Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Munosabat
Bunyodkorlik voha ahlini yuksalishning yangi bosqichiga chorlamoqda
03.11.2011 21:51

Vatanimiz mustaqilligi Qashqadaryoga go'yo mo'`jizaviy jo'shqin hayot ato etdi. Bir paytlar aytilgan «yaydoq dashtu dalalardan fiborat bir maskan» degan gaplar bugun o'tmishga aylandi. Qisqa muddat ichida Qashqadaryo sanoatlashgan, qishloq xo'jaligi go'rkirab o'sayotgan, davlatimiz g'aznasiga salmoqli hissa qo'shayotgan viloyatga aylandi.

Qashqadaryo gazidan bugun nafaqat o'z yurtimiz, balki, xorijiy mamlakatlar ham bahramand bo'lmoqda. «Sho'rtangazkimyo» majmuasi mahsulotlari allaqachon dunyoga dovrug' solganini esa, aytib o'tirmasak ham barchaga ma`lum. Keyingi yillarda viloyatda iqtisodiy yuksalishlar tufayli joriy yilning to'qqiz oy davomida 278 million AQSh dollari qiymatidagi mahsulotlar xorijga eksport qilindi. Bu o'tgan yilning shu davriga  nisbatan 137,7 foizni tashkil etdi. Yana raqamlarga murojaat etsak, joriy yil to'qqiz oyida viloyat bo'yicha 289,1 milliard so'mlik xalq iste`moli mollari ishlab chiqarilib, bu ham o'tgan yilning shu davriga nisbatan 107,1 foiz o'sganligini ko'rsatadi. Joriy yil yalpi qishloq xo'jalik mahsulotlari ishlab chiqarish esa o'tgan yil shu davrga nisbatan 102,2 foiz o'sganligiga  guvoh bo'lamiz.

Albatta, bu raqamlar qut-barakadan nishona. Viloyat qishloqlarining qiyofasidan, odamlarning chehrasida balqib turgan mamnuniyat, shukronalik ham buni tasdiqlaydi. 

 

Qishloqlar shahar bilan

«bellashadi»

 

Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz, Kitob, Fuzor, Kasbi kabi tumanlarning ko'plab qishloqlarining qiyofasi so'ngi yillarida tubdan o'zgarib ketdi. Qishloqlarda qator zamonaviy qiyofaga ega maktab, kollej, litseylar qurildi, mavjudlari ta`mirlandi. Sport majmualari, boshqa maishiy-madaniy binolar qad rostladi. Keng, ravon yo'llar, turarjoy imoratlari bunyod etildi. Buning hammasi yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, bunyodkorlik ishlari faqat inson uchun, uning farovon turmushi uchun ekanini yaqqol ko'rsatadi.

Prezidentimizning 2009 yil 3 avgustda qabul qilingan «Qishloq joylarida uy-joy qurilishi ko'lamini kengaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Qarori asosida barpo etilayotgan turarjoylar qishloqlar qiyofasini tubdan o'zgartirmoqda. Haqiqatdan, bugun qishloqlarimizda zamonaviy arxitektura talablariga muvofiq, namunaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan bunday uy-joylar qishloq ahlining nafaqat turmush tarzini, balki ularning dunyoqarashini ham  o'zgartirib yubordi.

Bugun Qashqadaryo viloyatining qay bir go'shasida bo'lmang, kun sayin chiroy ochayotgan qishloqlar, yaratuvchanlik va bunyodkorlik maydoniga aylangan yangi shaharchalarga duch kelasiz.

- Ko'p yillardan buyon fermerman, - deydi Ravshan Xolboyev. - Ming qatla shukrki, hayotimiz farovon. Mana, nasib etgan ekan, namunaviy loyihalar asosida qurilgan hovli-joyli ham bo'ldik. Bunday uylarning namunaviy deb atalayotgani bejiz emas ekan. Chindan ham, uyning ichki va tashqi dizayni risoladagidek. Uning milliy mentalitetimiz, urf-odatlarimizga mos tarzda barpo etilganini aytmaysizmi?! Eng muhimi, shart-sharoiti bizga juda ma`qul bo'ldi. Oshxonasi uy ichida. Sigir-qo'ylar turadigan molxona va alohida kiriladigan yo'lak, tandir-o'choq ham zamonaviylik, ham o'zimizga mos jihatlar saqlab qolingan. Pishiq g'ishtdan qurilgani, tomining metal tunukadan yopilgani ham ayni muddodir.

Qashqadaryo viloyatida bunday bunyodkorlik ishlari joriy yilda ham izchil davom ettirilmoqda. «Qishloq qurilishbank» tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar yangi uy olish istagidagi odamlarga katta imkoniyat yaratayotir.

 

Ko'rkam uylarda faravon Hayot

 

Shuni alohida takidlash lozimki, Prezidentimizning o'tgan yilning 8 sentyabrida qabul qilingan «Qishloq joylarda uy-joylarni loyihalashtirishni takomillashtirish va qurilishni yaxshilash borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Qarori qishloqlar obodligiga erishishda yana bir muhim hududiy asos bo'ldi,  desak mubolag'a qilmaymiz. Qarorga binoan namunaviy loyiha asosidagi qurilish uchun qishloq xo'jaligiga taalluqli bo'lmagan va o'rmon fondi toifasiga kirmaydigan maydonlardan yer ajratilishiga chek qo'yildi. Ikkinchidan, qurilayotgan uyning umumiy maydoni kengaytirilishi, xonalar balandligi ta`mirlanishi garaj qurilishi, isitish qozonxonasi xovlining xo'jalik qismida joylashtirilishi qatiy belgilab qo'yilgani aholi uchun ayni muddao bo'ldi.

- O'tgan yili viloyatimizning 20 ta massivida namunaviy loyiha asosida  735 ta yangi uy-joy qurilgan edi, - deydi «Qishloq qurilish invest» ixtisoslashtirilgan shuba injenering kompaniyasi Qashqadaryo viloyati filialining direktori Uyg'un Azizov. - Bunday  uylarda eng avvalo hududlarning tabiiy-iqlim sharoiti inobatga olinib, zamonaviy me`morchilik uslublaridan keng foydalanildi. Mehmonxona, yotoqxona, bolalar xonasi, shinam oshxona, kichik tomorqa - bularning barchasi xonadon sohiblarining shahardagidek turmush kechirishini taminlayapti. Joriy yilda esa yanada takomillashtirilgan loyihalar asosida 805 ta  yakka tartibdagi namunaviy uy-joylar barpo etilmoqda.

 

Rejalar - orzular kaliti

 

Barpo etilayotgan har bir massivda mahalla go'zari, savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shoxobchalari, minibanklar, umuman 61 ta ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurilayotgani ham etiborga molik. Barcha zarur muhandislik va transport kommunikatsiyalari o'tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 19,75 kilometrli tabiiy gaz va 18,32 kilometrlik elektr energiyasi tarmoqlari tortiladi. Ichimlik suv muammosi ham hal etilib,  32,63 kilometrlik quvurlar yotqiziladi. Malumotlarga ko'ra, 2012-2015  yillar davomida viloyatda namunaviy loyihalar asosida 3320 ta yakka tartibdagi uy-joy, 16 ta maktab, 11 ta qishloq vrachlik punkti, 87 ta bolalar sport maydonchasi, 45 ta mahalla go'zari,  173 ta savdo majmuasi, 7 ta bozor, 166 ta maishiy xizmat ko'rsatish obyekti va boshqa inshootlar qurilishi rejalashtirilgan. Bu albatta, Qashqadaryo viloyati qishloqlari qiyofasini yanada ko'rkamlashtirildi, aholi turmushini bugungidan-da farovon bo'lishidan muhim omil bo'ladi.

 

Mamurjon QIYOMOV,

«Jamiyat» muxbiri

56 marta o`qilgan