![]() |
![]() |
![]() |
Munosabat
Yuksak ishonch
30.01.2012 15:26
dadil qadam tashlashga undaydi Har sohada taraqqiyotga erishishda tegishli faoliyatni chuqur tahlil qilish, ertangi ishlarni oldindan pishiq-puxta qilib rejalashtirish eng muhim omillardan biri sanaladi. Bunday holatni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda, puxta o'ylab olib borilayotgan siyosat mazmun-mohiyatida, uzoqni ko'zlab ishlab chiqiladigan dasturlarda yaqqol ko'rishimiz mumkin. Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yilning 19 yanvarida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2012 yilda iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalariga bag'ishlangan majlisidagi «2012 yil Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko'taradigan yil bo'ladi» mavzuidagi ma`ruzasi ana shunday mushohadaga chorladi. Yutuqlar izchil choralar tufaylidir Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining ma`ruzasida yakuniga yetgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yilida mamlakatimiz iqtisodiyotida erishilgan yutuqlar, qo'lga kiritilgan natijalar aniq dalillar asosida chuqur tahlil qilib berildi. Yo'l qo'yilgan kamchiliklar ham inkor etib bo'lmas misollar bilan ko'rsatib o'tildi. Jahonda e`tirof etilgan rivojlanishning «o'zbek modeli»ni hamda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining ustuvor yo'nalishlarini izchil amalga oshirish natijasida 2011 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotini o'stirishning yuqori sur`atlari barqarorligi va makroiqtisodiy muvozanatlilik ta`minlangani barcha jabhadagi izchil islohotlar samarasidir. Jahon iqtisodiyotida inqirozli holatlar tobora avj olayotgan bir paytda O'zbekistonda 2011 yil yakunlari bo'yicha mamlakat yalpi ichki mahsulotining o'sishi 8,3 foizni tashkil etgani ayniqsa diqqatga molikdir. Albatta, o'tgan yilda hamma sohada erishilgan natijalarni, bunga zamin bo'lgan omillarni birma-bir tahlil qilish, sharhlash, pirovardida zarur xulosalar chiqarish barchamizni mamnun etadi. Masalan, birgina qishloq xo'jaligida, qishloqlarimiz hayoti, xalqimiz turmushidagi o'zgarishlarga e`tibor qaratsak, ana shunday ko'tarinki kayfiyat dilimizni chulg'ab oladi. Yangi uy qurgan odamni ko'p kuzatganmiz: bunday kishilar xonadoniga yanada ko'p fayz-baraka enadi, xursandchilik, oilaviy totuvlik, o'tayotgan kunidan rozilik bo'ladi. Davlatimiz rahbarining ma`ruzasida ta`kidlanishicha, qishloq joylarda yangi turar joy massivlarini qurish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bo'yicha tizimli ishlarning amalga oshirilishi natijasida 2011 yilda 156 ta qishloq tumanida «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat bankining imtiyozli kreditlari hisobiga namunaviy loyihalar bo'yicha 7,4 mingta uy-joy foydalanishga topshirilgan. Xalqimiz oilalarida o'rtacha to'rt-besh kishi bo'lishini hisobga olganda, o'tgan yilda 7,4 mingta xonadonning 30-37 ming a`zosining ko'ngliga ana shunday xushnudlik baxsh etilgan. Yoki qariyb bir millionta ish o'rni tashkil etilgani, ularning 68 foizidan ortig'i aynan qishloq joylarga to'g'ri kelgani ham yurtdoshlarimizga bundan kam bo'lmagan quvonch ato etgani shubhasizdir. Yana bir e`tiborga molik misol. Mamlakatimiz Prezidenti o'z ma`ruzasida keyingi o'n yilda yurtimizda aholi daromadlari hajmi 8,1 barobar ortgan bir paytda, ish haqi, ijtimoiy ko'makka muhtoj toifalarning daromadlari miqdorini jadal oshirish, ularni qo'llab-quvvatlash va soliq imtiyozlari berish hisobidan aholining eng past va eng yuqori daromadga ega bo'lgan guruhlari o'rtasidagi tafovut, boshqacha aytganda, daromadlardagi farq koeffitsenti 21,1 barobardan 8,3 barobarga qisqargani, bu koeffitsent Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi mamlakatlari va bir qator iqtisodiy rivojlangan davlatlar o'rtasida eng past ko'rsatkichlardan biri ekanini alohida ta`kidladi. «Yurtimizda o'tgan yillar davomida ish haqi va pensiyalarning xarid qobiliyati izchil va barqaror o'sgani aholining hayot darajasi va sifati ortib borayotganining yaqqol tasdig'idir, - deyiladi ma`ruzada. - Buning isboti tariqasida quyidagi misol va raqamlarni keltirmoqchiman. Agar 1991 yilda eng kam ish haqiga Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga qat`iy muvofiq tarzda hisoblab chiqilgan iste`mol korzinkasi qiymatining faqat 8 foizini tashkil etadigan tovar va xizmatlarni xarid qilish mumkin bo'lgan bo'lsa, 2011 yilda bu ko'rsatkich iste`mol korzinkasining 120 foizini tashkil etdi yoki 15 barobar o'sdi, eng kam pensiyaning xarid qobiliyati esa 9 karra oshdi». Ustuvor vazifalar Prezidentimiz yig'ilishda 2012 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor vazifalari va yo'nalishlarini bajarishga qaratilgan dasturiy vazifalar xususida so'z yuritar ekan, joriy yilning «Mustahkam oila yili» deb e`lon qilinishi munosabati bilan 2012 yilga belgilangan maqsadlarga erishish bo'yicha dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan, jamiyatning ma`naviy asoslarini yanada rivojlantirishda oilaning ahamiyatini yuksaltirish, har bir oilaning moddiy farovonligini oshirish muammolarini hal etishda davlat va jamiyat tomonidan e`tibor hamda g'amxo'rlik kuchaytirilishi zarurligiga alohida e`tibor qaratdi. Mamlakatimizning 2012 yil uchun tasdiqlangan Davlat byudjeti jami xarajatlarining 60 foizdan ortig'ini sotsial soha va aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga yo'naltirish ko'zda tutilayotgani ham joriy yilda xalqimiz turmush farovonligini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir. Prezidentimiz o'z ma`ruzasida mamlakatimiz istiqboliga daxldor, taraqqiyotimizning muhim jabhalaridan biri bo'lishi ehtimoli katta soha - muqobil energiya resurslaridan foydalanish masalasi haqida jonkuyarlik bilan bildirgan fikrlari barchamiz uchun dasturilamal bo'lmog'i lozim. «Avvalo, biz tabiat tomonidan berilgan noyob, qayta tiklanmaydigan zaxiralar bo'lmish neft, gaz kondensati, tabiiy gaz va boshqa yoqilg'i-energetika resurslaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishni hamon o'rganganimiz yo'q, - deyiladi davlatimiz rahbarining ma`ruzasida. - Bu resurslarning katta qismidan ko'proq yoqilg'i sifatida foydalanyapmiz, xolos. Muqobil energiya resurslarini izlash va joriy etish ishlari talab darajasida emas. Umuman, ushbu sohada zudlik bilan hal qilinishi lozim bo'lgan ko'plab muammolar to'planib qolganini afsus bilan qayd etish kerak». Darhaqiqat, hozirgi kunda butun dunyoda energiya ta`minoti sohasida tabiiy resurslardan keng ko'lamda, samarali foydalanish davr taqozosiga aylangan. Boshqa ko'plab xorijiy mamlakatlar qatori O'zbekistonda ham ushbu masalaga muhim va dolzarb vazifa sifatida qaralayotgani bejiz emas. Avvalo, O'zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi o'z faoliyatida yurtimizda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanishni keng yo'lga qo'yish masalasini muhim vazifa deb biladi. Zero, partiyamiz saylovoldi dasturida ham ushbu masalaga alohida e`tibor qaratilgan bo'lib, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni asoslash mexanizmlarini ishlab chiqish, qabul qilish va tatbiq etish masalalari partiyaning doimiy diqqat markazidadir. Prezidentimizning mazkur ma`ruzasini keng o'rganish asnosida energiyaning mavjud barcha muqobil turlarini kompleks ravishda rivojlantirish orqali raqobatli energetika bozorini tashkil etishni rag'batlantirishga yanada katta e`tibor qaratish zarurligini teran anglab yetmoqdamiz. Boisi, yurtimiz iqlim sharoitida quyosh, suv, shamol, biogaz singari noan`anaviy energiya manbalaridan foydalanishning ulkan imkoniyati mavjud. Mamlakatimizda doimiy shamol esib turadigan ochiq hududlar ko'p. Yilning qariyb 300 kuni quyoshli bo'ladi. Bu quyosh nurlanishi Portugaliya ko'rsatkichlariga tengligini yoxud mamlakat yoqilg'i-energetika hajmida munosib o'ringa ega bo'lgan Yaponiya ko'rsatkichlaridan ikki barobar yuqori ekanini ko'rsatadi. Bunday ulkan tabiiy salohiyat jahon miqyosida tobora ommalashib borayotgan yuqori samarali muqobil energiya manbalaridan foydalanishda juda qo'l keladi. Ushbu ma`ruzadan kelib chiqqan holda, partiyamiz va uning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi «Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish to'g'risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish lozim, deb hisoblaydi. Ushbu qonunda sohaga taalluqli barcha munosabatlar o'z aksini topishi maqsadga muvofiq. Qolaversa, yangi, zamonaviy, tejamkor va ekologik jihatdan toza texnologiyalarni keng qo'llashni rag'batlantirishni yanada kuchaytirish maqsadida mavjud qonunchilikka bir qator o'zgartish va qo'shimchalar kiritishni bugungi tezkor davr taqozo qilmoqda. Davlatimiz rahbari joriy yildagi rejalar xususida so'z yuritar ekan, oldimizda turgan vazifalarning ro'yobini bir jumla bilan ifodalaydi: «2012 yil Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko'taradigan yil bo'ladi». Darhaqiqat, mehnatkash xalqimiz, yuqori salohiyatli kadrlarimiz, kuch-g'ayratga to'lib safimizga qo'shilayotgan bilimdon, tashabbuskor yangi kuch - yoshlarimiz ana shunday yuksak ishonchimizga mustahkam asos bo'ladi. Ismoil SAIFNAZAROV, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari 37 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|