Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Munosabat
Farovon hayotimizning huquqiy kafolati
18.12.2011 18:32

Bu keng jahonda turfa davlatlar ko'p va tabiiyki, ularda amal qiluvchi qonunlar bisyor. Hayotdagi turli ehtiyoj tufayli yaratilgan bu qonunlar mohiyatan xilma-xil bo'lib, ularning har biri muayyan maqsadlarga xizmat qiladi. Biroq shu qonunlar ichra shunday mo'`tabar hujjat ham borki, u hamma qonunlarning asosini o'zida mujassamlashtirib, davlat va xalqning manfaatlarini, bir so'z bilan aytganda, mamlakat kelajagini o'zida aks ettiradi. Bu har bir davlatning Asosiy Qonuni sifatida e`tirof etiladigan va uning mustaqilligi, suvereniteti timsoli hisoblangan Konstitutsiyadir. Faxr bilan aytish o'rinliki, jahon hamjamiyatida munosib o'ringa ega bo'lgan mustaqil O'zbekiston ham ana shunday muhim va asosiy hujjatga, ya`ni Konstitutsiyasiga ega.

Davlatimiz va xalqimiz hayotida ulkan ahamiyatga ega bo'lgan Bosh Qomusimizning mamlakatimizning gullab-yashnashi, rivojlanishidagi beqiyos o'rni xususida har qancha gapirsak kam. Zotan, mustaqillikka erishganimizdan keyin bir yil o'tib qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi milliy davlatchiligimizni qayta tiklash va mamlakatimizni isloh qilish yo'lida mustahkam poydevor sifatida yurtimiz taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida alohida ta`kidlaganidek, Konstitutsiyamizning hech narsa bilan o'lchab, baholab bo'lmaydigan beqiyos ahamiyati va tarixiy rolini birinchi navbatda biz uchun mutlaqo yangi bo'lgan milliy davlatchilik va uning ijtimoiy-siyosiy tizimini yaratish, demokratik tamoyillar asosiga qurilgan siyosiy va iqtisodiy tizimni shakllantirish uchun zarur bo'lgan huquqiy poydevorni aynan Asosiy Qonunimiz belgilab berganida ko'ramiz.

Darhaqiqat, Asosiy Qonunimizda mustahkamlab qo'yilgan huquqiy me`yorlar xalqimizga erkin, baxtli va farovon, o'z yurtiga o'zi egalik qilib, hech kimdan kam bo'lmagan holda ozod va erkin yashash, hayot kechirish imkonini bermoqda. Ta`kidlash joizki, teran tarixiy ildizlarimiz, ko'p asrlik tajriba va ma`naviy qadriyatlarimiz, ajdodlarimizning huquqiy merosi, xal­qimizning orzu va intilishlari chuqur singdirilgan Konstitutsiyamizning hayotiy negizi juda mustahkam bo'lib, ozod Vatanimiz solnomasida tom ma`noda yorqin sahifani tashkil etadi. Ahamiyatini hech narsa bilan o'lchab bo'lmaydigan ushbu tarixiy voqelik, mana, 19 yildirki, xalqimizning fidokorona mehnati, ulkan bunyodkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarishning huquqiy zamini, erkin va farovon hayotimiz, g'urur-iftixorimiz timsoli sifatida katta tantana bilan bayram qilib kelinmoqda. An`anaga ko'ra, bu yil ham xalqimiz O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun - 8 dekabrni katta tantana bilan keng nishonladi.

Islohotlar zamirida Konstitutsiya tamoyillari

Ma`lumki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mustaqillik yillarida mamlakatimizda istiqlolning ilk kunlaridanoq demokratik huquqiy davlat qurish va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish bosh vazifa etib belgilandi hamda o'tgan yillar davomida bu yo'lda keng ko'lamli islohotlar izchil amalga oshirib kelinmoqda. Shuni alohida ta`kidlash o'rinliki, biz tanlagan yo'l - bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan taraqqiyotning «o'zbek modeli»ni bosqichma-bosqich amalga oshirish jarayonida erishayotgan barcha yutuqlarimiz, hayotimizga yangicha mazmun bag'ishlayotgan islohotlar Konstitutsiyamiz qoidalariga to'la mosdir.

Bu jihatlar 7 dekabr kuni poytaxtimizdagi muhtasham «O'zbekiston» anjumanlar saroyi­da O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan tantanali yig'ilishda yana bir bor e`tirof etildi. Ushbu tantanali yig'ilishda ma`ruza qilgan davlatimiz rahbari yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar Konstitutsiyamizdagi tamoyillar va qoidalarning amaldagi ifodasi ekani xususida so'z yuritar ekan, Konstitutsiyamiz - Asosiy Qonunimiz qabul qilinishi bilan biz O'zbekiston kelajagini, yangidan barpo etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma`no va mohiyatini, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va ma`naviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi o'rni va nufuzini tubdan o'zgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab olganimizni haqli ravishda yuksak baholashimizni alohida ta`kidladi.

Darhaqiqat, mana shunday shukuhli damlarda har birimiz mustaqillik atalmish ulug' ne`matning jamiki vatandoshlarimiz hayotida tutgan o'rnini, Bosh Qomusimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda, ongu tafakkurimizda olamshumul o'zgarishlar sarchashmasi bo'lganini yanada teran anglaymiz. O'z navbatida, oldimizga qo'ygan ezgu maqsadga erishish, ya`ni yurtimizda ijtimoiy yo'naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirishda bu omillar mustahkam zamin ekanini dildan his qilamiz.

Iqtisodiyot rivoji - farovonlik omili

Shubhasiz, o'tgan yigirma yil mobaynida mamlakatimiz erishgan, dunyo jamoatchiligi tan olgan yutuq va marralar, avvalambor, izchil rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz va uning barqaror o'sish sur`atlari, aholi farovonligining yildan-yilga oshib, jahon hamjamiyatida mamlakatimiz obro'-e`tiborining tobora yuksalib borayotgani - bularning barchasi chuqur va puxta o'ylangan islohotlarning ijobiy samarasidir. Bu islohotlar zamirida, avvalo, tinchlik va barqarorlik, mamlakatimizning taraqqiyot yo'lidagi dadil odimlari, hech qachon hech kimdan kam bo'lmagan xalqimizning fidokorona, halol mehnati, bunyodkorlik salohiyati va qudrati, yurtdoshlarimizning Vatanga sadoqati, yorug' istiqbolga ishonchi mujassam ekanini alohida qayd etish o'rinlidir.

Ongu tafakkuri yuksalib, yon-atrofda bo'layotgan barcha voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg'usi ortib borayotgan yurtdoshlarimiz ko'nglida shukronasi bilan ertangi kunga, kelajakka qat`iy ishonch bilan qaramoqda. Bu uyg'unlik pirovardida, rizqi butunlik, tolei balandlik singari ezgu tushunchalarning hayotda o'z ifodasini topishiga zamin yaratmoqda.

Aholi bandligi darajasini ko'tarishning eng muhim yo'nalishi bo'lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» deb nomlanishi hamda qabul qilingan Davlat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar xalqimizning hayoti yanada farovonlashuviga olib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, bunday siyosatni, chuqur o'ylangan va uzoqni ko'zlagan dasturlarni amalga oshirish natijasida bu soha yurtimizda nafaqat qaytadan shakllandi, balki uning mustahkam poydevori yaratildi. Eng muhimi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti tarkibida hal qiluvchi tarmoqqa, ijtimoiy faol aholimizning katta qismini qamrab olgan sohaga aylandi.

Hozirgi vaqtda ish bilan band aholining 74 foizdan ortig'i aynan shu sohada mehnat qilayotgani, kichik biznes sub`ektlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni sotish hajmi o'tgan davr mobaynida qariyb 2 barobar ko'payib, 600 milliard so'mni tashkil etgani, zarur xomashyo resurslarini qo'shib hisoblaganda, bu ko'rsatkich 2 trillion 800 milliard so'mdan oshgani, ayni shu mexanizmning samarali tadbiq etilishi tufayli 13 milliard so'mdan ortiq byudjet mablag'ini tejashga erishilgani, joriy yilda yurtimizda yaratilgan qariyb 1 millionga yaqin ish o'rnining 610 mingdan ziyodi yoki 64 foizi aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hisobidan tashkil etilgani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 54 foizni tashkil etishi islohotlarning amaliy natijasi sifatida ko'p narsani anglatadi.

Bu yutuqlar shubhasiz, shu zaminda yashayotgan, millati, dini va e`tiqodidan qat`iy nazar, barcha insonlarning fidokorona mehnati natijasidir.

Oila - muqaddas dargoh

«Bu yorug' olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, hayot abadiyligi, bebaho ne`mat bo'lmish farzand bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha kelajagini o'ylab, ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi» deb yozadi Prezidentimiz Islom ­Karimov «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida.

Shu ma`noda xalqimizda to'kis baxt tushunchasi ham asosan oila butunligi bilan belgilanishida katta ma`no bor. Farzand oila butunligini, er-xotin o'rtasidagi rishtalarni bog'lovchi ko'prikdir. Sog'lom oilaviy muhitning sog'lom avlodning kamol topishida ahamiyati katta.

Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan kirib kelayotgan yangi - 2012 yilga «Mustahkam oila yili» deb nom berilishi ayni muddao bo'ldi. Zero, davlatimiz rahbari ta`kidlaganidek, Yangi yilga mana shunday nom berishimiz, azal-azaldan xalqimiz uchun muqaddas bo'lmish oilani hayotimiz tayanchi va suyanchi, jamiyatimizning hal qiluvchi asosiy bo'g'ini deb qabul qilishimiz zamirida, hech shubhasiz, juda katta ma`no-mohiyat mujassam. Chunki, oila sog'lom ekan - jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan - mamlakat barqaror. Buni isbotlab, tasdiqlab berishning hech qanday hojati yo'q.

Ha, mustahkam oila jamiyatning asosiy tayanchidir. Bunday oila farzandlarni tarbiyalash, undagi a`zolarning ma`naviy va jismoniy kamolotini yuksaltirish bilan birga odamlarni ezgu maqsad sari jipslashtirishga, qolaversa, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotni ta`minlashga xizmat qiladi.

 

50 marta o`qilgan