Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Munosabat
Tinchlik va osoyishtalik posbonlari: yurt obodligiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qilmoqda
24.12.2011 13:57

Yaqinda xizmat safari bilan Samarqand viloyatining Pastdarg'om tumanida bo'lib «Mehnat» mahallasining bir guruh faollari bilan suhbatlashganimizda, ular yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik xalqimizning mustaqillik yillarida qo'lga kiritgan eng katta yutuqlaridan biri ekani haqida to'lqinlanib so'zladilar. Samimiy ruhda kechgan gurungimizda mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik va jamoat tartibini ta`minlashda ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyati ham katta o'rin tutayotgani xususida gap bordi.

Suhbat davomida o'zini Aziz Mattiyev deb tanishtirgan o'ttiz yoshlardagi yigit qishloq va mahallalarda xotirjamlikni ta`minlashda profilaktika inspektorlarining xizmati katta bo'layotganini, ularning sa`y-harakati bilan kundalik hayotda uchrab turadigan ayrim muammolar o'z vaqtida ijobiy hal etilayotgani haqida gapirganda davrada o'tirganlar uning gapini ma`qullashdi.

- Bundan bir necha oy oldin sigirim yo'qolib qoldi, - deydi u. - Mahallamiz raisi Abduxoliq aka bilan maslahatlashgan holda vaqt­ni o'tkazmasdan darhol mahallamiz profilaktika inspektori, katta leytenant Rustam Qo'chqorovga murojaat qilishga qaror qildik. Militsiya tayanch punktiga borganimizda mahalla posboni O'ktam Allayorov ham shu yerda ekan. Ro'y bergan voqeani atroflicha tushuntirdim. Ularda zudlik bilan ishga kirishishlarini va albatta, sigirni o'g'irlaganlarni topishlarini aytganda, ko'nglim tog'day ko'tarildi. Oradan bir kun ham o'tar-o'tmas sigirim topildi.

ODAMLAR OSOYISHTALIGIGA SABABCHI ODAMLAR

«Mehnat» mahallasida bo'lib o'tgan suhbatdan bizning ham ko'nglimizga yorug'lik inib, Past­darg'om tuman ichki ishlar bo'limining Rus­tam Qo'chqorovday fidoyi xodimlari haqida maqola yozish istagi uyg'ondi.

- Bugun profilaktika inspektorlari xodimlari uchun dam olish xonalari va boshqa qulayliklar yaratilgan, - deydi Pastdarg'om tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i Bahodir Bahromov. - Ayni paytda tumanda 28 ta militsiya tayanch punkti tashkil etilgan bo'lib, ularda qirq nafar profilaktika inspektorlari mehnat qilyapti. Militsiya tayanch punktlarimizning asosiy qismi qishloq mahallalarida joylashgan. Yaqinda barcha mahalla va qishloq fuqarolari yig'inlari raislari, joylardagi militsiya tayanch punktlari xodimlari va qishloq oqsoqollari ishtirokida yig'ilish o'tkazilib, birgalikda rejalar tuzdik. Bu tadbir 2012 yil - Mustahkam oila yili davomida o'z samarasini berishiga aminman.

Tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'ining birinchi o'rinbosari, militsiya podpolkovnigi Davron Suyarov bilan uchrashib, Azizbekning minnatdorlikka yo'g'rilgan gaplarini aytganimizda, u kishi ham fikrimizni tasdiqlab, profilaktika inspektorlarining xalq bilan hamnafas, hamjihat bo'lib faoliyat olib borishlarida mahallalarning ham o'rni katta bo'layotganini ta`kidladi.

- Bugungi kunda aksariyat profilaktika ins­pektorlarining xizmat xonalari mahalla, qishloq fuqarolar yig'inlari binolarida yoki yonma-yon joylashgan, - deydi suhbatdoshimiz. - Bu esa, o'z navbatida, osoyishtalik tadbirlarini samarali tashkil etishda muhim omil bo'layotir.

MAHALLA-KO'YDAN AJRALIB BO'LMAYDI

E`tiborli jihati shundaki, bu jarayonda yo'l qo'yilgan huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash bilan birga turli targ'ibot-tashviqot ishlari yordamida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan ayrim noxush holatlarga ham chek qo'yilmoqda.

- Mahallamizda uch mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, - deydi Juma shahridagi «Sazog'on» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Hamza Rahmatullayev. - Mahallamizdagi har bir ishni profilaktika inspektorlari bilan kengashib hal etamiz. Masalan, bir oila notinch edi. Profilaktika inspektori, militsiya kapitani Rustam Rahmonov bilan birgalikda borib ahvolni o'rgandik va tegishli maslahatlar berdik. Harakatlarimiz besamar ketmadi. Olib borilgan sa`y-harakatlar tufayli oiladagi notinchlikka barham berildi.

Pastdarg'omdan qaytayotganimizda «Sanchiqul» qishloq fuqarolar yig'iniga qarashli «Xonchorbog'» mahallasida mahalla fuqarolar yig'ini raisi Zarifxon Sulaymonov va mahalla militsiya tayanch punkti noziri, mayor Tog'ay Ro'ziboyevlar tashabbusi bilan uyushtirilgan hasharning guvohi bo'ldik. O'zaro hamjihatlikda obodonchilik ishlarini amalga oshirayotgan xonchorbog'liklarni ko'rib Azizbek aytganday, ko'nglimiz yana bir bor tog'day ko'tarildi va ahillik bor joyda tinchlik-osoyishtalik bo'ladi, degan fikr xayolimizdan o'tdi.

Ma`murjon QIYOMOV,

O'zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a`zosi

 

45 marta o`qilgan