Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Munosabat
Jamiyatning ma`naviy poydevori
18.12.2011 19:36

Farzand - yaratganning bebaho in`omi. U oilada, ota-ona bag'rida  o'sib-ulg'ayadi, kamolga yetadi, murg'ak qalbida hayot haqidagi ilk tasavvurlar shu yerda tug'iladi. Bola tarbiyasi bir umrlik, avloddan avlodga o'tadigan, jamiyatning ma`naviy qiyofasi, milliy taraqqiyot bilan bevosita bog'liq jarayon, ayni paytda juda katta mas`uliyat ham. Gap shundaki, avvalo, tarbiyachining o'zi tarbiyali bo'lishi kerak.

Farzandlariga tarbiya berayotgan ota-onaning o'zi ham tarbiyaning muayyan talablariga rioya qiladi va tarbiyalanadi. Buning boisi tarbiyachining xatti-harakatlari ular tarbiyalayotgan farzandlar ko'z o'ngida kechadi. Oiladagi ichki madaniyat, kattalarning bir-biri bilan o'zaro muomalasi, so'z va amallarining mosligi, kiyinish odobi, mahallaga, qarindoshlarga munosabati - bularning barchasi bolalar ong-shuuriga marjondek tizilib boraveradi. Bola ota-onasini noxush holatlarda ko'rar ekan, masalan, o'zlari talab qilayotgan narsalarga o'zlari amal qilmayotganlarini sezar ekan, ko'ngli cho'kadi, vujudida o'kinch paydo bo'ladi. Va aksincha, ota-onaning quvonchi, oiladagi tinchlik-totuvlik, o'zaro mehribonlik, so'zda sobit turish, rostgo'ylik kabi fazilatlar farzandga qanot bag'ishlaydi, ruhlantiradi, o'z kelajagiga bo'lgan ishonchini har jihatdan  mustahkamlaydi. Bolaning ma`naviy olami shu fazilatlar zamirida  shakllanadi.

Mahallalarimizda ko'pni ko'rgan obro'-e`tiborli oilalar ko'p, mahalla ahli ularni doimo hurmat qiladi, zarur maslahat va yo'l-yo'riq so'rab turishadi. Ota-onadan faxrlanish, ular kabi hurmat-e`tiborga sazovor bo'lish istagi bolalarda ayni  shu paytda tug'iladi. Buning aksi bo'lsa-chi?..

Sog'lom oila - millat tayanchi

«Har qaysi millatning o'ziga xos ma`naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda, hech shubhasiz, oilaning o'rni va ta`siri beqiyosdir, - deb ta`kidlanadi davlatimiz rahbari Islom Karimovning «Yuksak ma`naviyat - yengilmas kuch» asarida. - Chunki insonning eng sof va pokiza tuyg'ulari, ilk hayotiy tushuncha va tasavvurlari birinchi galda oila bag'rida shakllanadi. Bolaning xarakterini, tabiati va dunyoqarashini belgilaydigan ma`naviy mezon va qarashlar - yaxshilik va ezgulik, olijanoblik va mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas tushunchalarning poydevori oila sharoitida qaror topishi tabiiydir».

Ma`lumki, mustaqillikning dast­labki yillaridan boshlab yosh avlod tarbiyasiga, oila va mahallaga bo'lgan e`tibor mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. O'tgan davr ichida Prezidentimiz rahbarligida oilani mustahkamlash, mahallaning jamiyat ijtimoiy-siyosiy, ma`naviy-ma`rifiy hayotidagi o'rnini oshirish, yangi dunyoqarashga ega bo'lgan barkamol avlodni tarbiyalash, ular qalbida ona Vatanga muhabbat, istiqlol g'oyalariga sadoqat ruhini kuchaytirish borasida olib borilgan ishlar, amalga oshirilgan islohotlarning amaliy natijasini bugun biz har qadamda ko'rib, bilib, his etib turibmiz.

Oila va mahallaning mavqei Sharq­da hamisha baland bo'lgan. Bu, avvalo, xalqimizning bolajonligi, oilaparvarligi,  farzandlarimizning baxtu saodatini, rohat-farog'atini  ko'rish, mahalla-ko'y bilan yaxshi munosabatlar o'rnatish istagi bilan yashayotganimiz bilan bog'liq. Bola nafaqat o'z ota-onasidan, shu bilan birga mahalladoshlaridan ham ibrat oladi.

Farb mamlakatlarida oila va nikoh masalalariga bizdagiga nisbatan boshqacha yondashuvlar mavjud. Jamiyatning bu kichik yacheykasiga inson hayotining mutlaqo shaxsiy, faqat o'zigagina tegishli bo'lgan ixtiyoriy ittifoq sifatida qaraladi. Shunga ko'ra nikoh bir necha xil ko'rinishda tuzilishi mumkin. Bunda tomonlarning bo'lajak ota-ona sifatidagi mas`uliyati emas, huquq va mulk munosabatlarining shartnomaviy ifodasi birlamchi ahamiyat kasb etadi. Oilaning buzilishiga shunchaki bir voqea  sifatida qaraladi.

Oila - jamiyatning ma`naviy poydevori, millatning taqdiri va kelajagi. Oila muhitining sog'­lomligi, pirovard natijada, jamiyatning sog'lomligiga zamin yaratadi. Jamiyat to'g'risida, o'z kelajagimiz haqida o'ylar ekanmiz, bizning shu orzularimiz ro'yobga chiqishiga har birimizning oilamizda asos qo'yilayotganligini unutmasligimiz kerak.

Oila qo'rg’onining charog’bonlari

Oila deganda, ko'z o'ngimizga, avvalo, ayol, Ona namoyon bo'ladi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma`rifiy  hayotidagi faol ishtirokini ta`minlash borasida ko'plab tadbirlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining «O'zbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida», «Xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmonlari, xotin-qizlar qo'mitalari faoliyatini qo'llab-quvvatlash, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, ularga qo'shimcha imtiyozlar berish borasidagi amaliy ishlar, «Sog'lom ona - sog'lom bola» umummilliy Davlat dasturi, yangidan barpo etilayotgan skrining va perinatal markazlar  fikrimizga dalil bo'la oladi. Bu sa`y-harakatlar natijasida mamlakatimiz onalik va bolalikni muhofaza qilish bo'yicha dunyo­ning 125 davlati orasida yetakchi  o'ntalik o'rinlaridan birini egallab turibdi. Bu muvaffaqiyatni YuNISYeF - Xalqaro bolalar jamg'armasi ham rasman e`tirof etdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasida oilaning ijtimoiy maqomi aniq belgilab qo'yildi. Oila g'arb­da ma`naviy tanazzulga yuz tutayotgan bir paytda mamlakatimizda oila qo'rg'oni mustahkamlandi. Mustaqil hayotga qadam qo'yayotgan yosh oilalarni moddiy va ma`naviy jihatdan qo'llab-quvvatlash, ularga turli imtiyozlar berish, uy-joy bilan ta`minlash masalalariga doir maxsus dasturlar ishlab chiqildi.

Yaqinda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag'ishlangan tantanali yig'ilishda davlatimiz rahbari tomonidan yaqinlashib kelayotgan yangi 2012 yilga «Mustahkam oila yili» deb nom berish tashabbusi ilgari surildi va ushbu taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi. «Yangi yilga mana shunday nom berishimiz, azal-azaldan xalqimiz uchun muqaddas bo'lmish oilani hayotimiz tayanchi va suyanchi, jamiyatimizning hal qiluvchi asosiy bo'g'ini deb qabul qilishimiz zamirida, hech shubhasiz, juda katta ma`no-mohiyat mujassam,- deb ta`kidladi Prezidentimiz Islom Karimov o'z ma`ruzasida. - Chunki, oila sog'lom ekan - jamiyat mustahkam. Jamiyat mustahkam ekan - mamlakat bar­qaror. Buni isbotlab, tasdiqlab berishning hech qanday hojati yo'q».

Oilani mustahkamlash yangi yilning muhim vazifasi sifatida o'rtaga qo'yilayotgan ekan, davlatimiz rahbari uqtirib o'tganidek, bu vazifani amalga oshirish uchun ishlab chiqiladigan dasturda, yangidan qabul qilinadigan qonun va bosh­qa tegishli me`yoriy hujjatlarda oila institutini rivojlantirish va takomillashtirishga jamiyat e`tiborini yanada kuchaytirish ko'zda tutilishi lozim. Shuningdek, oila qurayotgan yoshlarning oila, jamiyat, millat oldidagi o'z burch va mas`uliyatini yanada chuqur anglashlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Dasturda «oilaning yukini hech nolimasdan, hayotga shukrona qilib, o'z yelkasida ko'tarib kelayotgan, oila qo'rg'onining ham chiroyi, ham charog'boni bo'lgan» ayollarga ularning og'irini yengil qiluvchi yangi-yangi imtiyozlar berish ham ko'zda tutiladi.

Muxtasar aytganda, oilaparvarlik xalqimiz qon-qoniga singib ketgan fazilatlardan biri. Go'zal axloq mezonlari asosida qaralgan farzandga mehr-muhabbat qo'yish, uni milliy ruhda tarbiyalash, odob-axloq, yuksak ma`naviyatli qilib voyaga yetkazish kabi tamoyillar biz uchun doimo muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Zero, kirib kelayotgan yangi - 2012 yilning «Mustahkam oila yili» deb nomlanishi ham jamiyatimizda oila bilan bog'liq ma`naviy-axloqiy qadryatlarni yanada ulug'lab, ezgu maqsadni ko'zlaydi. Bu totuvlik, hamjihatlikni mustahkamlab, piravardida, jamiyat farovonligini oshirib, mamlakat qudratini yuksaytiradi.

Xudoyor Mamatov,

O'zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputati

 

103 marta o`qilgan