Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Mulohaza
Erinchoqlik kasallikmi?
07.07.2011 22:17

Bekorchidan xudo bezor, deb bejizga aytishmaydi. Bekorchilik yalqovlikdan kelib chiqadi. Bu illatdan xalos bo'lish mumkinmi? Psixologlarning fikricha, buning iloji bor. Quyida soha mutaxassislarining fikri bilan tanishasiz.

«Ilhom parisi»ni kuting

 Yalqovlikning sababi ko'p. Muhimi, nima bizni zarur ishlarni bajarishimizga to'sqinlik qilayotganini tushunish lozim. Ruhshunoslarning fikricha, bunga o'zingiz, aniqrog'i, imkoniyatlaringizga ishonmaslik sabab bo'larkan. Ayrimlar ishni eplay olmasligidan cho'chiydi, mag'lub bo'laman yoki, aksincha, g'alabani qo'lga kiritgach, yumushlarim qalashib ketadi, deb qo'rqadi. Negaki, bir ishni uddalagandan so'ng navbatdagi vazifani ham undan orttirib bajarish kerak-da.

Erinchoqlikka hafsalasizlik, ya`ni bir ishni muhim deb hisoblamaslik ham bahona bo'lishi mumkin. Bunda o'zingizni ishyoqmaslikda ayblamasdan, nima uchun shu ish sizga yoqmayotganini aniqlash zarur.

Ba`zan esa imillab vazifasini do'ndirib bajarishga tayyorgarlik bosqichi ham bo'lishi mumkin. Bunday odamlarni ko'rsangiz: ular biror ishni o'ylab olish uchun yozuv stoliga o'tirishi, butun e`tiborini rejaga qaratishi shart emas. Ular boshqa ishlar bilan (masalan, bog'da sayr qiladi yoki televizor ro'parasiga yonboshlab oladi) band bo'ladi. Shu tariqa «ilhom parisi»ni kutadi. To'g'ri, chetdan qarab uni yalqov deyishingiz mumkin. Lekin, buni qarangki, ishni bajarish muddati yetganda u tezda ishga kirishib, vazifasini ko'ngildagidek qilib qoyillatadi.

 Dangasalik va soflik

 Odamlar nima deyishidan qat`i nazar tanballik xususida ilm-fanning o'z xulosasi bor. Olimlarning yakdil fikricha, dangasalik zo'riqish, charchash tufayli ishdan bo'yin tovlashdir. Ish xoh jismoniy, xoh aqliy bo'lsin odam negadir uni bajarishga qo'li bormaydi. Negaki, bola-chaqa, uy-joy deb tunu kun tinim bilmay ishlab, dam olishni ko'pincha unutib qo'yamiz-da! Oqibat vaqt o'tgani sayin organizm ish qilishda o'zida ortiqcha kuch topmaydi. Har qancha urinmang, charchaganda o'zni ishlashga majbur qilolmaysiz. Odatda mehnatdan bo'yin tovlamaydiganlar doim ish qilishga biron ro'kach, dalil topadi, o'ta talabchan va e`tiborli bo'ladi. Aynan shunday jonkuyarlik, unchalik muhim bo'lmagan ishlarni ham qilaverish oqibatida zo'riqish, organizmda charchoqqa sabab bo'ladi.

Buning oldini olish uchun «ishda ish, uyda dam» qoidasiga amal qilish kerak. Ya`ni dam olish kunlari, kechki payt ishxonada  bitmay qolgan ishlarni uyga olib ketmaslik, uyda ishdagi muammolar haqida bosh qotirmaslikka harakat qiling. Aks holda kasbiy muvaffaqiyatsizlik, uyquga to'ymaslik, asab buzilishlari, ertami-kech, albatta, o'zini namoyon qiladi.

Bundan tashqari, vaqti-vaqti bilan dam olish, aniqrog'i, dangasalik qilishda o'zingizni ayblamang. Negaki, organizmingiz shuni talab qilayapti. Zero, ma`lum vaqt dangasalik qilish zo'riqishga qarshi kurashish va erta qarishning oldini olishga yordam beradi.

 Mukofot ham foyda beradi

 Endi me`yorida dam olish ham sog'liq, ham jamiyat uchun foydali bo'lishi mumkinligini bilib oldik. Biroq bu istalgancha uzala tushib yotish degani emas. Tasavvur qiling, bir ishni qilishingiz kerag-u, lekin yalqovlik bunga yo'l qo'ymayapti. Ana shunday vaziyatga tushganda nima qilish kerak?

Dastlab oldingizda turgan ishdan qoniqish hosil qilmang, u meni xursand qiladi deb, o'zingizni ishontiring. Bahri-dilni ochadigan musiqa tinglang, ish joyingizni tartibga keltiring.

Agar uzoq vaqt zerikarli ish qilishingizga to'g'ri kelsa, uni bosqichlarga bo'lib chiqing. Shunda bu ishni bajarish unchalik qiyin bo'lib ko'rinmaydi.

Imkonga qarab faoliyat turlarini galma-gal almashtirib turing. Negaki, yaxshi hordiq bu faoliyat turlarini almashtirish degani. Kun bo'yi idorada o'tirgach, kitob o'qish yoki kompyuterdan o'yin o'ynash - bo'sh vaqtni o'tkazish uchun eng ma`qul yo'l emas. Yaxshisi, tanaffus vaqtida sayrga chiqing, o'zingiz yoqtirgan odamlar bilan hamsuhbat bo'ling.

Mukofot ham yaxshi yordam beradi. Ishlarni bajarib bo'lgandan so'ng o'zingizga yoqadigan biror ish bilan shug'ullaning.

Ya`ni o'z o'zingizni taqdirlang. Bular esa sizni hamma ishni o'z vaqtida bajarishga ruhlantiradi.

Mirjamol MAHMUDOV

 

83 marta o`qilgan