Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Mulohaza
O'zimizga bog'liq ozodalik
03.11.2011 21:59

Ertalab boshlangan kunning rejalari bilan ko'tarinki kayfiyatda ishga yo'l olar ekanman,  yo'l chetidagi plastik qopchalarda tashlab ketilgan axlatlarga ko'zim tushib, beixtiyor kayfiyatim buzildi. «Tavba,  kim bunday noma`qulchilikni qildi ekan?» degan savol xayolimda kechishi bilan ko'z o'ngimda javob ham topila qoldi.

Ko'rinishidan ziyolinamo bir kishi boshqarayotgan mashinasini to'xtar-to'xtatmas, yo'l chekkasiga ikkita plastik qopchalarni uloqtirgancha «jo'nab qoldi». Haydovchining bu qilig'idan ranjib, avtobus bekatiga yetib borganimda bu yerda ham kayfiyatim battar buzildi. Bekatda chiroyli kiyingan yigit sigaret qoldig'ini ariqchaga tashladi. Vaholanki, uch qadam narida axlat quti bor edi. Avtobusni kutgancha, bekatda bir kunda 400 nafarga yaqin odam avtobusga chiqishini, shulardan 10 foizi sigaret chekishini taxmin qildim. Shularning yarmisi sigareta qoldig'ini yo'l chetiga tashladi, deylik. Ayon bo'ladiki, 20 ta ana shunday chiqindi qoldig'i ko'chani «bezaydi».

Keling, yaxshisi, aybdorni atrofdan axtarmay, bunday nohushliklarga chora izlaylik. Sigareta qoldig'ini, umuman bir martalik yo'l chiptalarini ham bekatlardagi axlat qutiga tashlashga odatlansak yaxshi bo'lardi.

Bir qarashda bu mayda, arzimas gaplar bo'lib tuyulishi mumkin. Biroq shu o'rinda bir voqeani keltirib o'tsam. Xorijiy mamlakatlardan biriga xizmat safari bilan borgan tanishlarimdan biridan safar taassurotlari haqida so'raganimda «Yaxshi joylar ekan-u, ozoda-sarishta emasligi ta`bimni xira qildi» deb javob bergandi. Guvohi bo'lganimizdek, kishida biron-bir mamlakat haqida iliq tassurot uyg'otishda tozalik va orastalikning ham o'rni katta. Shunday ekan, kelinglar, e`tiborli bo'laylik.

Muhiddin  TINIBEKOV,

Favqulodda vaziyatlar vazirligi
 fuqaro muhofazasi instituti o'qituvchisi
47 marta o`qilgan