Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ogohlik
Axborot xurujlari milliy qadriyatlar kushandasi
05.08.2011 17:13
Mutaxassislarning ta`kidlashicha, global axborot tizimining vujudga kelishi millatlar, xalqlar, qolaversa butun insoniyat taqdirini ko'zga ko'rinmas rishtalar bilan bir-biriga bog'lab qo'ydi. Mazkur tarmoqda axborot olish, uni qayta ishlash va tarqatish texnologiyasining rivojlanishi barcha sohalarda ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.

Sir emas, ayni paytda zamonaviy texnologiyalar juda tez sur`atda takomillashib bormoqda. Masalan, har birimiz telefon orqali global axborot tizimiga ulanib, dunyoning istalgan burchagidagi tanishimiz bilan muloqotda bo'lishimiz va kerakli axborotni qidirib topishimiz mumkin. Biroq, tanganing ikki tomoni bo'lgani kabi axborot ham bugungi kunda inson tafakkuriga turli yo'nalishlarda ta`sir o'tkazuvchi, yaxlit insoniyat hayotini va taqdirini u yoki bu tomonga burib yuboruvchi, turli vaziyatlarda salbiy yoki ijobiy mohiyat kasb etuvchi qudratli vositaga aylandi.

Muhim masalalardan biri

ugun axborotning salmoqli qismi internet orqali dunyoga tarqalmoqda. Bu jarayonda ayrim axborotlar ba`zi g'arazli kuchlar tomonidan muayyan strategik maqsadlarni ko'zlab tarqatilayotgani bois u axborot urushlarining asosiy quroliga aylanib borayotir. Binobarin, axborot maydonini egallash uchun kuchli raqobat ketayotgan hozirgi payt­da bir davlat ikkinchi mamlakat aholisini o'z axborot makoni ta`siriga olishga harakat qilmoqda.

Hozirda axborot texnologiyalari taraqqiyotining inson va insoniyat hayotiga ta`sir o'tkazish omillarini chuqur o'rganishni taqozo etmoqda. Boisi internet orqali amalga oshirilayotgan axborot xurujlaridan himoyalanish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Shuningdek, texnologiyalar rivojlanishi bilan internetda «kiberterrorizm» ham vujudga keldi. Bundan ayrim g'arazli maqsadlarni ko'zlagan shaxs­lar, markazlar o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda foydalanmoqda.

Bunday kuchlar global tarmoq orqali muayyan mintaqada geosiyosiy maqsadlarni ko'zlab, axborot xurujini uyushtirishga urinmoqda. Bugungi kunda internet orqali mafkuraviy ta`sir o'tkazish nihoyatda o'tkir qurolga aylanib qolayotgani hamda turli xil siyosiy kuchlar, gegemonlikka intiluvchi davlatlarning manfaatlariga xizmat qilayotganini inobatga oladigan bo'lsak, globallashuv jarayonida ularning rejalari amalga oshishida internet ayniqsa qo'l kelmoqda.

Taraqqiyot va tahdid

Har qanday axborot mazmuni, mohiyati, ta`sir etish darajasi, jamiyatga foyda yoki zarari, kishining, ayniqsa, ulg'ayib­ kelayotgan yosh avlod dunyoqarashining, tafakkurining yuksalishida  muayyan tarzda ta`sir etadi. Ushbu jarayonda globallashuv ijtimoiy taraqqiyotga ko'maklashuvchi ulkan, beqiyos kuch bo'lishiga qaramay «ommaviy madaniyat» niqobi ostida «submadaniyat», «aksilmadaniyat»ning tar­qalishiga xizmat qilayotir.

Ana shunday sharoitda salbiy ta`sir etuvchi, ijtimoiy, milliy, etnik, diniy tafovut va kelishmovchiliklarni kuchaytiruvchi, zo'ravonlik va urushni targ'ib etuvchi, pornografiya, maishiy buzuqlik, shaxslar mavqeiga, obro'si va sha`niga salbiy ta`sir etuvchi axborotlar tarqatilishini chegaralashning norasmiy, ta`birjoiz bo'lsa, inson vijdoni bilan bog'liq bo'lgan, sog'­lom aql hamda yuksak tafakkurga tayangan ma`naviy-ruhiy me`yorlariga ehtiyoj ortadi. Internet tarmog'ida axborot xuruji tobora avj olib borayotgan hozirgi paytda, yakka tartibda har bir fuqaro, har bir inson ongiga kuchli ta`sir o'tkazayotgan, keng miqyosda olganda esa jamiyat taraqqiyoti va millat taqdirini hal qilishi mumkin bo'lgan, uning taraqqiyoti yoki tanazzulini belgilashga qodir bo'lgan axborot tizimini bosh­qarish, tartibga solish, undan foydalanish me`yorlarini ishlab chiqish bugungi kunning eng muhim masalalaridan biridir. Chunki, yuqoridagi ma`naviy tahdidlar hech to'siqqa uchramay, yosh avlod ongini zaharlayverar ekan, oramizda befarq odamlar soni ortib boraveradi. Bu esa, o'z navbatida, Vatanga sadoqat, xalqiga bo'lgan muhabbat, ma`naviy yetuklik singari tushunchalarga darz yetkazadi. Davlatimiz rahbarining «Yuksak ma`naviyat -  yengilmas kuch» asarida ta`kidlanganidek, «...birovning hayotiga, yon-atrofda sodir bo'layotgan voqea va hodisalarga betaraf va beparvo qarab, shunchaki kuzatuvchi bo'lib yashaydigan odamdan qo'rqish kerak. Ulardan hech qachon yaxshilik chiqmaydi. Chunki ularda na iymon, na iroda bo'ladi. Ular hatto o'z xalqi va Vatani taqdiriga ham bamisoli begona odamdek qaraydi». 

 Zamonaviy axborot xurujlar «axloqiy urushlar» deb ham atalmoqda. Bunday urushning nishoni etib asosan inson ongi, ma`naviyati ko'zlanmoqda. Bunda ob`ektning ijtimoiy, ma`naviy-axloqiy tayanchlari, an`analarini o'zgartirish va yo'q qilish nazarda tutiladi. Pirovardida jamiyatning ma`naviy hamda milliy o'ziga xosligi, taraqqiyot tayanchlari qo'porib tashlanadi. Bu borada Prezidentimizning   nomi yuqorida qayd etilgan asarida: «Hozirgi vaqtda ko'z o'ngimizda dunyoning geopolitik, iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasida chuqur o'zgarishlar ro'y berayotgan, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, g'oyaga qarshi g'oya, jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashish har qachongidan ko'ra muhim ahamiyat kasb etmoqda» deb aytgani naqadar to'g'riligiga yana bir bor amin bo'lamiz.

Bunday sharoitda jamoatchilik fikrini chal­g'itayotgan buzg'unchi axborotlar tashqaridan, o'ziga xos «himoya qalqoni»ga ega bo'lgan makonlardan kelayotganligini nazarda tutib, zamonaviy axborot xurujini hamda uning shiddatini aniqrog'i, uning butun ko'lamini, mohiyatini, axborot zamiridagi yashirin g'oyani va axborot tarqatuvchi manba maqsadini teran anglagan holda ularga qarshi kurashda yanada sergak bo'lishimiz lozim.

Ahmadjon XOLBOBOYEV,

«Jamiyat» muxbiri

143 marta o`qilgan