![]() |
![]() |
![]() |
Mulohaza
Sarishtalik ostonadan boshlansa...
20.05.2011 12:17
Vatan hissi hech bir inson uchun begona emas. Hatto endigina tug'ilgan murg'ak chaqaloqning ham o'z mitti Vatani - beshigi bor. Shunday ekan, o'zimiz yashab turgan zaminni, aziz go'shamizni go'zal, toza, obod holda ko'rish, ularni kelgusi avlodga ham chiroyli ko'rinishda qoldirish bizning insoniylik burchimiz. Vatanning obodligi, eng avvalo, ko'nglimizdan boshlanadi. Zero, tozalikni sevuvchi, unga amal qiluvchi, boshqalarni ham shunga undovchi insonlar qalbi obodlik hissi bilan limmo-lim to'lgan bo'ladi. Bugun ona diyorimizning qay bir go'shasiga bormaylik, obodlik yo'lida qilinayotgan ezgu ishlarni ko'rib, ko'zimiz quvnaydi. Eski, pastqam binolar o'rnida kishining havasini keltiradigan ko'rkam inshootlar, yagona loyiha asosida qurilgan uylarga ko'zimiz tushadi. Har bir mahallada, har bir xonadon atrofida, ko'cha va maktab, jamoat joylari hamda idoralar atrofida keng ko'lamdagi tozalik va obodonchilik ishlari olib borilmoqda. Ko'chalar tozalanib, gul va mevali daraxt ko'chatlari ekilmoqda. Yurtimiz qiyofasi kun sayin go'zal ko'rinish olmoqda. Xalqimizda azaldan hashar deb ataladigan yaxshi bir udum shakllanib kelgan. Imorat qurmoqchi bo'lgan yoki biror katta ishni boshlamoqchi bo'lgan kishiga qo'ni-qo'shni, mahalla-ko'y yordamga kelgan. Eng quvonarlisi shuki, bu ish hech bir ta`masiz, faqat savob umidida amalga oshirilgan. Bunday go'zal, purma`no udumimiz bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotgan emas. Ayniqsa, shu kunlarda bunga har birimiz guvoh bo'lishimiz mumkin. Ammo dilni xira qiladigan, kishini o'ylantiradigan bir jihat borki, bu haqda so'z yuritishni lozim topdik. Ba`zida katta ko'chalarda joylashgan hovli-joylar, ko'p qavatli uylar atrofida ham hasharchilarga ko'zimiz tushadi. Achinarlisi shundaki, shu mahalla va ko'chada yashaydigan kishilarda nahotki «bu uy meniki, demak, uning ostonasini ham o'zim tozalashim kerak», degan fikr bo'lmasa? Shu xonadonlarda voyaga yetayotgan yigit-qizlarimiz ertaga kimdan ibrat olishadi? Bu haqda ota-onalar chuqurroq o'ylab ko'rsalar foydadan xoli bo'lmasdi. Dunyoning eng go'zal mamlakatlaridan bo'lmish Shveysariyani eng toza, obod mamlakat ham deb atashadi. Bu mamlakatda biror bir ortiqcha chiqindi shahar ko'chalarida ko'rinib, kishi g'ashini keltirmas ekan. Buning siri oddiy. Ya`ni, shahar aholisi o'z yurtini shu qadar ardoqlashar ekanki, tongda turiboq o'z xonadonlari atrofini, ko'chalarini tozalab qo'yisharkan. Har birimiz ibrat olsak arziydigan bu go'zal udum bizga aslo begona emas. O'zbekona udumlarimizga ko'ra, xonadonda qiz bola yoki kelinchak yashasa, erta sahardanoq ko'cha eshiklari supurib-sidirilib, suv sepib qo'yilgan. Ko'chaga chiqqan odam bu go'zal manzarani ko'rib, «bu xonadonda farosatli, sarishtali qiz va kelinchak, xonadon bekasi bor ekan», deb o'ylashi tabiiy. Shunday ekan, ostonalarimizni hasharchilar emas, o'zimiz sarishtalab qo'ysak, savob amallardan biriga qo'l urgan bo'lamiz. Bu dunyoda insonga berilgan eng ulug' ne`matlardan biri Vatandir. Ayniqsa, tinch, ozod, obod yurtda yashash baxti kulgan odamga nasib etadi. Shu o'rinda, O'zbekiston ahli ana shunday ulkan baxt sohiblari deb bemalol ayta olishimiz mumkin. O'tgan yigirma yil davomida yurtimizda yuksalish, farovonlik yo'lida qilingan ishlar beqiyos darajada. Har birimizda «men ham shu zaminda yashayman, rizqu nasiba topaman, demak, uning obodligi, gullab-yashnashi uchun men ham mas`ulman», degan fikr bo'lsa, yurtimiz bundan-da gullab-yashnashi, ravnaq topishi turgan gap. Vatan taraqqiyoti, ravnaqi yo'lida tolmay mehnat qilish bizning insoniylik burchimiz. Zero, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, bizdan avlodlarga obod va ozod yurt qolmog'i lozim. Dilfuza ZARIPOVA, jurnalist 108 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|