uchun sa`y-harakat qilishni bugun davrning o'zi taqozo etmoqda. Bunda, albatta, siyosiy partiyalar va yoshlar tashkilotlarining o'rni muhim hisoblanib, ular zimmasidagi mas`uliyat ham juda kattadir.

Bunyodbek SHAMSUTDINOV,

Fuqarolik jamiyatini o'rganish

instituti ilmiy xodimi

 

 

 

393 marta o`qilgan