Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Mulohaza
Shovqinga tobingiz qalay?
10.06.2011 12:45

E’tibor qilganmisiz, quloqni qomatga keltiruvchi kuy-qo'shiqlarni eshitib, «huzurlanishga» chog'langan yoshlar, ko'p hollarda yoshi ulug'larni tanbehiga uchraydi. Shunda ba`zi yigit-qizlar bunday dakkilardan to'g'ri xulosa chiqarish o'rniga, tanbeh egalariga nisbatan «Shovqinga tobi yo'q» yoki «Asabi chatoq» qabilida xulosa yasashadi. Xo'sh, aslida me`yoridan ortiq baland tovush, shovqin-suronning inson salomatligiga qanday salbiy ta`siri bor?

Ma`lumki, asab tizimi tashqi muhit ta`siriga nisbatan o'ta sezuvchan Shu bois, aytaylik, to'y, bazm, turli tantana va marosimlarda baland tovushda yangragan kuy-qo'shiqlarni eshitib, go'yoki zavq, rohat olgandek, bo'lamizu, biroq ma`lum muddat o'tib, tanamizda kuchli charchoq, toliqishni sezamiz. Oqibatda quloqda shovqin paydo bo'lib, asab taranglashuvi, bosh og'rig'i, uyqu buzilishi holatlar bizni bezovta qila boshlaydi. Buning boisi shundaki, baland tovush nafaqat eshitish tizimiga, balki teridagi sezish retseptorlariga ham salbiy ta`sir ko'rsatadi va asab tizimi faoliyatida jiddiy o'zgarishlar yuzaga keladi.

To'g'ri, bugun texnika taraqqiyoti davrida shovqin ta`sirini kamaytirib beruvchi turli quloqchinlar ishlab chiqilib, ulardan keng foydalanilmoqda. Musiqa tinglash, uyali aloqa vositasida muloqot qilish imkonini beruvchi bunday moslamalar ixcham va qulayligi, yon-atrofdagi kishilarga xalaqit bermasligi bois, ayniqsa, yoshlar orasida keng urfga aylandi. Biroq, ularni muntazam qo'llash, afsuski, salomatligimizga beziyon emas. Jumladan, yoqimsiz musiqa, baland tovush, kuchli shovqin inson miyasining zo'riqishiga sabab bo'ladi.

O'ylab ko'raylik, shovqin-suronli kecha hamda bazmlarga ishtiyoqmand yoshlar hali to'liq voyaga yetmay turib, turli xastaliklar iskanjasiga tushmoqda. Shifokorlarning ta`kidlashicha, bugungi kunda xafaqon kasalligi va asab bilan bog'liq xastaliklar qayd qilingan bemorlar orasida shovqinli hayotga moyil yoshlar ko'pchilikni tashkil etayotgan ekan. Shunday ekan, shovqinli hayot tarziga odatlanishdan saqlanishga e`tibor qaratishimiz joiz. Bu borada ota-onalar, yoshlar ta`lim-tarbiyasiga mas`ul shaxs­lar, qolaversa, keng jamotchilik zimmasidagi vazifalar nihoyatda mas`uliyatlidir.

Bugun zamonaviy tibbiyot yutuqlari orasida inson miyasi biotoklarini yozib olib, kompyuter orqali uni musiqa tovushiga aylantirish imkoniyati mavjud. Bu jarayonda insonlarning turli vaziyatdagi kayfiyati musiqa ohanglarida aks ettiriladi. Ya`ni, xush kayfiyat ifodasi ma`lum bir musiqada namoyon bo'lsa, tushkun kayfiyat belgisi boshqa musiqada o'z aksini topadi. Ayni paytda zamonaviy tibbiyotda shu asosda bemorlarni davolash usuli ham mavjud bo'lib, u «miya musiqasi» deb ataladi. Mazkur muolaja usuli nev­roz, depressiya, uyqu buzilishi holatlari qayd etilgan bemorlarga qo'llaniladi. Bu jarayonda bemorning qulog'iga yaxshi kayfiyat paytida yozilgan «miya musiqasi» eshittiriladi va ma`lum natijaga erishiladi.

Tahlillarga murojaat

Ilimlarning hisob-kitobiga qaraganda, dunyo aholisining chorak qismi nomatlub shovqin ostida yashar ekan. Shovqin-suron inson sog'lig'ini «egovlovchi» omillardan biri. Katta shaharlar aholisining 10 foizi shu tufayli eshitish qobiliyatini yo'qotadi.

Ko'pchilik o'zining serzarda, sirkasi suv ko'tarmaydigan va injiq bo'lib qolgani sababini bilolmay xunob bo'ladi. Aslida buning boisi shov­qindir. Ayrim kishilarda esa shov­qin tufayli noxush kayfiyat uyg'onadi. To'y-tamoshalardagi qars-badabang, quloqni qomatga keltiradigan karnay-surnay, nog'ora ovozlari, baqir-chaqirlardan iborat kuy-qo'shiqlar va turli shovqinlarni ba`zi insonlarning yuragi ko'tarmaydi.

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan keltirilgan ma`lumotlarga qaraganda, 60 ditsebeldan oshgan shovqin muttasil ravishda ta`sir etib turadigan bo'lsa, insonda asab tizimi kasalliklariga yo'liqish ehtimoli ortar ekan. Shunday sharoitda yashab, ishlaydigan kishilarni doimiy xavf­sirash, qo'rquv hissi tark etmaydi. Mabodo shovqin 100 ditsebeldan oshsa, odamning miya faoliyati buziladi, qon bosimi ortib, unda garanglik holati paydo bo'ladi.

Shovqin ayniqsa, go'daklar sog'lig'iga salbiy ta`sir etadi. Bu bolalarda eshitish qobiliyati yomonlashuviga olib keladi. Aniqlanishicha, bo'lajak ona shovqin-suronli joylarda me`yoridan ortiq bo'lsa, homila rivojiga salbiy ta`sir ko'rsatadi.

Ayni paytda mayin navolar, suvning jildirashi inson kayfiyatini ko'tarib, unga orom va xushnudlik bag'ishlaydi.

Sanjar TURSUNOV

108 marta o`qilgan