![]() |
![]() |
![]() |
Mulohaza
Gard «yuqmagan» qurut: yoxud ehtiyotkorlik zarar qilmaydi
17.06.2011 14:50
Inson sog'lig'i hamma narsadan ustun. Uni asrash nafaqat o'zimizga, atrofimizdagilarga ham bog'liqdir. Yaqinda poytaxtimiz ko'chalaridan birida bolalar aravachasiga mahkamlangan patnissimon narsa ustida qurut sotayotgan ayolga ko'zim tushib qoldi. Qo'lbola «rasta»ga qurutlar katta-kichikligiga qarab, shunday mahorat bilan terilganki, har qanday kishi e`tiborini tortadi. Biroz kuzatib turdim. Yo'ldan o'tgan-ketgan yo'lovchilar - asosan bolalar qurut sotib olishardi. Ana, onasi bilan kelayotgan bolakay: «Oyijon, qurut olib bering», deb xarxasha boshladi. Ayol avvaliga o'ylanib turdi-da, keyin qurutdan bir nechtasini xarid qildi. Bolaning yuziga tabassum yugurdi, ammo injiqlanishidan betobligi bilinib turardi. Ular ketgach, sotuvchiga yaqinlashdim. - Qurutlaringizga chang yuqmaydimi? - deb so'radim jo'rttaga. - Yo'q, - dedi ayol va shosha-pisha «patnis» ustiga oppoq doka yopdi. - Opa, qurutni o'zingiz tayyorlaganmisiz? - Yo'q. Sotib olib shu yerga keltirib sotaman. Singlim, qurutdan oling! - Rahmat. Ko'nglim tusamasa-da, qiziqsinib tatib ko'rdim. Qurutni og'zimga solishim bilanoq, xuddi nurab ketgan mo'rt devor tuprog'idek erib tomog'imda turib qoldi. Bu qurutda na sifat, na sihat bor edi. Yana bir gap. Shu qurut «rasta»si oldidagi yo'ldan yuzlab avtoulovlar u yoqqa, bu yoqqa harakatlanadi. Kimdir o'qishga, kimdir ishga yo'l yoqalab odimlayapti. O'ylanib qoldim: biz o'z taqdirimiz, sog'lig'imizga shunchalar befarqmizmi? Yo'l yoqasida sotilayotgan qurutga, pista yoki turli mevalardan tayyorlangan shirinliklarga chang-g'ubor qo'nmasligiga kim kafolat beradi? Savdo-sotiqning o'ziga yarasha qonun-qoidalari bo'lgani kabi muayyan savdo madaniyati ham bor. Qolaversa, o'zgalar salomatligiga ko'ra-bila turib, qasddan zarar yetkazmaslik ham kerak. Keyingi paytlarda qadoqlangan pista deysizmi, mayizdan tortib hatto, qadoqlangan qurutlarni ham savdo rastalarida uchratish mumkin. Ayniqsa, ularning sifat ko'rsatkichlari, ishlab chiqiladigan vaqti-soati, saqlanish haroratigacha aniq qayd etilgani kishi ko'nglini quvontiradi. Yuqoridagidek holatlarga esa bundan besh-olti yil ilgari qariyb har qadamda duch kelardik. Ayni shu kunlarda esa sanoqli joylarda qisinib-qimtinib, yashirinib savdo qilayotganlarni ko'cha-yu, xiyobonlarda, avtobus bekatlarida, turli o'quv maskanlariga yaqin yo'laklarda, qisqasi, odamlar gavjum joylardagina uchratish mumkin. Bir qarashda arzimagan bo'lib tuyulgan bu holat oxiri yo'q muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi kishini o'yga toldiradi... Bugun barchamiz zarur mahsulotlarni qayerdan, qachon va qanday holatda sotib olishni bilamiz. Demak, bunday e`tibor va ehtiyotkorlik salomatligimiz, pirovardida esa hayotimiz xavfsizligida beqiyos ahamiyat kasb etishini ham chuqur anglashimiz zarur. Gulnoza TURG’UNBOYEVA
77 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|