![]() |
![]() |
![]() |
Mulohaza
E`tibor ham yuksak rag'batdir
20.05.2011 12:19
Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ta`lim tizimini tubdan isloh qilish, barkamol avlodni munosib tarbiyalash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Ayniqsa, O'zbekiston Respublikasining «Ta`lim to'g'risida»gi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda Maktab ta`limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi asosida tizimda tub o'zgarishlar ro'y berdi. Bu esa, o'z navbatida, ta`lim sifatiga ijobiy ta`sir ko'rsatmoqda. Ta`lim tizimini rivojlantirishga qaratilayotgan bunday yuksak e`tibor va g'amxo'rlik ayni paytda jamiyatda o'qituvchilik kasbining nufuzi oshishiga ham ijobiy ta`sir ko'rsatdi. Zero, yosh avlodning istiqlol g'oyalari asosida tarbiyalanib, ajdodlarimizga munosib bo'lib voyaga yetishi, eng avvalo, o'qituvchi berayotgan saboq, uning izlanish va intilishiga ham bevosita bog'liqdir. Yurtimizda go'zal va shinam kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar, yangidan-yangi maktablar barpo etilyapti. Eng muhimi, endilikda o'quvchilar darslarni nafaqat o'qituvchilarning ma`ruzalarini tinglab o'zlashtirayapti, shu bilan birga zamonaviy pedagogik texnologiyalari asosida kompyuterlar orqali ham saboq olayaptilar. Inson, u qaysi sohada faoliyat ko'rsatmasin, fidoyi bo'lmasa, ko'zlagan maqsadiga erishishi qiyin. Taraqqiyotga jonkuyar, bilimdon, yuksak aql-zakovatli mutaxassislar hissasi orqali erishiladi. Shunga ko'ra, endi o'qituvchilar o'z qobiliyatini to'la ishga solib, kasbiy mahoratini yanada takomillashtirishga katta e`tibor qaratmoqda. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilingach, ta`limda zalvorli yutuqlarga erishilayoganini har birimiz ko'rib, eshitib, o'z hayotimiz misolida ham anglab turibmiz. Davlatimiz rahbari ta`biri bilan aytganda, bu sa`y-harakatlar natijasi o'laroq, kelajakka intilgan, ko'zlari yonib turgan yigit-qizlar hayotga tayyorlanmoqda. Hademay, istiqlolimizning qutlug' 20 yilligini nishonlaymiz. Butun mamlakat uzra o'zgacha fayz ila tantana qilinadigan ushbu kun hech birimizning yodimizdan chiqmaydi, albatta. Ayniqsa, men uchun bu bayramning zavqi boshqacha. Negaki, aynan istiqlol yillarida o'qib-ulg'ayib, kamol topdim. Sevgan sohamda ishlash baxtiga musharraf bo'ldim. Bugun har bir o'qituvchi e`zozda. Men bir o'qituvchi sifatida mana shunday dorilamon kunlarda yashayotganimdan, istiqlol farzandlariga saboq berayotganimdan cheksiz faxrlanaman, ko'nglimda iftixor tuyg'ularini tuyaman. Ra`no ALIBYEKOVA, Farg'ona viloyati Dang'ara tumanidagi 5-umumiy o'rta-ta`lim maktabi o'qituvchisi 86 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|