![]() |
![]() |
![]() |
Mulohaza
Bunda lozim ogohlik va sergaklik
10.06.2011 12:44
«Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasining 2011 yil 8 aprel sonida «Yashash kerak - chegarada turgandek sergak» sarlavhasi bilan e`lon qilingan maqola menda katta taassurot uyg'otdi. Maqola muallifi to'g'ri ta`kidlaganidek, axborot texnologiyalarining mislsiz rivoj topishi axborot oqimining davlatlar, mintaqalar, qit`alar o'rtasidagi chegaralardan bemalol hatlab o'tishiga sharoit yaratmoqda. Bu esa, har bir mamlakatning axborot xavfsizligi tizimida «axborot urushi», «axborot xuruji» degan tushunchalariga alohida e`tibor qaratishini talab qilmoqda. «Axborot urushi» yoki «axborot xuruji» jumlasi birinchi bor 1976 yilda Tomas Rona tomonidan «Boing» kompaniyasi uchun tayyorlangan «Qurollar tizimi va axborot urushi» nomli hisobotida tushuncha sifatida foydalanilgan. Mualllif ushbu hisobotida axborot infratuzilmasi davlat iqtisodiyotining asosiy komponenti bo'lib qolishini, lekin u bir vaqtning o'zida xuddi urush vaqtida bo'lganidek, tinchlik davrida ham muhim vositaga aylanishini ta`kidlaydi. Bu hisobotning e`lon qilinishi ommaviy axborot vositalarida shu mavzudagi muhokamalarning boshlanishiga sabab bo'ldi. Ayniqsa, 1980 yillardan boshlab g'arbdagi davlat xavfsizligi mutasaddilari bu masalani faol muhokama qilishni boshladi. Bu vaqtga kelib, axborot xuddi manba, faoliyat asosi va maqsad bo'la olganidek, qurol ham bo'lishi mumkinligi haqida soha xodimlarida umumiy tasavvurlar yuzaga kelib ulgurgan edi. Aytish kerakki, axborot xurujining usullari universal ko'rinishga ega bo'lib, u ma`lum bir shaxs, tashkilot yoki davlatning maxfiy ma`lumotlarini oshkora qilishga intilishi bilan bog'liq sanaladi. Bu «urush»ni amalga oshirayotgan sub`ektning asosiy maqsadi uning uchun yopiq bo'lgan ma`lumotlar bazasidagi maxfiy ko'rinishdagi hujjatlarga kirishga imkon yaratish hisoblanadi. Axborot urushida ixtiyoriy sub`ektning maxfiy ko'rinishda saqlanadigan barcha ma`lumotlari o'ziga qarshi ishlatilishi mumkin. Ular ochiq matbuotda e`lon qilinadi. Xullas, axborot urushi axborotni ob`ekt yoki potensial qurol sifatida ko'radi. Ko'pchilik tadqiqotchilar fikriga ko'ra, «yangi asrda axborot texnologiyalari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lib, tanklarsiz va raketalarsiz, birgina axborot xurujlari va ommaviy axborot vositalari yordamida asosiy maqsadlarga erishish mumkin». Darhaqiqat, bugungi kunda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o'rtasida ortib borayotgan texnologik farqlar yangi mustaqil davlatlarning ichki ishlariga aralishishda yetakchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo'llashni ta`minlamoqda. Endilikda axborot xurujlarini uyushtirish usullarini nafaqat texnika nuqtai nazaridan rivojlangan mamlakatlar, balki transmilliy korporatsiyalar ham amaliyotga tatbiq etmoqdalar. Axborot asrida matbuot axboroti, televizion kadr, radio to'lqin va albatta, hayotning ajralmas bo'lagiga aynalib borayotgan internetning o'rni beqiyos bo'lib bormoqda. Shu tufayli ham zamonaviy aloqa vositalari ijtimoiy ongni boshqarish borasida siyosatning eng samarali va moslashuvchan quroli maqomini olmoqda. Bugungi informatsion texnologiyalar aynan bir axborotni ikki xil tarzda tayyorlash va jamoatchilikka taqdim etish imkoniga egaki, mazkur axborot bir vaqtning o'zida ham ijobiy, ham salbiy munosabatni yuzaga keltirishi, buning natijasida esa inson, guruh, jamiyatning normal ruhiy holati buzilishi mumkin. Bir so'z bilan aytganda, ogoh va hushyor bo'lishni davr taqozo qilmoqda. Bu har bir yurtdoshimizdan yuz berayotgan voqea-hodisalarga befarq bo'lmasdan, vatanparvarlik hissi bilan yashashni talab qilayotir. Chunki, «Yashash kerak - chegarada turgandek ogoh» maqolasi muallifi ta`kidlaganidek, o'zini saqlashga intilmaganni hech kim saqlay olmaydi. Rashid HALIMBYeTOV, Tadqiqotchi 90 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|