Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ogohlik
Doimo yordamga shay
11.03.2011 21:10

Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, yer yuzida kuzatilayotgan iqlim o'zgarishi natijasida sel oqimlari va suv toshqinlari bilan bog'liq favqulodda vaziyatlar soni tobora ortib bormoqda. Aytish joiz, mamlakatimizda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan bunday oqibatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Buning samarasi o'laroq, o'tgan yili mamlakatimizda ro'y bergan favqulodda hodisalar soni 2009 yildagiga nisbatan ikki barobarga kamaygan. Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari kapitan Baxtiyor Baratov bilan suhbatimiz shu xususida bo'ldi.

- Bugungi kunda ko'pchilikni tashvishga solayotgan ekologik muammolar o'z-o'zidan yuzaga kelayotgani yo'q, - deydi suhbatdoshimiz. - Bunga avvalo sanoatning rivojlanishi, shu bilan birga, tabiatning ifloslanishi, o'simlik va hayvonot dunyosining kamayib borayotgani hamda inson hayot faoliyati ta`siri ham sabab bo'lmoqda. Tog'lardagi dov-daraxtlarning kamayishi yog'ingarchilik paytida ko'chki hodisalarini kelib chiqishiga olib kelsa, atmosfera havosining ifloslanishi esa havo haroratining ko'tarilishiga va natijada muzliklarning erishiga, ayrim joylarda suv toshqinlarini yuzaga kelishiga, o'rmonlarda esa yong'inlar chiqishiga sabab bo'lishi mumkin. Aslida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishdan ko'ra, uning  oldini olish samaraliroq hisoblanadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda bo'lgani kabi viloyatimizda ham suv o'zanlarini tozalash, qirg'oqlarini mustahkamlash ishlarini suv oqimi kamayadigan kuz-qish mavsumida bajarish, shu orqali suv toshqini va ko'chki hodisalari bilan bog'liq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga harakat qilinmoqda.

Boshqarmamiz xodimlari tegishli idoralar mutaxassislarini jalb etgan holda viloyatdagi daryo, kanal va soylardagi ahvol, sel kelishi, suv toshqini xavfi mavjud hududlar holatini o'rganib, tegishli shahar va tumanlar hokimliklari va tashkilotlar bilan hamkorlikda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, yuz berishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko'rmoqdalar.

- Shu o'rinda sohaga oid qonunchilik tizimini takomillashtirish, soha xodimlari faoliyatini muhofaza qilishga qaratilgan huquqiy me`yoriy hujjatlar haqida ham batafsilroq ma`lumot bersangiz...

- Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasining "Aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to'g'risida"gi, "Fuqaro muhofazasi to'g'risida"gi, "Radiatsion xavfsizlik to'g'risida"gi qonunlari qabul qilingan bo'lib, boshqarma faoliyati ana shu qonunlarda belgilangan mezonlar asosida tashkil etilgan. O'zbekiston Respublikasining "Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to'g'risida"gi Qonuni esa fuqaro muhofazasi yo'lida xizmat qilayotgan soha xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoyalashga xizmat qiluvchi muhim hujjat hisoblanadi.

Shuningdek, 2010 yilda "Aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to'g'risida"gi Qonunga ba`zi o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, yanada takomillashtirildi. Bu esa favqulodda vaziyatlar vazirligining, korxona va tashkilotlarning hamda muassasalarning favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular sodir bo'lganda oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha huquq va majburiyatlarini yanada ochiq va mukammal ifodalab berdi.

- Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi haqida gap ketadigan bo'lsa, ko'pchilikning xayolida qutqaruvchilik bilan shug'ullanuvchi kasb egalari gavdalanadi. Agar imkoni bo'lsa, soha xodimlarining asosiy vazifalari haqida batafsilroq ma`lumot bersangiz?

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 4 martdagi "O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish to'g'risida"gi Farmoni bilan mamlakatimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilib, favqulodda vaziyatlarda aholi va xalq xo'jaligi ob`ektlari xavfsizligini ta`minlash bilan birga, bunday hodisalarning oldini olish bo'yicha zarur choralarni ko'rish ham asosiy vazifa etib belgilandi. Ana shundan kelib chiqqan holda belgilangan reja asosida ob`ektlarda sohaga oid qonunlar talablarining bajarilishi nazorat qilib boriladi. Shu o'rinda bir narsaga to'xtalib o'tmoqchiman, har bir korxona rahbari shu korxona yoki tashkilotda fuqaro muhofazasi uchun mas`ul hisoblanadi. Bevosita rahbarning o'ziga bunday vazifaning yuklatilishidan maqsad yuzaga kelishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishdagi mas`uliyatini oshirish, tabiiy  ofat sodir bo'lganda favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi xizmatlar tuzilmalarining kuch va vositalaridan unumli foydalanilishini ta`minlashdir. Jumladan, 2010 yilda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan "Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga jalb etish tartibi to'g'risida"gi qaror shu maqsadga yo'naltirilgan.

- Istaymizmi-yo'qmi goh-gohida sel, suv toshqini va zilzila singari tabiiy ofatlar ro'y berib turadi. Ana shunday vaziyatlarda sodir bo'lgan tabiiy ofatni bartaraf etish uchun maxsus texnikalar va qutqaruv vositalari zarur bo'ladi. Shu nuqtai nazardan olganda boshqarmaning bu sohadagi moddiy-texnik imkoniyatlari qanday?

- Darhaqiqat, sodir bo'lgan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish va xavfli hududlarda qolib ketgan aholini qutqarib olish uchun maxsus texnika vositalari va tajribali mutaxassislar zarur bo'ladi. Agar boshqarmamizning bu boradagi imkoniyatlariga to'xtaladigan bo'lsak, ayni paytda Chirchiq va Olmaliq shaharlarida qidiruv-qutqaruv ishlari bilan shug'ullanuvchi ikkita otryadimiz faoliyat ko'rsatayapti. Ular turli xildagi zamonaviy maxsus texnika vositalari bilan ta`minlangan. Shuningdek, Chorvoq va Chimyon dam olish maskanlarida qutqaruv guruhlarimiz mavjud. Bir so'z bilan aytganda, har qanday favqulodda vaziyatlarda aholiga tezkorlik bilan yordam ko'rsatish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

- Aholining favqulodda vaziyatlarda to'g'ri harakatlanishga tayyorlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

- Albatta, yuzaga kelishi mumkin bo'lgan favqulodda vaziyatlarda aholining to'g'ri harakatlanishi odamlar xavfsizligini ta`minlashda muhim ahamiyatga ega. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 7 oktyabrdagi "O'zbekiston Respublikasi aholisini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga tayyorlash tartibi to'g'risida"gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida aholining favqulodda vaziyatlar, ularning xususiyatlari va favqulodda vaziyatlar sodir bo'lganda to'g'ri harakat qilish yuzasidan bilim va ko'nikmalarini muntazam oshirib borish masalasiga jiddiy e`tibor qaratilgan. Ayni paytda boshqarmamiz tarkibida Chirchiq va Angren aholini va rahbarlar tarkibini tayyorlash markazlari mavjud bo'lib, ushbu markazlar o'qituvchilari tomonidan aniq reja asosida viloyatimizdagi korxona va tashkilotlarda, mahallalarda, o'quv muassasalarida fuqaro muhofazasi yo'nalishida mashg'ulotlar olib boriladi. Masalan, o'tgan 15 yil davomida 60 ming nafardan ko'proq aholi ana shu markazlar tomonidan tashkil etilgan o'quv mashg'ulotlarida ishtirok etib, o'z bilim va ko'nikmalarini oshirishgan. Shuningdek, markaz xodimlari doimiy ravishda ish bilan band bo'lmagan aholi orasida ham turli uchrashuv va suhbatlar o'tkazib borishayapti.

Bunga qo'shimcha qilib shuni aytish mumkinki, joylarda reja asosida  qo'mondon-shtab va taktik maxsus o'quv mashqlarining o'tkazilishi ham aholi xavfsizligini ta`minlash, ularning bilim va ko'nikmasini oshirish, eng asosiysi, favqulodda vaziyatlar davlat tizimi quyi tuzilmalari kuch va vositalarining shayligini nazoratdan o'tkazishga xizmat qilmoqda.

Adhambek TEMIROV

suhbatlashdi.

 

222 marta o`qilgan