![]() |
![]() |
![]() |
Mulohaza
Ham FOYDA, ham ZARAR
17.06.2011 14:49
Ba`zan inson biror yumush bilan mashg'ul bo'lmagan paytda ham o'zida charchoqni his etadi, bosh og'rig'i, asabiylashish, lohaslikni sezadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday holat xonaga o'ziga xos ko'rk bag'ishlab turgan zamonaviy texnik jihozlar ta`sirida yuzaga kelishi ham mumkin ekan. Masalan, uy va idoralarni yorituvchi chiroqlar, isitish moslamalari, dazmol, televizor, telefon, kompyuter kabi maishiy texnika jihozlari, aloqa va transport vositalari biz bilgan-bilmagan holda sog'ligimizga salbiy ta`sir ko'rsatadi. Gap shundaki, ularning atrofida o'ziga xos elektr maydon bo'lib, ulardan tarqalayotgan nur deyarli sezilarsiz bo'lishiga qaramay, nafaqat inson organizmidan, hatto beton va temirdan ham osongina o'ta oladi. Soha mutaxassislarining fikricha, bunday nur markaziy asab tizimi orqali ruhiyatni zo'riqtirib, organizmdagi endokrin, immun, yurak-qon-tomir tizimi faoliyatining buzilishiga olib keladi. Masalan, xonada kun bo'yi elektr jihozlari yoniq turishi yoki soatlab kompyuterda ishlash kechga borib kayfiyat buzilishi, charchoq, asabiylashish kabi holatlarni keltirib chiqaradi. Bu esa, o'z o'rnida, nevroz, ko'rish qobiliyatining pasayishi, qon bosimining ko'tarilishiga sabab bo'ladi. Bunday noxushliklar keyinchalik immunitetning keskin pasayishi, kamqonlik, kardionevroz va turli allergik kasalliklarni yuzaga keltiradi. Aytish joiz, elektromagnit nurlanish, ayniqsa, homilador va emizikli ayollar, bolalar va keksalar salomatligi uchun jiddiy xavf tug'diradi. Xususan, homilador ayolning kompyuter qarshisida soatlab o'tirishi, isitish moslamalaridan ko'p foydalanishi, elektr uskunalar bilan jihozlangan xonada uzoq vaqt uxlashi bolaning turli allergik kasalliklarga moyil bo'lib tug'ilishiga sabab bo'ladi. Shuningdek, qish mavsumida derazalari sellofan bilan zich yopilgan xonada bir necha oy mobaynida to'laqonli havo almashmasligi natijasida elektromagnit nurlanish yuzaga keladi. Natijada havodagi ko'z ilg'amas chang zarrachalari yuz, qo'l terisiga tushib, organizmni zararlaydi. Bu yosh bolalarda, ayniqsa, turli allergik kasalliklar, jumladan, eshakem, diatez, ekzema vujudga kelishiga, shuningdek, terining dag'al tortishiga sabab bo'lishi mumkin. Shuning uchun xonani tez-tez shamollatib turish lozim. Ma`lumki, televizor va kompyuter vositalaridan ko'p foydalanish organizmning nurlanishiga olib keladi. Mutaxassislarning qayd etishicha, televizorni 3-5 metr uzoqlikda ko'rish, uning qarshisida ikki soatdan ko'p o'tirmaslik lozim. Kompyuterda 40 daqiqa ishlagandan keyin, 15 daqiqa dam olish foydali bo'lib, bunday paytda ochiq havoda yurish yaxshi samara beradi. Umuman olganda, kundalik yumushlarimizda beminnat xizmat qilayotgan turli texnik vositalardan to'g'ri va oqilona foydalanish ish unumdorligini oshirishi bilan birga salomatlikka xavf soluvchi turli omillarni bartaraf etishni ta`minlaydi. Kamola AHMEDOVA
97 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|