![]() |
![]() |
![]() |
Munosabat
Tadbirkorlik tilsimi
18.12.2011 18:56
Olis bir tumanlik do'stim qo'ng'iroq qildi. Toshkentga keluvdim, bir ko'rishmaymizmi, dedi. Chilonzor buyum bozorida ekan. Quchoq ochib ko'rishdik. Uylanayotganini aytdi. Kuyovlik sarpo olishga kelibdi. «Shuni tumandan olsang ham bo'ladi-ku?» - dedim. U miyig'ida kulib qo'ydi va rastalar tomon boshladi: «Eng sara kiyimlarni olgani keldim, oshna!» Uni oxirgi marta universitetga o'qishga kirgan yili ko'rgan edim. O'rtamiyona oilada voyaga yetgan, hali biror tayinli kasb-kori yo'q, kiyinishi ham odmigina edi. O'zgarib ketibdi. To'lishibdi. O'ziga ishonchi ortgan. Ro'zg'origa baraka kirgani ko'rinib turardi... Shunda u tadbirkorlik bilan shug'ullanayotganini, qurulish mollari ishlab chiqaruvchi korxona olganini so'zlab berdi. «Odam halol mehnat qilsa, ishning ko'zini bilsa, hech qachon kam bo'lmaydi!» - dedi u. Raqamlar, dalillar Mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal rivojlanayotgani zamirida ham yurtimizda tadbirkorlikni taraqqiy ettirish, kichik biznesni ilg'or sohaga aylantirish borasida munosib shart-sharoit va imkoniyat yaratish, huquqiy tizimini takomillashtirishga katta e`tibor qaratilayotgani mujassamdir. Joriy yilning mamlakatimizda «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» deb e`lon qilinishi ham bejiz emas, albatta. Boisi keyingi paytlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yurtimiz iqtisodiyotida eng samarador jabhalardan biri sifatida namoyon bo'lmoqda. Shu o'rinda so'zimiz dalili sifatida ayrim ma`lumotlarga e`tibor qaratsak. Keyingi o'n yil ichida yalpi ichki mahsulot tarkibida aynan kichik biznesning ulushi 31,1 foizdan 52,5 foizga o'sgan. Ushbu sohada bandlik darajasi iqtisodiyot tarmoqlarida ish bilan band aholi umumiy sonining 49,7 foizidan 74,5 foizigacha oshgan. Aholi daromadlarining 47 foizdan ziyodi aynan tadbirkorlik faoliyatidan tushgan daromadlar hissasiga to'g'ri keladi. Albatta, bunday natijalar iqtisodiyotning aynan ana shu tarmog'ini jadallashtirish har jihatdan samarali ekanini ko'rsatadi. Bilasizki, biror qishloqda kichik korxona yo firma ishga tushsa, yigirma-o'ttiz odam ishli bo'ladi. Bu ularning ortida shuncha oila daromad manbaini mustahkamlaydi deganidir. O'zbekiston Respublikasini 2011 yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga binoan, yurtimiz qishloq joylarida 2063 ta chakana savdo ob`ekti, 197 ta umumiy ovqatlanish ob`ekti va 742 ta maishiy xizmat ko'rsatish korxonasi ishga tushirilgan. Mamlakatimiz bo'yicha 22,8 mingta yangi kichik biznes sub`ekti ro'yxatga olingan, 524 ta kichik biznes ishlab chiqarish ob`ekti foydalanishga topshirilgan. Kichik biznesning 954,3 million dollarlik mahsulotlari eksport qilindi. Kichik biznes sub`ektlarining 65,8 million dollarlik mahsuloti tashqi savdo kompaniyalari ko'magida eksportga yo'naltirildi. Joriy yilning birinchi yarmida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 42,2 foiz (2010 yilning shu davrida 41,1 foiz edi), sanoatda 18,6 foiz (16,7 foiz), eksportda 13,2 foiz (10,8 foiz), bandlikda 74,5 foizni (73,5 foiz) tashkil etdi. Hududiy dasturlarga muvofiq 520,2 ming yangi ish o'rni, shundan 67,8 foizi qishloq joylarda tashkil etildi. Ish o'rinlarining katta qismi - 331,2 mingtasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida yaratildi. Natijada joriy yilning birinchi yarmida nodavlat sektorda band bo'lganlar ulushi ish bilan band aholi umumiy sonining 78,1 foizini tashkil qildi. Imtiyoz imkoniyat demakdir Albatta, bularning barchasiga yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlarining har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotgani, ularning huquq va manfaatlarini qonun asosida ishonchli himoya qilish ta`minlanayotgani, qolaversa, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalar sonini ko'paytirish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish, qishloqlarga sanoatni olib kirish va pirovardida aholi bandligini oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratilayotgani tufayli erishilmoqda. Bu borada, ayniqsa, sohani rivojlantirishning huquqiy asoslari mustahkamlanayotgani ham alohida ahamiyat kasb etayotir. Xususan, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturida kichik biznes sub`ektlari va xususiy tadbirkorlar uchun bir qator yangi imtiyoz va yengilliklar ko'zda tutilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi uchun soliq va boshqa to'lovlar bo'yicha yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, imtiyoz va preferensiyalar berish, hisobotlar tizimi hamda moliya, soliq va statistika organlariga hisobotlar topshirish mexanizmini takomillashtirish va unifikatsiyalash kabi masalalarga alohida e`tibor qaratilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ektlari uchun soliq yukini kamaytirish va ularni moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida keyingi besh yil davomida yurtimizda yagona soliq to'lovi stavkasi yetti foizga pasaytirildi. Agar 2005 yilda yagona soliq to'lovi 13 foizni tashkil etgan bo'lsa, joriy yilda yagona soliq to'lovi mikrofirma va kichik korxonalar uchun 6 foiz bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 24 avgustda qabul qilingan «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoniga muvofiq, 2012 yilning 1 yanvaridan boshlab sanoat sohasidagi mikrofirmalar va kichik korxonalar yagona soliq to'lovini 6 foizli stavka o'rniga 5 foizli stavkada amalga oshirishi ko'zda tutilayotgani ham sohani rivojlantirish yo'lida barcha imkoniyatlar ishga solinayotganidan dalolatdir. Davlatimiz rahbarining 2011 yil 4 aprelda qabul qilingan «Tadbirkorlik sub`ektlarini tekshirishlarni yanada qisqartirish va ular faoliyatini nazorat qilishni tashkil etish tizimini takomillashtirish borasidagi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoni ham bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim huquqiy asos vazifasini o'tamoqda. Mazkur hujjatga ko'ra, kichik tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida o'tkaziladigan tekshirishlar tartibi yanada takomillashtirilib, yangi tashkil qilingan tadbirkorlik sub`ektlarining moliya-xo'jalik faoliyati ular davlat ro'yxatiga olingan paytdan boshlab dastlabki uch yil mobaynida rejali soliq tekshiruvlaridan o'tkazilmaydigan bo'ldi. Albatta, bu muddatning ilgarigiga nisbatan yana bir yilga uzaytirilgani o'z biznesini yo'lga qo'yayotgan tadbirkorlar uchun katta imkoniyatdir. Qolaversa, 2011 yilning 1 aprelidan 2014 yilning 1 apreligacha bo'lgan davrda soliqlarni va boshqa majburiy to'lovlarni o'z vaqtida to'lab kelayotgan, shuningdek, ishlab chiqarish sur`atlarining barqaror o'sishi va rentabelligini ta`minlayotgan kichik tadbirkorlik sub`ektlarining moliya-xo'jalik faoliyatini tekshirish taqiqlangani ham nur ustiga nur bo'ldi deyish mumkin. Boisi tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatini tekshirishning tartibga solinishi barobarida tekshirishlar soni yildan-yilga qisqartirilmoqda. Masalan, 2001 yilda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub`ektlari hisoblangan yuridik shaxslarning 33,2 foizida tekshirishlar o'tkazilgan bo'lsa, 2011 yilning to'qqiz oyi davomida mavjud sub`ektlarning atigi 1,7 foizida rejali tekshirishlar o'tkazilgan. Yana bir muhim hujjat - O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 12 mayda qabul qilingan «Tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil etish va davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda yangi, yanada keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Unga binoan, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qo'shimcha qulay shart-sharoit yaratish, tadbirkorlik sub`ektlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibini yanada takomillashtirish va xarajatlarini kamaytirish bo'yicha qator yangiliklar joriy etilishiga erishildi. Xususan, 1 iyundan boshlab ayrim faoliyat turlari bilan shug'ullanuvchi kichik korxonalarda xodimlar sonining chegaraviy miqdori ko'paytirildi. Bu korxonalarga soliq to'lashning soddalashtirilgan tizimidan foydalanish va hisobot topshirishdagi imtiyozlarni saqlagan holda ishchilar sonini ko'paytirish imkonini bermoqda. O'z navbatida bu ishlab chiqarish hajmining yanada ortishida, pirovardida esa daromadning ko'payishida muhim omil bo'layotir. Umuman olganda, «Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida yurtimizda ko'lami jihatidan ulkan ishlar qilindi, ko'zlanganidan ziyodaroq natijalarga erishilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tekshiruvlarni keskin kamaytirish, tadbirkorlik sub`ektlari faoliyati ustidan nazoratni tashkil etish tizimini soddalashtirish, kichik biznes sub`ektlari faoliyatini qo'llab-quvvatlash, tijorat banklarining imtiyozli kreditlar ajratishini kengaytirish, tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil etish va davlat ro'yxatiga olish tartibini yanada soddalashtirish, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sub`ektlari uchun ayrim davlat bojlari stavkalarini kamaytirishga doir 12 ta qarori qabul qilingani ham yuqoridagi fikrimiz isbotidir. Qulay biznes muhitini yaratish, xususiy mulk ustuvorligini ta`minlash, umuman sohaga doir qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida 5 ta qonun loyihasi tayyorlanib, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etilgani esa sohaning yaqin kelajakdagi istiqbolini tasavvur etish imkonini beradi.
O'ziga ishonch yoxud tadbirkorlik tilsimi ... Xayolga cho'mib qolibman. Tadbirkorlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqidagi, erishilayotgan natijalar xususidagi o'y bilan andarmon bo'lib, xayrlashar payt kelganini sezmay qolibman. E`tibor berdim: do'stim dadil-dadil gapirardi. Uning kasbidan topayotgan daromadidan ko'ra o'ziga ishonchi, kelajakka ishonchi ortgani, qaddini tik tutib yurgani, ham to'y-tomoshasevar el-yurtiga, ham oilasiga foydasi tegayotganidan mamnun bo'lib yurgani meni ham xursand qildi. Va u aytgan gap xayolimdan bir zumda o'tdi: «Odam halol mehnat qilsa, ishning ko'zini bilsa, hech qachon kam bo'lmaydi!». Jasur KENGBOYEV, «Jamiyat» muxbiri 68 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|