Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Mulohaza
Qo'shiqning jozibasi nimada?
17.06.2011 14:48

Aytish o'rinliki, bugungi kunda mamlakatimizda yosh xonandalarga, umuman san`at ahliga katta e`tibor qaratilmoqda. Mana shunday e`tibor tufayli yosh qo'shiqchilar mumtoz hamda milliy estrada yo'nalishida samarali ijod qilib kelmoqda. Darhaqiqat, hozir san`atning milliy yo'nalishida ham yoshlarimiz namunali ijod qilib, uni dunyoga tanitishda o'z hissasini qo'shib kelmoqda. Bundan tashqari, ular maqom qo'shiqlarini ham maromiga yetkazib ijro qilishmoqda. Biroq...

Yaqinda «Zarba» degan guruh xonandalari ijro etgan «Digi-digi» deb nomlangan «qo'shiq» so'zlarini tushunish uchun ancha ovora bo'ldim:

Digi-digi h-o-o, digi-digi,

Digi-digi h-o-o, digi-digi.

Ajablanarli jihati shundaki, mazkur so'zlar ma`nosini o'zbek tili izohli lug'atidan ham topib bo'lmadi. Ushbu qo'shiqqa ishlangan klipda esa ijrochilar yuqorida zikr etilgan naqoratni aytishayotganda negadir tinmay sakrashadi. Nima deyishayapti-yu, nega sakrashayapti? Ushbu guruhning «Mahallada duv-duv gap» deb nomlangan «taronasi» ham ko'pchilikning e`tiroziga sabab bo'lgandi. Aytish lozimki, mazkur «taronalar» ayni paytda ayrim radio hamda telekanallar «xit-paradi»da yuqori pog'onalardan joy olayotir. Bunda asosiy mezon to'plangan ovozlarning salmog'ida ekan. Aksariyat yoshlar bilan suhbatlashganimizda ular bunday saviyasi past qo'shiqlar borasida salbiy fikrlar bildirishadi. Unda ovoz berayotganlar kimlar ekan?

Yosh xonanda Jasur Umirovning «Oysha» deb nomlangan qo'shig'i matniga e`tibor bering-a:

Oy-sha, Oysha, Oy-sha, Oysha,

Qo'y endi qiynama,

Qizlar guli Oysha. 

Guvohi bo'lganingizdek, bugun ayrimlar bitta so'z bilan ham qo'shiq «yaratishmoqda». Xonandaning yana bir «Ruxsoring» deb nom olgan qo'shig'i xususida ham shunday de­yish mumkin. Eng qizig'i, radiokanallarning aksariyat boshlovchilari mazkur qo'shiqlarni «diltortar», «tarovatli», «dilxush tarona» deb atashmoqda. Boshlovchiga «manzur kelgan» bunday «musiqiy asar» boshqalarga xush kelish-kelmasligini ham inobatga olish lozim, bizningcha.

Aytish joizki, mamlakatimizda milliy urf-odatlarimiz, qadriyatlarimiz, shuningdek, yoshlarning ma`naviy dunyoqarashini kengaytirishga alohida e`tibor berilayotir. Shu bois, ommaviy axborot vositalarida yoshlarning ma`naviyatini yuksaltirishga qaratilgan qator ko'rsatuv, eshittirish, maqolalar berib borilmoqda. Bu jarayonda san`at, xususan, qo'shiqchilik e`tibordan chetda qolmasligi kerak. Toki, yaratilayotgan qo'shiqlar kishilar qalbida uzoq yashashi bilan birga, insonlar ma`naviyatining yuksalishiga, ruhiy dunyosining boyishiga xizmat qilsin.

Rufat NE`MATOV,

«Jamiyat» muxbiri

 

68 marta o`qilgan