Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Mulohaza
Bolaga imkon bering
07.07.2011 22:15

Ota-onalar jigarbandlarini o'z boshlaridan o'tkazgan qiyinchiliklardan, azobu uqubatlardan saqlashga harakat qiladilar. Ularning maqsadi ezgu ekaniga shak-shubha yo'q. Biroq ba`zan ota-ona bolasini zarur erkinlikdan chegaralab qo'yadi.

Xo'p ota-onalar «jazo» tarbiya vositasi, deb qattiq adashadi. Ular bolani to'g'ri yo'lga solish uchun o'ziga xos aqidaga amal qiladi: «Avval ogohlantiraman. Keyin talab qilaman. Shunda ham aytganimni qilmasa, jazolayman». Jazolashning turlari ham ko'p. Endi vaziyatga bolaning ko'zi bilan qaraylik. Nima deb o'ylaysiz, u nimani his qilarkin? Qilgan ishidan afsuslanadimi? Yo'q, aslo! Bu yoshda bola qilib qo'ygan ishining  oqibatlarini deyarli anglamaydi. Lekin unga ko'rsatilayotgan qahr-g'azabni juda yaxshi tushunadi. Natijada bolaning xayolidan «Meni hech kim yaxshi ko'rmaydi. Menga e`tibor ham bermaydi», qabilidagi o'y kechadi.  Bunday tuyg'u bola ruhiyatiga salbiy ta`sir ko'rsatadi. Ba`zida jazolash yomon xulq­qa barham beradi, bola siz taqiqlagan ishlarni qilmaydi. Chunki u jazolanishdan qo'rqadi. Shuning uchun mabodo siz taqiqlagan narsa maxfiy tarzda amalga oshirilsa, bundan ajablanmang. Endi siz bolani yolg'on gapirish hamda mug'ombirlik qilgani uchun ham jazolashga tushasiz. Bu ketishda boshi berk ko'chadan chiqishingiz dargumon.

«Bolamni jazolashga umuman, hojat yo'q», deydigan onalar ham topiladi. Baxti bor ekan, unga kamtar, bosiq farzand nasib qilibdi, deb o'ylamang. Bunaqa bola bo'lmaydi. Faqat uning oilasida muhabbat va hamfikrlikka asoslangan iliq munosabatlar hukmron, xolos.

«Birovning tajribasi hali hech kimga hech nimani o'rgatmagan», - degan ekan bir faylasuf. Farzandlarimiz esa har kuni bu fikrning to'g'riligini isbotlashadi. Ona o'g'liga «daraxtga chiqma, yiqilasan!» desa ham u baribir chiqadi va tabiiyki, yiqiladi. So'ng o'rnidan turib yana chiqadi. Faqat bu safar boshqacha yo'l bilan. Buni qarang u shoxdan mahkam ushlab olibdi. Demak, farzandingiz o'sayapti.

 Ham tanqid, ham maqtov

 Mutaxassislarning fikricha, ko'pchilik oldida jazolash ham, mukofotlash ham samarasiz ekan. Negaki, unisi ham, bunisi ham bolani boshqalardan ajratib qo'yadi. Bolaga esa o'zini o'zgacha his qilish yoqmaydi. Bolani jazolashga butunlay qarshi bo'lgan onalar yaxshi xulqli bolani qo'llab-quvvatlab, rag'batlantirish tizimiga o'tib olishgan. Bu tizimga ko'ra, ota-ona bolaning yaxshi xatti-harakatini diqqat bilan kuzatib, bu haqida hammaga ma`lum qilishi kerak. Misol uchun, kichkina bola lattani qo'liga olib, pol artishga chog'landi. Mayli, uning yordamidan umuman naf bo'lmasin, lekin ona, albatta, bolaning yordami uchun maqtab qo'yishi kerak. Mazkur usul bolaning faoliyatini ijobiy tomonga yo'naltirib, yaxshi amallarga ko'proq undaydi.

Bolani hech qachon yaxshi ko'rgan o'yinchog'idan judo qilmang. Bola xato qilganda, ota-ona  o'zini xafa qilib ko'rsatishi yaxshi samara beradi. Unga katta odam bilan gaplashganday muomala qilish kerak: «Singling­ni urganing uchun men sendan xafa bo'ldim», «Televizorni uzoq tomosha qilsang, qattiq xavotirlanaman...» Balki o'sha lahzada natijasini ko'rmassiz, lekin vaqti kelib o'zgarishlar, albatta, bo'ladi. Kattalarning har bir aytgan so'zi bolaning ongi shuurida muhrlanadi.

Agar bola ko'z oldimizda issiq choynak yoki pichoqqa qo'l cho'zsa, mashina yo'liga yugursa, qo'rquv va g'azab hissi ustun kelgan ona bolasiga, hatto, shapoloq tortishi hech gap emas. Garchi unda bolaning aybi bo'lmasa-da. Qiziquvchanligi tufayli bola hali nima yuz berishini bilmaydi. Bunday vaziyatda ota-ona dastlab bolani xavf-xatardan asrab, keyin sal esi kirganda, hammasini birma-bir tushuntirib berishi kerak. Misol uchun, bolaga issiq (qaynoq emas) choynakka tegishga imkon bering.

 Qiziqishni chegaralamang

 Ota-onalarning noroziligiga sabab bo'luvchi bu kabi vaziyatlarni ko'plab keltirish mumkin. Bola sekin-asta olamni ang­lay boshlaydi, o'zicha turli xatti-harakatlarga qo'l uradi. Biz kattalar esa uning qiziquvchanligini chegaralab, uning ichki dunyosini o'zimizga moslashga harakat qilamiz. Bilib qo'ying, bolaning har qanday xarxashasi uning biz kattalar tomonidan qo'yiladigan to'siqlarga bo'lgan noroziligidir.

Mirjamol MAHMUDOV

75 marta o`qilgan