![]() |
![]() |
![]() |
Munosabat
Zamonaviy tibbiyotning milliy modeli
18.12.2011 18:44
O’zbekiston istiqlolga erishgach, mamlakatimizda aholi sog'ligini, jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash, sog'lom naslni voyaga yetkazish yo'lida keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi va bu borada yagona milliy tizim yo'lga qo'yildi, shuningdek, eng avvalo, milliy va umuminsoniy tamoyillarga asoslangan mustahkam qonunchilik tizimi yaratildi. Sohadagi yutuqlar xalqaro e`tirofga sazovor bo'lib kelayotgani esa barchamizni quvontiradi. Istiqlol yillarida dastlab xalqaro hujjatlardan biri Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiya 1992 yil 9 dekabrda parlamentimiz tomonidan ratifikatsiya qilindi. Shuningdek, mamlakatimiz Prezidentining 1993 yil 4 martdagi Farmoniga muvofiq ta`sis etilgan mustaqil O'zbekistonning ilk ordeni «Sog'lom avlod uchun» deb nomlanishida ham ezgu maqsad mujassam. Bu - barkamol avlod orzusini ro'yobga chiqarish, jismoniy va ma`naviy sog'lom o'g'il-qizlarni voyaga yetkazish yo'lidagi ilk dadil qadamlar edi. Davlatimiz rahbarining 1998 yil 10 noyabrdagi Farmoni bilan qabul qilingan Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturida onalik va bolalik muhofazasini tubdan yaxshilash asosiy ustuvor vazifalardan etib belgilangani esa bugun sohada erishayotgan yutuqlarimizga keng yo'l ochdi. Milliy tamoyilning umume`tirofi Joriy yilning 26 noyabr kuni poytaxtimizdagi «Ma`rifat markazi» majmuining simpoziumlar saroyida bo'lib o'tgan «O'zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: «Sog'lom ona - sog'lom bola» mavzuidagi xalqaro simpoziumda mamlakatimiz sog'liqni saqlash tizimi milliy modeli va u asosida erishilayotgan yutuqlar xalqaro hamjamiyatning yana bir karra e`tirof va e`tiborida bo'ldi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar, Aholishunoslik jamg'armalari kabi xalqaro nufuzli tashkilotlar rahbarlari va vakillari, qirqqa yaqin mamlakatdan sog'liqni saqlash vazirliklari rahbarlari, tibbiyot sohasida jahonda tan olingan mashhur olimlar, xalqaro ekspert va tahlilchilar ishtirok etgan mazkur anjuman yurtimizda tibbiyot sohasidagi ilg'or amaliyotlarni o'rganish va samarali yechimlarni aniqlash, dunyoning turli mamlakatlari tajribasi bilan o'rtoqlashish imkonini berdi. Davlatimiz rahbari xalqaro simpoziumda so'zlagan nutqida ta`kidlaganidek: «Mamlakatimizda umume`tirof etilgan shior - «Sog'lom ona - sog'lom bola» tamoyili, o'z mohiyatiga ko'ra, aholini jipslashtiruvchi va safarbar etuvchi da`vat bo'lib, davlat va jamiyat darajasiga ko'tarilgan ustuvor vazifaga aylandi. Biz bu muhim vazifaning ijrosiga kirishar ekanmiz, odamlar salomatligini muhofaza qilishning butun tizimini isloh etish va modernizatsiya qilish asosidagina oldimizga qo'ygan maqsadga erishish mumkin». Xalqaro anjuman qatnashchilari o'tgan davrda mamlakatimizda sog'liqni saqlash tizimida olib borilayotgan ana shunday izchil islohotlar bilan yaqindan tanishar ekan, tibbiy xizmatning jahon andozalari darajasidagi milliy modeli yaratilganini yana bir karra e`tirof etishdi. Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan «Sog'lom ona - sog'lom bola» dasturi bugungi kunga kelib umummilliy harakatga aylandi. Ayni paytda ushbu muhim dasturning ijrosini ta`minlash maqsadida mamlakatimizda zamonaviy tibbiyot texnikasi bilan jihozlangan 3200 dan ziyod qishloq vrachlik punktlari tashkil etildi. Shuningdek, mamlakatimizda e`tirof etilgan ilmiy maktablar negizida 10 ta respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiy markazlar tashkil etilib, ular kardiologiya va kardiojarrohlik, akusherlik va ginekologiya, urologiya, oftalmologiya, pulmanologiya va ftiziatriya, endokrinologiya kabi yo'nalishlarda faoliyat ko'rsatmoqda. Ushbu markazlarda yuqori malakali, yuksak darajadagi kasb tayyorgarligiga ega kadrlar zamonaviy asbob-uskunalar yordamida yuqori texnologik tibbiy xizmatlar ko'rsatmoqda. Bu borada ayniqsa, ona va bola skrining markazlari tarmog'ining tashkil etilganini alohida ta`kidlash joiz. Ular ishga tushgan 2000 yildan buyon mamlakatimizda irsiy va tug'ma nuqsonli bolalar tug'ilishi 1,7 barobardan ziyod kamaydi. O'zbekiston joriy yilda «Bolalarni asraylik» xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan 161 mamlakatdan iborat jahon reytingida o'sib kelayotgan yosh avlod salomatligi haqida eng ko'p g'amxo'rlik ko'rsatilayotgan davlatlar orasida 9-o'rinni egallagani ham bu boradagi muvaffaqiyatlarimiz samarasidir. Mamlakatimiz Prezidentining 2009 yil 13 apreldagi «Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog'lom avlodni shakllantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi, 2009 yil 1 iyuldagi «2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog'lom bola tug'ilishi, jismoniy va ma`naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi to'g'risida»gi qarorlarida belgilangan vazifalar tug'ish yoshidagi ayollarni sog'lomlashtirish, tug'ruqlar o'rtasidagi muddatni uzaytirish, erta hamda yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikohlarning oldini olish, tibbiyot sohasi kadrlari malakasini oshirish, xomiladorlar va bolalarga tibbiy yordam ko'rsatadigan muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oilada tibbiy madaniyatni shakllantirish kabi masalalarga alohida e`tibor qaratilmoqda. Bolalar va o'smirlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishga ommaviy jalb etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar barkamol avlodni tarbiyalashda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda. Joriy yilning 28 noyabr kuni e`lon qilingan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida 2012-2015 yillarga sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish, tibbiyot muassasalari faoliyatini samaradorligini oshirish, zamonaviy talablar va standartlarga muvofiq, aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko'rsatishni ta`minlashning ustuvor yo'nalishlari belgilab berildi. Bu esa sohadagi ishlar ko'lamini yanada yuksak pog'onaga ko'tirishda muhim dasturilamal bo'lishi shubhasiz. Muvaffaqiyatlar mezoni Aytish joiz, mamlakatimiz tibbiyot tizimiga jabhaning eng ilg'or shakl va uslublarini izchil tatbiq etishda halqaro hamkorlikning mustahkam o'rni bor. Mamlakatimizda, xususan, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bilan munosabatlarga muhim ahamiyat beriladi. Mazkur nufuzli tashkilotning O'zbekistondagi vakolatxonasi xalqaro tibbiy-sanitariya qoidalarini joriy qilishda ishtirok etmoqda, aholining salomatligini muhofaza qilish to'g'risidagi xabardorligini oshirish borasida davlat tomonidan olib borilayotgan sa`y-harakatlarni qo'llab-quvvatlamoqda. Uning ko'magi bilan mamlakatimizda qator yuqumli kasalliklarni, jumladan, polioemilitni to'la bartaraf etishga erishildi. Ana shunday mustahkam hamkorlik uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 24 noyabrda qabul qilingan farmoniga muvofiq, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining sog'liqni saqlash sohasidagi faoliyatini tashkil etish va birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, xotin-qizlar va bolalar sog'ligini saqlashning Global strategiyasini amalga oshirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun I darajali «Sog'lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlandi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen xalqaro simpoziumda so'zlagan nutqida O'zbekistonda sog'liqni saqlash sohasiga, shu jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilishga ulkan e`tibor qaratilayotgani, hatto global inqirozlar davrida ham aholining salomatlik ko'rsatkichlari mutassil oshib, umr ko'rish davomiyligi yuksalib borayotganini alohida ta`kidlar ekan, jumladan shunday deydi: «Ona va bola salomatligini asrashni ustuvor vazifa etib belgilash nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun qo'yilgan to'g'ri qadamdir. Bu O'zbekistonda amalga oshirilayotgan «Sog'lom ona - sog'lom bola» milliy siyosatining nomlanishida ham o'z ifodasini topgan. O'zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan bu dastur onalar va bolalar haqida g'amxo'rlikning barcha zarur jihatlarini - birlamchi tibbiy yordam ko'rsatish va statsionar davolash, muntazam profiliktika ko'rigidan o'tkazish va shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish, emlash orqali kasalliklarni oldini olish, skrining vositasida erta tashxis qo'yish, shuningdek, bolalarda tez-tez uchraydigan baxtsiz hodisalar va jarohatlanish hollarida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko'rsatishni o'z ichiga olgan». Darhaqiqat, bugun yurtimizda sog'liqni saqlashning samarali tizimini joriy etish, shifo maskanlarini yangi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlash, shifokorlarning malakasini oshirish, tibbiy-profilaktika xizmatini muntazam takomillashtirish, sog'liqni saqlash tizimini doimiy qo'llab-quvvatlash va ushbu sohaga davlat tomonidan sarflanayotgan mablag'ning yildan-yilga oshib borilayotgani sohada erishayotgan muvaffaqiyatlarimizning asosiy omilidir. Bir so'z bilan aytganda, bugun el sog'ligini mustahkamlash, ayniqsa, ona va bola salomatligini muhofaza qilishga qaratilayotgan bunday e`tibor va g'amxo'rlik har tomonlama barkamol shaxsni kamol toptirishga mustahkam zamin hozirlaydi. Jamiyat taraqqiyoti, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi esa bugunning ma`nan va jismonan barkamol farzandlari kamoloti bilan chambarchas bog'liqdir. Ommaviy axborot vositalari materiallari asosida tayyorlandi.
67 marta o`qilgan
|
| Jamiyat ijtimoiy-siyosiy gazetasi © 2007 100000, Toshkent shahri, Buyuk turon shohko'chasi, 41-uy. Ma`lumot uchun telefonlar: 233-72-77, 233-91-55. Elektron pochta: jamiyatgzt@mail.ru, jamiat@sarkor.uz «Jamiyat» dan olingan ma`lumotlarda manba sifatida gazeta nomi ko'rsatilishi shart. Ðàçðàáîòêà è õîñòèíã UZINFOCOM. Ñèñòåìà óïðàâëåíèÿ ñàéòîì MANAGER |
|