![]() |
![]() |
![]() |
Munosabat
Yuksak g'urur, faxr-iftixor timsoli
18.11.2011 01:53
Dunyoda shunday narsalar borki, ular uchun jon olib-jon beradilar, muqaddas bilib, ko'zga surtadilar. Davlat bayrog'i ham ana shunday ramzlardan biri, davlat suverenitetining muhim belgisidir.
Darhaqiqat, bayroq kishiga ana shunday g'urur va iftixor bag'ishlaydi. Bayroq har bir davlat mustaqilligining ramzlaridandir. Unda xalqning tarixi, buguni, mustaqil va mustahkam davlat barpo etish yo'lidagi ezgu g'oyasi, milliy qadriyatlariga sodiqligi, orzu-maqsadi, intilishi, salohiyati va g'ururi aks etadi. Davlat bayrog'i har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Buyuk ajdodlarimiz ham yurt bayrog'ini muqaddas bilib, uni ardoqlaganlar, ko'z qorachig'idek asraganlar. Davlatchiligimiz tarixining qaysi davrini olib qaramaylik, bayroq ajdodlarimiz uchun ozodlik, kuch-qudrat, jasorat, g'alaba timsoli bo'lgan. Xususan, Sohibqiron Amir Temur saltanatida davlat tug'i adolat, buyuk kuch-qudrat ramzi hisoblangan. Jangu jadallarda yuksak mardlik va jasorat belgisi sifatida eng kuchli bahodirlarga hadya qilingan. Bobomiz Najmiddin Kubro esa yov qo'lida shahid bo'lsa-da, changalida mahkam tutgan hurlik yalovini hech kim ololmagan. Shu bois davlat bayrog'ini muqaddas bilib, ko'zga surtadilar, uning qarshisida tiz cho'kadilar. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1991 yilning 18 noyabrida O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risidagi qonun qabul qilindi. Shu kundan buyon bayrog'imiz Vatanimizning jahon hamjamiyatida tenglar ichra teng ekanning isboti sifatida hilpirab turibdi. Vatan himoyasi uchun harbiy xizmatga chaqirilgan o'g'lonlarimizning harbiy qasamyod qabul qilish marosimini kuzatganmisiz? Maktabga ilk bor qadam qo'yayotgan jajji bolajonlarning qo'lida bayroqchani hilpiratgancha sinfxonaga kirib kelishlarini-chi? Bunday pallalarda qalb tug'yonga kelib, ko'zlaringda quvonch yoshlari miltillaydi. Shu yurt, shu muqaddas zamin farzandi ekanligingdan faxru g'ururing yanada ortadi. Ayniqsa, Vatanimiz bayrog'i dunyoning eng yuksak minbarlarida mag'rur hilpirayotganini ko'rgan lahzalarda shu bayroq haqqi Ona-Vatan uchun, uning tinchligi, istiqboli uchun joningni-da qurbon qilishga tayyorligingni yana bir bor his qilasan kishi. 1992 yil 2 mart kuni yana bir muhim voqea — mamlakatimiz mustaqil davlat sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a`zo bo'lib, bayrog'imiz uning peshtoqida hilpiray boshlagan kun barcha vatandoshlarimiz ko'nglida ana shunday tuyg'ular to'lib-toshdi. Shu o'rinda eng nufuzli sport musobaqalarida yurtdoshlarimiz g'alabasi sha`niga bayrog'imiz sarbaland bo'layotgan paytlarni eslaylik! Birgina joriy yilda qanchadan qancha sportchilarimiz jahon arenalarida yurtimiz bayrog'ini ko'tarishga erishdilar. Inson qo'li bilan yaratilgan narsalardan faqat bayroq qarshisidagina tiz cho'kiladi. Bu bilan bayroq timsolida o'sha xalqqa, davlatga ehtirom ko'rsatiladi. Hech bir rasmiy tadbir davlat bayrog'isiz boshlanmaydi. Hatto musobaqalarda ishtirok etayotgan sportchi ham bayroq ostida g'oliblik uchun kurash olib boradi. Ochiq ummonda suzayotgan kema yoxud bepoyon samoda parvoz etayotgan havo laynerida ham albatta muayyan davlat bayrog'ining tasviri tushirilgan bo'ladi. Xulosa qilib aytganda, bugun jahonning yuksak minbarlarida g'oliblikni qo'lga kiritgan sportchilarimiz qo'lida sarbaland bo'lgan yurtimiz bayrog'i har birimizga yuksak g'urur, faxr-iftixor bag'ishlaydi. Ana shunday lahzalarda qalblarimizda shu bayroqqa, uning timsolida ona Vatanimizga bo'lgan cheksiz hurmat, chuqur daxldorlik hissi jo'sh uradi. Hasan MO'MINOV,
«Jamiyat» muxbiri 46 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Разработка и хостинг UZINFOCOM. Система управления сайтом MANAGER |
|