Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari

UZINFOCOM Markazi

Ogohlik
Favqulodda vaziyatlar: uning oldini olish omillari
05.02.2011 10:04

Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida «Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning dolzarb masalalari» mavzuiga bag'ishlangan seminar bo'lib o'tdi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda sel va ko'chkilarning oldini olish, ularni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.

Ma`lumki, keyingi yillarda sanoatning rivojlanishi va iqlim o'zgarishi natijasida dunyo miqyosida tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlarning inson hayotiga bo'lgan salbiy ta`siri ortib bormoqda. Aytish joiz, mamlakatimizda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan bunday oqibatlarning oldini olish, aholi xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Buning uchun, avvalo, mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etishga xizmat qiluvchi tizim ishlab chiqildi va uning huquqiy bazasi yaratildi. O'zbekiston Respublikasining «Fuqaro muhofazasi to'g'risida»gi, «Aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to'g'risida»gi, «Radiatsiya xavfsizligi to'g'risida»gi hamda «Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to'g'risida»gi qonunlar va sohaga oid bir qator huquqiy-me`yoriy hujjatlar favqulodda vaziyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Tadbirda ta`kidlanishicha, geologik va gidrometeorologik xavfli hodisalardan aholi va hududlarni muhofaza qilish, gidrotexnik inshootlarning sel va toshqin suvlarini betalofat o'tkazish va favqulodda vaziyatlar davlat tizimining quyi tizilmalari faoliyatini yaxshilash borasida amalga oshirilgan sa`y-harakatlar natijasida o'tgan yili 2009 yilga nisbatan fav­qulodda vaziyatlar sodir bo'lish holatlari 50 foizga kamayishiga erishilgan.

Aytish kerak, seminarning aynan Bo'stonliq tumanida tashkil etilishi ham bejiz emas. Chunki Chotqol tog' tizmalari etagida joylashgan ushbu tuman mamlakatimizning sel kelish va seysmik xavfi kuchli bo'lgan hududlardan biri hisoblanadi.

- O'tgan vaqt mobaynida favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida bu hududda daryo va o'zanlarni tozalash, gidroinshootlarning suv o'tkazish qobiliyatini oshirish, ularda doimiy nazoratni olib borishga qaratilgan qator tadbirlar amalga oshirildi,- deydi Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh­qarmasi boshlig'i Baxtiyor Sharipov. - Ammo hali yechimini kutayotgan muammolar ham yo'q emas. Ushbu seminarda favqulodda vaziyatlar davlat tizimi qo'yi tizilmalar ishini yanada yaxshilash, sel va ko'chkilar xavfi yuqori bo'lgan hududlarda amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar yana bir bor tahlil etilib, ularni bartaraf etishda mahalliy hokimiyatlar va tegishli tashkilotlar oldida turgan aniq vazifalar belgilab olindi.

Seminarda, shuningdek, favqulodda vaziyatlarning oldini olish aholi xavfsizligini ta`minlash va iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omili ekani, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida sohaga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish zarurligi yuzasidan ham fikr-mulohazalar bildirildi.

Nilufar AHROROVA

 

145 marta o`qilgan