![]() |
![]() |
![]() |
Munosabat
Farog'at qasri
03.01.2012 17:18
Bola ulg'aya borgani sari Vatan tushunchasini yanada kengroq anglay boshlaydi. Oila, o'zi voyaga yetayotgan xonadon uning uchun eng qadrdon go'sha. U ana shu muqaddas dargohda mehrni taniydi, oqibatni, diyonatni anglaydi. Uning qalbida elu yurtga muhabbat tuyg'usi jo'sh uradi. Davlatimiz rahbari tomonidan kirib kelayotgan yangi - 2012 yilning «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilinishi barcha yurtdoshlarimizning qalbini to'lqinlantirib yubordi. - Mamlakatimizda inson va uning qadr-qimmatini yuksaklarga ko'tarish borasida ulug' ishlar qilinmoqda, - deydi Respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy tekshirish instituti Qarshi filialining oliy toifali vrach-pediatri Shohsanam Salomova. - Tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ham xuddi ana shu maqsadga qaratilgan. Ona va bola sog'ligini saqlash, salomatligini mustahkamlash doimiy e`tiborda bo'lib turibdi. Ona va bola skrining markazlari faoliyat ko'rsatmoqda. Bir so'z bilan aytganda, davlatimiz tomonidan sog'lom avlodni voyaga yetkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu esa oila mustahkamligini ta`minlaydigan eng muhim omillardan biridir. - Oila - muqaddas dargoh, - deydi Koson tuman FHDYo bo'limi mudirasi Jamila Faybullayeva. - Xususan, farzandlarni halollikka o'rgatish, ularni yuksak insoniy fazilatlar egasi qilib tarbiyalash muqaddas vazifadir. Binobarin, har jihatdan namunali, mustahkam oila nafaqat inson ma`naviy olamining, balki jamiyat ravnaqi va obodligining garovidir. Shuni ham ta`kidlash joizki, bugun dunyoning ko'pgina mamlakatlarida oilaning qadri tobora pasayib borayotgandek. Bu narsa ommaviy axborot vositalari orqali olgan taassurotlarimiz emas, balki ayni haqiqat ekanligi jahon ommasini haqli ravishda tashvishga solmoqda. Hatto, Farb oilalarida o'tkazilgan tadqiqotlar oila institutining yashab qolish ehtimolini jiddiy muammo tarzida talqin qilayapti. - XX asrning ikkinchi yarmida «ommaviy madaniyat» tarafdorlari bo'lgan ayrim guruhlar «shaxs erkinligi» degan shior ostida «oilaning keragi yo'q, nikoh shart emas, u insonning erkini cheklab qo'yadi» degan da`volar bilan chiqishganini bilamiz, - deydi Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Qashqadaryo viloyati filialining guruh rahbari Boymurod Qo'ng'irov. - Ana shu bema`ni harakatga qo'shilgan millionlab kishilar hozir bu safsata keltirib chiqargan kulfatlar azobini chekayapti. Bugun ongli insoniyat mazkur safsata asoratlaridan qanday qutulish yo'llarini izlamoqda. Oxir-oqibat o'sha «shaxs erkinligi» tarafdorlarining o'zlari ham oilaning, undagi tinchlik-totuvlikning qanchalik zarur ne`mat ekanini anglab yetishmoqda. Ayni vaqtda oilaning afzalligini targ'ib qilish, erkak va ayollarni oila quchog'iga qaytarish uchun katta miqdordagi mablag'lar sarflanayapti, maxsus qonunlar qabul qilinayapti. Sog'lom va yashovchan bo'lish uchun oila qanchalik zarur ekanini bugun o'sha paytda adashgan kishilarning o'zi ham tan olmoqda. O'zbek xalqi azal-azaldan oilaparvarligi bilan butun jahonga tanilgan. Biz muqaddas oila dargohini butun va pok saqlab, uning asl qadr-qimmatiga yetganimiz uchun ham jamiyatimiz rivojlanib, gullab-yashnamoqda. Oila biz uchun betakror, jozibali, mehru muhabbatga to'la, fayziyob farog'at qasri bo'lib qolmog'i zarur. Mahmud PIRMATOV, «Jamiyat» muxbiri
96 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|